Bosh sahifa Blog Sahifa 61

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14%gacha oshirdi

0

Regulyatorning asosiy stavkani oshirish qarori inflyatsiya darajasini 5%lik maqsadli darajaga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14%gacha ko‘tardi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishga qaror qildi. Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5%lik maqsadli darajaga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, 2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1%ni tashkil etdi.

Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3%ga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8%ga teng bo‘ldi. “Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlash pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda”, — deyiladi regulyator xabarida.

Ta’kidlanishicha, pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni bo‘yicha umumiy inflyatsiyani 7−8%gacha pasayishiga zamin yaratadi.

Toshkentdagi Etaji ko‘chmas mulk agentligi rahbari Artur Yugayning 5 xatosi

0

Artur Yugay o‘z karyerasini neft-gaz sohasida boshlab, Yaqin Sharq va Amerikada faoliyat yuritgan. 2018-yildan boshlab davlat tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan shug‘ullanib kelgan. Biroq, 2020-yilda pandemiyadan keyin biznesiga e’tiborini qaratishga qaror qilgan.

Uning dastlabki tadbirkorlik tajribasi ko‘chmas mulk bozori bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘sha paytda shahar faol qurilish jarayonida bo‘lib, loyihalar istiqbolli ko‘rinardi. “City’dagi qurilishlar avj olgan, Maxtumquli ko‘chalaridagi infratuzilma rivojlanayotgan edi. Bularning barchasi tashqi ko‘rinishdan jozibador, biroq bozorni chuqurroq o‘rganib, uning haqiqiy muammolarini anglab yetdim”, — deb ta’kidlaydi Yugay.

Arturning aytishicha, uning g‘oyasi ko‘chmas mulkni boshqarish bo‘yicha investitsiya fondini tashkil etishdan iborat bo‘lgan, biroq mavjud qonunchilik bazasi bu loyihani amalga oshirishga imkon bermagan. Masalani o‘rganish jarayonida u ko‘chmas mulk agentliklari bozorida hatto bitta ham tizimli ishtirokchi yo‘qligini payqadi. Bu jiddiy muammo bo‘lib ko‘rindi, chunki bunday agentliklar banklar, quruvchilar, investorlar va uy-joy sotib oluvchi yoki ijaraga oluvchi oddiy fuqarolarni bir-biriga bog‘laydi. Shundan so‘ng, franshiza asosida Etaji nomli ko‘chmas mulk agentligini ochishga qaror qilindi.

Tarmoqning o‘zi Tyumen shahrida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 15 ta mamlakatda 260 dan ortiq ofisga ega. Toshkentdagi ofisda hozirda 100 dan ziyod xodim faoliyat yuritmoqda.

Arturning ta’kidlashicha, kompaniyaning deyarli besh yillik faoliyati davomida bozor va ichki qarorlar bilan bog‘liq ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

Jamoaga nisbatan haddan tashqari talabchanlik

Uzoq vaqt davomida odamlarni o‘zimga qiyoslab, ambitsiya, mehnatsevarlik va o‘zini namoyon qilish nuqtai nazaridan baholab kelganman. Yollanma ishchi sifatida ishlab yurgan paytlarimda buni anglamasdim, doimo to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat qilardim. Bundan tashqari, o‘sha paytda men bilan bir xil sur’atda rivojlanayotgan yosh yigitlar bor edi. Biroq, o‘z biznesimni boshlagan vaqtimda, hamma narsa boshqacha ekanligini tushunib yetdim. Biznesda jamoa va kompaniyaning barqarorligi uchun ancha katta mas’uliyatni his qilish kerak ekan.

Mulk egasi sifatida uzoq muddatli fikrlashga intilaman. Odamlarni ishga olsam yoki jarayonlarni yo‘lga qo‘ysam, buni ko‘p yillar oldinga mo‘ljallab qilaman. Maqsadim — barqaror ishlaydigan tizim yaratish. Xuddi shunday bo‘ldi ham: birinchi yili ishga olgan odamlarim bugun jamoamning asosiy qismini tashkil etadi. Ular ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdilar — imkoniyatlarining chegarasida ishlab, ba’zida haqiqatan ham ko‘z yoshlari va ter to‘kib mehnat qilishga majbur bo‘ldilar. Ularni doimo rag‘batlantirardim, shoshiltirar, tushuntirar edim, lekin vaqt o‘tishi bilan “men qila olsam, ular ham qila oladi”, degan qarashim noto‘g‘ri ekanligini anglab yetdim. Har kimning energiya darajasi, ko‘nikmalari, tajribasi va ma’lumoti turlicha. Hamma odamni bir qolipga solishning iloji yo‘q.

Haddan tashqari talabchanligim xodimlarning charchashiga va ular bilan kelishmovchiliklarga sabab bo‘lardi. Asosiy tushunchalardan biri maqtovning yo‘qligi edi. Rag‘batlantirishlarga e’tibor bermasdan ishlashga o‘rganib qolganman. Menga bu kerak emas, lekin jamoa bu masalada o‘zlarining mendan farq qilishini ko‘rsatdi.

Xodimlarim menga ochiqchasiga: “Bizga maqtov, ijobiy fikr-mulohazalar yetishmayapti”, — deb aytishdi. Dastlab hayron qoldim, ammo shunday qila boshlaganimda, yanada kattaroq natija ko‘rdim. Ma’lum bo‘ldiki, odamlar e’tirofni eshitishni muhim deb bilar, hamma o‘zimga o‘xshash bo‘ladi, deb o‘ylash noto‘g‘ri ekan.

Vaqt o‘tishi bilan jamoa bilan ishlashga moslashuvchanroq yondashish zarurligini tushunib yetdim. Shuningdek, barcha ham doimiy rivojlanishga intilmasligini angladim. Men uchun uzluksiz o‘z ustimda ishlash muhim, ammo bu hammaga ham kerak emas. Shunday odamlar borki, ular o‘zlarida mavjud narsalar bilan qanoatlanadilar va o‘z qulaylik doiralarida baxtli yashaydilar. Ilgari buni salbiy baholardim, biroq vaqt o‘tib, buning hech qanday yomon tomoni yo‘qligini tushundim. Eng muhimi, insonning tanlovini hurmat qilishdir, chunki tazyiq ko‘pincha faqat munosabatlarning buzilishiga olib keladi.

Endi men jamoaning kuchli tomonlari va har bir a’zoning shaxsiy motivatsiyalariga ko‘proq e’tibor qaratishga harakat qilayapman, hammani o‘zimga moslashtirish o‘rniga. Hatto vaziyat yaxshi bo‘lmasa ham, ijobiy kayfiyatni saqlab qolishga intilaman. Ba’zida bo‘lim rahbarlari juda murakkab holatlarda muammoni ijobiy ohangda tahlil qilganimda hayron qolishadi. Ular: “Nega xursandsan? Nega g‘azablanmayapsan?”, — deb so‘rashadi.

Javobim oddiy: g‘azab muammoni hal etmaydi. Hissiyotlarga berilib ketish o‘rniga, vaziyatni qanday hal qilishni xotirjamlik bilan muhokama qilishni, so‘ngra xulosa chiqarishni va kelajakda shunga o‘xshash holatlarning oldini olish yo‘llarini kelishib olishni taklif etaman.

Kompaniyaning ish samaradorligi uning o‘sish sur’atiga yetib bora olmadi

Etaji o‘z faoliyatini boshlaganida, strategiyamiz tez va dadil o‘sishga qaratilgan edi. Dastlabki ikki yil ichida bozordagi eng yirik kompaniyaga aylanib, raqobatchilarimizdan ancha ilgarilab ketdik va bozor yetakchisi sifatidagi o‘rnimizni mustahkamladik. Biroq, o‘tmishga nazar solsam, o‘sha paytda bunday tezlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglamaganligimni tushunib yetmoqdaman.

Uchinchi yili o‘sish sekinlashdi va dastlab buning sabablarini tushunmadim. Vaziyatni to‘g‘rilashga urinib, jamoani “qistaydigan”, shoshiradigan va undan ko‘proq samara talab qiladigan bo‘ldim. Ammo keyinchalik bu natija bermasligini angladim, chunki kompaniyaning o‘sishi tizimning rivojlanishidan o‘zib ketgandi. Biz keyingi taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlay oladigan mustahkam tuzilmani yaratishga ulgurmagan edik.

Muammo shundaki, har qanday kompaniya insonlar negizida quriladi. Odamlarga esa o‘zgarishlarga ko‘nikish, o‘z ishining barcha nozik tomonlarini tushunib yetish, barqaror ish sur’atini shakllantirish va samaradorlikni oshirish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ichki jarayonlarni yaratish va takomillashtirish ham uzoq vaqt talab etadi. Bu uzoq va murakkab yo‘l, ayniqsa turli tajriba, yondashuv va qarashlarni o‘zida mujassam etgan ko‘plab xodimlar faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalar uchun yanada qiyinroq kechadi. Bu men uchun muhim saboq bo‘ldi. Tushundimki, tezlashishdan oldin xatolar ustida ishlab, jarayon va ishchi kuchini qayta tuzish orqali yangi tezlikda oldinga intilish mumkin.

Yig‘ilishlarning birida bu vaziyatni jamoamga o‘smir timsolida tushuntirib berdim. Bola o‘smirlik davriga kirganda to‘satdan o‘sa boshlaydi, gavdasi noqulay, harakatlari beso‘naqay, ko‘pincha tashqi ko‘rinishi ham xunuk bo‘lib qoladi. To‘laqonli, baquvvat insonga aylanish uchun bu bosqichni boshdan kechirish zarur. Kompaniyamiz ham xuddi shunday: biz tez sur’atda o‘sdik, ammo hali o‘z resurslarimiz va imkoniyatlarimizni to‘g‘ri boshqarishni o‘rganib ulgurmaganmiz.

Hozirgi vazifamiz ichki tuzilmani mustahkamlash va rivojlanishning har bir bosqichida moslashtirib boriladigan barqaror boshqaruv tizimini yaratishdan iborat.

Imkoniyatlarimni haddan tashqari baholab yubordim

Kompaniyaning jadal o‘sishining birinchi yilida o‘zimga ishonch paydo bo‘ldi va bizda hammasi yaxshi ketayotgani uchun endi bozorni o‘zgartira olaman, deb o‘yladim. Uni mijozlar, quruvchilar va banklar uchun qulayroq qilmoqchi edim. Bu g‘oyalar yaxshi va barcha ishtirokchilarga foyda keltiradi, deb o‘ylagan edim. Biroq, haqiqat boshqacha bo‘lib chiqdi. Ko‘chmas mulk bozorining ko‘p yillik “o‘yin” qoidalarini o‘zgartirish deyarli imkonsiz ekan. G‘oya ajoyib bo‘lsa ham, bozor ishtirokchilarining ko‘pchiligi bunga ehtiyoj sezmasdan, yangi g‘oyalarni qabul qilmaydi. O‘zimni devorga urayotgandek his qildim, toki yolg‘iz o‘zgarishlar qilish uchun hali yetarlicha katta emasligimni tushunib yetmagunimcha.

Shunda men shunday xulosaga keldimki, bozorga ta’sir ko‘rsatish uchun juda kichik bo‘lganingizda, tezkor global o‘zgarishlarga urinishlar samarasiz bo‘lib qoladi. Agar sizning ulushingiz bozorning kamida 30 foizini tashkil etsa, u holda sezilarli o‘zgarishlarga erishish imkoniyatingiz paydo bo‘ladi.

O‘ylab-o‘ylab, mayda qadamlar bilan harakat qila boshladim. Masalan, biz bozorga endi kirib kelganimizda, bu yerda ko‘chmas mulk agentliklari bilan hamkorlik qilish amaliyoti yo‘q edi. Biz o‘z xizmatlarimizni taklif qila boshladik, lekin bizni tushunishmadi yoki hamkorlik qilishdan bosh tortishdi. Bunday hamkorlikning foydasini isbotlash uchun biz foydani qurbon qilishga qaror qildik va uchta quruvchi bilan natija uchun tannarx bo‘yicha ishlay boshladik.

Va bu ijobiy natija berdi. Biz agentlik kanali bilan ishlash samarali ekanligini ko‘rsatdik va yana bir yil o‘tgach, ko‘plab quruvchilarning o‘zlari hamkorlik qilish uchun bizga murojaat qila boshladilar. Asta-sekin biz birlamchi uy-joy segmentida eng yirik o‘yinchi sifatida mustahkamlandik.

Rossiya ish mexanizmlarini joriy etishga urinish

O‘zbekistonga Rossiyadan kelgan franchayzerning boshqaruv tizimini joriy qilishga urinish katta xato bo‘ldi. Franshiza asosida faoliyat yuritganimiz sababli, biznesni boshlashda tayyor mexanizm, standart boshqaruv tizimlaridan foydalanmoqchi edim. Buni amalga oshirish uchun moliyaviy mablag‘, vaqt sarflab bir necha bor urinib ko‘rdik. Boshidanoq bozorning rivojlanish darajasi, mehnat resurslarining xususiyatlari bu yerda mutlaqo boshqacha ekanligi ayon edi. Shunga qaramay, boshqalarning tizimini moslashtirish uchun qat’iyat bilan harakat qilishda davom etdik, ammo oxir-oqibat bu samarasiz ekanligini tushunib yetdik.

Bunga bir qancha omillar ta’sir ko‘rsatdi:

  • bozorning rivojlanish bosqichi;
  • mahalliy mentalitetning o‘ziga xos xususiyatlari;
  • mehnat bozoridagi vaziyat;
  • butunlay boshqacha qonunchilik. Rossiya ko‘chmas mulk bozorida mavjud bo‘lgan, ammo bu yerda hali paydo bo‘lmagan, yaqin kelajakda paydo bo‘lishi ehtimoli past bo‘lgan asosiy vositalar hamda mexanizmlarning yo‘qligi.

Shularni hisobga olgan holda, biz boshidanoq ishni boshqacha tashkil etishimiz va buni yanada moslashuvchanroq qilishimiz kerak edi.

Yaqinda bu g‘oyadan butunlay voz kechdik. Endi barcha jarayonlar hamda boshqaruv tizimini mutlaqo boshqacha yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bunga erishish uchun ancha vaqtimiz ketib, jiddiy moliyaviy xarajatlar talab etildi. Menimcha, bu eng katta xatolarimizdan biri bo‘lgan. Bozorlar o‘rtasidagi farqni anglagan bo‘lsak-da, baribir boshqalarning modelini o‘zimizga moslashtirmoqchi bo‘ldik — biroq bu befoyda bo‘ldi. Taxminan bir yildan so‘ng, hozirgi kunda o‘z faoliyatimizga kiritayotgan barcha o‘zgarishlar ro‘yxatini aniqroq tarzda e’lon qila olamiz.

O‘zini ayamasdan ishlash

Karyeram 30 yoshimgacha shiddat bilan rivojlandi. Maqsadga intiluvchan inson edim, 24/7 ishlash muvaffaqiyatga erishishning yagona yo‘li, deb hisoblardim.

Hayotimdagi eng yorqin misol neft va gaz sohasidagi faoliyatim bo‘ldi. Bir safar taxminan $20 mlnlik yirik loyihaga rahbarlik qildim. Bu loyihada har qanday kechikish kompaniyaga soatiga o‘n minglab dollarga tushardi. O‘shanda shaxsiy rekord o‘rnatdim — 72 soat davomida deyarli ovqatlanmasdan va uyqudan voz kechib ishladim. Loyiha yakunlangach, bir necha kun davomida hayotdan butunlay uzilib qoldim. Odatiy kunim ertalab soat 5:30 da mashg‘ulotlar bilan boshlanardi. So‘ngra ish, uchrashuv, muzokara, tadbirlar — yarim tundan keyin uyga qaytish, ozgina uyqu va yana hammasi qaytadan takrorlanardi. Kasbiy faoliyatdagi e’tiborga loyiq yutuqlarga qaramay, bu hayotimda o‘z izini qoldirdi. 30 yoshga yetganimda quvvatim kamayib, sog‘lig‘im yomonlashayotganini seza boshladim. Kuch-quvvatim boricha ishlab kelayotgan edim, toki tanam menga signal bermaguncha.

32 yoshimda yangi katta loyihani boshlash arafasida, to‘satdan isitmam ko‘tarilib, bir hafta davomida pasaymadi. Oqibatda bir oy kasalxonada davolanishga majbur bo‘ldim, shifokorlar esa to‘liq sog‘ayish uchun bir yil kerak bo‘ladi, deb ogohlantirishdi.

Kasalxonadan chiqqanimdan so‘ng, hayot tarzimni butunlay qayta ko‘rib chiqishimga to‘g‘ri keldi. Ortiqcha jismoniy zo‘riqishlardan voz kechib, ish sur’atimni pasaytirdim, sog‘lig‘imni diqqat bilan kuzatishni boshladim. Qaytadan hayotda yashashni o‘rganishga hamda prinsiplarni qaytadan belgilashga to‘g‘ri keldi. Chunki natijalar ortidan to‘xtovsiz quvish nafaqat sog‘liqqa, balki yaqinlar bilan munosabatlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini tushunib yetdim.

Hozir ish, dam olish va o‘zimga g‘amxo‘rlik qilish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga harakat qilyapman. Uyquga ko‘proq e’tibor qaratib, kamida olti soat uxlashga odatlanganman. Ish va shaxsiy vaqtni aniq chegaralab, charchashning dastlabki alomatlarini sezganimda o‘z vaqtida to‘xtashni o‘rgangandim. Bu tajriba men uchun qimmatli saboq bo‘ldi: sog‘liqsiz uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Endi o‘zimga va oilamga zarar yetkazmasdan yanada samarali ishlayman.

“Korzinka” marketing direktori Malik Karimov tavsiya qilgan 5ta kitob va ikkinchisi

0

“Hech qanday murosaga o‘rin yo‘q”, Kris Voss

“FBR»ning sobiq agentidan biznes va hayotda qo‘llaniladigan muzokara olib borish taktikalari.

Kitob oddiy biznes kelishuvlaridan tortib, shaxsiy hayotdagi nozik vaziyatlargacha bo‘lgan turli sohalarda ham foydali. Vossning asosiy yondashuvi — muzokaralarni o‘zaro foyda keltiruvchi yechimga aylantirish uchun odamlar psixologiyasini chuqur anglash va samarali muloqot uslublaridan foydalanishdir.

U o‘z tajribasi asosida ko‘plab real hayotiy misollarni keltiradi. Kitob nafaqat biznesmenlar va menejerlar uchun, balki har kuni turli muhokamalarda qatnashadigan har bir inson uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. U murakkab vaziyatlarda muzokaralarni muvaffaqiyatli olib borish uchun ajoyib qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov

Yoshlar va ayol tadbirkorlar loyihalariga 5 trln so‘m yo‘naltiriladi

0

2025-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga 10 mlrd ajratiladi. Bu yo‘nalishdagi tadbirkorlar uchun 120 trln so‘m resurs beriladi.

2025-yilda kichik va o‘rta biznes loyihalari uchun 120 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda 19-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Mamlakatda kichik va o‘rta biznes ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylangani qayd etildi.

Kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paydi, ularda ishlayotganlar spni 10,5 mlnni tashkil etadi. Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri keladi. “O‘zgarishlarga tez moslashadigan, yangilik va raqobatdan qo‘rqmaydigan, muhimi, odamlarni ishli qilib, daromadini ko‘paytirishda eng faol soha ham bu — kichik biznes. Shu bois, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident 2025-yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalarga to‘xtaldi. Bular qatorida kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55% ga ko‘tarib, $70 mlrdlik qo‘shilgan qiymat yaratish bor.

Shu bilan birga, yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini $9 mlrddan $12 mlrdga olib chiqish, ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2−3 karra oshirish belgilanmoqda. Sohada 1,5 mln doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushi 75% ga yetkaziladi, 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalar soni 4 mingtaga olib chiqiladi.

Prezident kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yishni hamda ular ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirishni topshirdi.

Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan ishlab chiqilgan dasturga 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 mlrd ajratiladi. “Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan”, — dedi davlat rahbari.

Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trln so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan jami 5 trln so‘mi yoshlar va ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2% arzon bo‘ladi.

2025-yildan kichik biznesga 300 mln so‘mgacha kredit berish boshlandi. Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga uning 150 mln so‘mi garovsiz beriladi. Oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Mutasaddilarga oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkonini yaratish topshirildi.

Kichik va o‘rta biznes uchun yangi talablarga uch yillik moratoriy joriy etiladi

0

Endi oxirgi uch yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshmagan va soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.

Kichik va o‘rta biznes uchun yangi talablarga uch yillik moratoriy joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohani rivojlantirish masalalariga bo‘yicha o‘tkazilayotgan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Ya’ni, katta-kichik biznesning barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Natijada ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutayotgani ta’kidlandi. Muloqotda bu jarayon soddalashishi e’lon qilindi.

Endi oxirgi uch yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi. 2028-yilgacha QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan. “Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilinadi”, — dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, fermerlarning soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trln so‘mlik penyasini undirishdan voz kechiladi.

Uchrashuvda dunyoda sun’iy intellekt, innovatsiya, raqamli va “yashil” texnologiyalar, kreativ xizmatlar orqali “katta sakrash” bo‘layotgani qayd etildi. Mamlakatning betakror tabiati, tog‘ va yaylovlari, tarixiy obidalari kino industriyasi, konsert-tomosha faoliyati va turizmda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.

Masalan, “Ichan qal’a” tarixiy kino va serial olish uchun tayyor sahna. Ko‘p davlatlar bunday sahna paviloni qurishga millionlab dollar sarflayapti. Yoki, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qo‘qon, Namangan kabi yirik shaharlarda xalqaro ko‘rgazma, forum va konsertlar o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar bor. “Men ham mana shunday sohalarda loyiha qilaman, degan intiluvchan tadbirkorlarga eng qulay sharoitlar yaratib berishga tayyorman”, — dedi davlat rahbari.

Joriy yilgi qabul uchun test topshiriqlari soni va baholash tartibi tasdiqlandi

0

Abituriyentlarga jami 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘i beriladi hamda 189 ballgacha to‘plash mumkin.

2025/2026-o‘quv yili qabuli uchun test sinovi topshiriladigan fanlar bo‘yicha topshiriqlar soni va baholash mezoni tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Bu bo‘yicha vazirlikning tegishli buyrug‘i qabul qilindi hamda baholash talablari o‘tgan yilgi tartibda o‘zgarishsiz qoldi. Hujjat mamlakat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar uchun test topshiriqlari soni hamda baholash tartibini belgilaydi.

Unga ko‘ra, barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan uchun baholash tartibi quyidagicha:

  • ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) x 10 ta;
  • matematika x 10 ta;
  • o‘zbekiston tarixi x 10 ta.

Bunda jami 30 ta savol uchun 1,1 balldan jami 33 ball hisoblanadi.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan 2 ta fan bo‘yicha esa quyidagicha:

  • 1-fan — 30 ta savol x 3,1 ball = 93 ball;
  • 2-fan — 30 ta savol x 2.1 ball = 63 ball.

Bunda jami 60 ta savol uchun jami 156 ball beriladi. Joriy yilgi qabulda abituriyentlarga umumiy 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball jami 189 ballni tashkil etadi.

Bundan avval vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan kirish test sinovlarida abituriyentning bilimini baholash uchun javoblar varaqasi namunasi tasdiqlangandi.

Fanlar majmuasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

2024−2025 o‘quv yilida davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida bir vaqtda o‘tkazilgandi.

Bunda abituriyentlar testni 1 marotaba topshiradi va to‘plagan bali bilan dastlab oliygohga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. Agar bali OTMga yetmay qolsa, professional ta’lim tashkilotiga kirish uchun qatnashishi mumkin bo‘ladi.