Bosh sahifa Blog Sahifa 36

Laziz Gulyamov Pie Republic’dan ketishi, L’Artisan’ning ochilishi hamda qandolatchilik biznesi haqida

0

Laziz Gulyamov ning qandolatchilikka qiziqishi yoshligidanoq boshlangan. 2000-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning filologiya fakultetini tamomlab, Janubiy Koreyaga o‘qish va ishlash uchun yo‘l oladi. Muhojirlikdagi hayoti esa bolalikdagi orzusi — qandolatchilikni o‘rganishga turtki bo‘ladi.

Xorijda ishlab va o‘qib yurgan vaqtida qandolatchilik tanlovi SIBA-2009’da ishtirok etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritadi. So‘ng O‘zbekistonga qaytib, Ecorn qahvaxonasi va Caravan Group restoranlar tarmog‘ida faoliyat yuritadi.

Shuningdek, sherigi bilan birgalikda Pie Republic qahvaxonasiga asos soladi. U yerda faoliyatini yakunlagach, shaxsiy brendi — jelato va qandolatxona L’Artisan‘ni ochadi.

Gulyamov Spot’ga Koreyadagi muhojirlik hayoti, restoranlar biznesi hamda L’Artisan’ni ochishga qancha mablag‘ sarflagani haqida gapirib berdi.


Laziz, aytingchi, qandolatchilikka qiziqishingiz nimadan boshlangan?

Onam sabab, men va singillarimga ovqat pishirish, shirinliklar tayyorlash bolalikdan tanish mashg‘ulot bo‘lgan. Yozgi ta’til kunlari esa meni turli hunarmandlar yoniga shogirdlikka berganlar.

Shu tariqa 12 yoshimda non zavodida ishlaganman. Chorsu bozoridagi choyxonada o‘tgan kunlarim hamon yodimda. Balki shuning uchun ham hech qachon faqat bitta yo‘nalishga bog‘lanib qolmaganman.

Yillar o‘tib, Janubiy Koreyaga o‘qish va ishlash uchun borganimda qandolatchilikka qiziqishim yana jonlandi, chunki bu soha u yerda ancha rivojlangandi.

Janubiy Koreyaga ketmasingizdan avval Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universiteti filologiya fakultetini tamomlagansiz. Xorijga chiqishingizga nima turtki bo‘lgan?

1996-yili maktabni tugatib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning filologiya fakultetiga qabul qilindim. O‘qishni tugatgach, maktab va kollejda o‘qituvchilik qildim, keyin esa chamasi bir yilcha Bektemir hokimiyatida “zamhokim” yordamchisi vazifasida ishladim. So‘ng Toshkentgazta’minot tizimiga o‘tdim.

Harbiy leytenantlik unvonim bo‘lganligi bois davlat idoralariga ishga kirishga harakat qildim. Birinchi urinishda rad etildim, ikkinchisida esa “hujjatlaringiz 9 oy davomida ko‘rib chiqiladi”, degan javobni oldim.

l'artisan, laziz gulyamov

Foto: Le Cordon Blue maktabida. Laziz Gulyamovning shaxsiy arxividan.

O‘sha paytlar tanishlarim: “Migratsiya agentligi orqali o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga ishlashga ketishyapti, hujjat topshirib ko‘r”, deb maslahat berishdi. Avvaliga ishonmadim, lekin baribir tavakkal qilib hujjat topshirdim.

2005-yil bahorida bir necha joyga topshirgan hujjatlarimdan javob xatlari kela boshladi. Davlat idorasi va Koreya o‘rtasida tanlov qilishga to‘g‘ri keldi — oxir-oqibat Koreyaga ketishga qaror qildim.

Bir vaqtning o‘zida ham og‘ir sanoat, ham nafis san’at bilan shug‘ullanish oson emas. Koreyada ishlab yurgan paytingizda qandolatchilikni o‘rganishga qanday imkon topgansiz?

Koreyaga yetib borgach, Tech Glass zavodida ishlay boshladim. Bu — o‘zimizdagi Akfa zavodiga o‘xshash bo‘lib, asosan steklopaketishlab chiqarardik. Ingliz tilini yaxshi bilganim sabab oradan ko‘p vaqt o‘tmay injenerlik lavozimiga o‘tkazishdi. Ishim nisbatan erkinroq bo‘lib, bo‘sh vaqtim ko‘p edi.

Yoshligimdan til bilishni kasb emas, imkoniyat deb bilganman. Koreyada qandolatchilik sohasi rivojlanganini ko‘rib, bunga qiziqishim ortdi. Bo‘sh vaqtlarimda Seulda turli qandolatchilik mahsulotlarini tatib ko‘rib, ularni yoqtirib qoldim.

So‘ngra bo‘sh vaqtimga mos keladigan, qandolatchilikni o‘rgatadigan Institute of baking nomli o‘quv maskanini topib, shirinliklar tayyorlash texnologiyasini o‘rganishni boshladim. Kursga oyiga $1000 ga yaqin to‘lov qilardim.

Dushanbadan jumagacha kunduzlari zavodda ishlardim, kechqurun esa boshqa shahardagi o‘quv kursiga qatnardim. Keyinchalik sugar art bo‘yicha ham tahsil oldim.

Ustozim Choi Duri SIBA-2009 tanlovida qatnashishni taklif qilganida, aslida men allaqachon O‘zbekistonga qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgandim. Gap shundaki, Migratsiya markazi menga qandolatchilik sohasida ishlashga ruxsat bermagandi — berilgan vizam faqat zavod ishlariga mo‘ljallangan edi.

Shuning uchun ishdan bo‘shab, qaytish chiptamni olish arafasida edim. Ammo ustozimning taklifi o‘ylantirib qo‘ydi: tanlovda qatnashmasdan ketishga ko‘nglim chopmadi. Ikki oycha tinimsiz tayyorgarlik ko‘rib, nihoyat, bosh sovrinini qo‘lga kiritdim. Afsuski, migrant maqomim tufayli tanlovda o‘z ismim bilan ishtirok eta olmaganman.

Koreyadan orttirgan bilim va ilhom bilan vataningizga qaytgach, bu yerda taqdir sizni qanday sinovlar va imkoniyatlar bilan qarshi oldi? Qandolatchilikda o‘z yo‘lingizni topish oson kechdimi?

2009-yilning kuzida Toshkentga qaytdim. O‘zbekistonda o‘sha vaqtda chizkeyk, tiramisu kabi desertlar deyarli tanilmagan edi. Janubiy Koreyada o‘rgangan texnikalarimni bu yerda qayerda ishlatish mumkinligini o‘ylay boshladim.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 2010-yil bahorida Caravan Group’dan taklif tushdi. Bu guruhga tegishli bo‘lgan yirik qahvaxona va restoranlar tarmoqlarida ilk bor zamonaviy desertlar menyusini yaratish, mahsulot sifati ustida ishlash imkonim bo‘ldi.

Koreyadan olib kelgan 20 ga yaqin maxsus jurnallar asosida yangi retseptlar, texnologiyalar joriy etdik. Masalan, birinchi kuniyoq menyuni yangilab, makaron tayyorladim — bu desertni ko‘pchilik ilk marta ko‘rgan edi.

Hammasi iziga tushgach, u yerdagi faoliyatimni tugatdim.

Nega?

Chunki hayotda shunday bosqich bo‘ladi — siz o‘zingizga topshirilgan ishni uddalaysiz, lekin keyingi qadam uchun sizga boshqa joy, boshqa muhit kerak bo‘ladi.

Caravan group’dan ketganingizdan keyin City makon’da ishlagansiz. Aynan mana shu paytdan boshlab shaxsiy brendingiz rivojlana boshlagan, nazarimda. Bu davrda qanday “burilish” qilgansizki, odamlar sizni eslab qolishni boshlagan?

2013-yil. City makon’da ish boshladim — u yerda Belgiya vaflilari, muzqaymoqlar tayyorlab ko‘rdim. Afsuski, oradan ko‘p o‘tmay ma’lum sabablarga ko‘ra joy yopildi.

Shu vaqtda shogirdlarimdan biri Sarvar Muhammedov ijtimoiy tarmoqda sahifa ochishni tavsiya qildi. Dastlab ikkilanib turdim, lekin sahifa ochish — eng to‘g‘ri qarorlarimdan biri bo‘lganini hozir ham his qilaman. Aynan shu paytdan boshlab shaxsiy brendim shakllana boshladi.

Keyin Ecorn qahvaxonasi ustida ishlay boshladik. Qahvaxona joylashgan hudud avval velosiped ta’mirlanadigan kichik bir joy bo‘lgan. Sekin-sekin u yerni o‘zgartirdik, ichki muhitni ham, xizmat sifatini oshirdik. Muhimi — bu yerga bir emas, bir nechta yaxshi mutaxassislar, fidoyi xodimlarni jamlay oldik.

l'artisan, laziz gulyamov

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Natijada Ecorn oshxonasi sezilarli o‘sdi. Non, desert va qahva — har bir yo‘nalishda yangi bosqichga chiqdik. Vaqt o‘tib, Ecorn shunchaki qahvaxona emas, odamlar qayta-qayta keladigan, o‘zini erkin his qiladigan joyga aylandi.

Lekin vaqti kelib, biznes yaxshi yo‘lga qo‘yilgach, u yerdagi faoliyatimni ham yakunlash va yangi bosqichga o‘tish vaqti kelganini tushundim.

Ecorn’ni oyoqqa turg‘izish vaqtida olgan eng katta xulosangiz qanday bo‘ladi?

Ko‘rimsiz, odamlarsiz joylarni ham to‘g‘ri yondashuv va ijtimoiy tarmoqlar orqali jozibador makonga aylantirish mumkinligini tushundim.

Ecorn’dan ketganingizdan keyin Pie Republic’ni ochganmisizlar? Kimning tashabbusi bilan ochilgandi?

Ha, Ecorn’dagi faoliyatimni yakunlaganimdan so‘ng, Sulhi Hasanov yonimga kelib, yangi joy ochish taklifini berdi. Aslida, bunday takliflar ko‘p bo‘lardi — ikki joy ochganingizdan keyin, odamlar sizni kuzata boshlaydi, “nimanidir bilsa kerak”, deb ishonch bildiradi.

U bilan bu haqda gaplashdik, kerakli uskuna va joyni topdik. Sulhi sarmoya kiritdi, men esa ishga kirishdim. Natijada — Pie Republic ochildi.

Bir narsaga amin bo‘ldim: Ecorn, Pie Republic ham kishi bilmas joylarda ochildi. Hammasi oddiy narsadan boshlanadi: atrofni ozoda qilasiz, chiroqlar osasiz, tartibga keltirasiz.

Shundan keyin odamlar kelishni boshlaydi. Keyin qarasangiz, yoningizda yana bir kafe ochiladi. So‘ngra ikkinchisi. Asta-sekin bu joy o‘z-o‘zidan gastronomik markazga aylanishi mumkin. Buni sun’iy qilishning iloji yo‘q — tabiiy rivojlanishi kerak.

Pie Republic hammuassligidan ketishingizga nima sabab bo‘lgan?

O‘sha paytlar biz aeroport yaqinida Pie Republic’ning yangi filialini ochayotgan edik. Shu bilan birga, 2022-yil bahorida hokimiyat tomonidan Parijga malaka oshirish uchun yoshlarni yuborish loyihasi e’lon qilindi. Tanlov 35 yoshgacha bo‘lganlar uchun edi. Meni va Bahriddin Chustiyni (O‘zbekistondagi mashhur oshpazlardan biri — Spot izohi) yoshlarni saralash uchun hakam sifatida taklif qilishdi.

Men o‘sha vaqtda 45 yoshda edim. Ammo, orzuim — qandolatchilik bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi maktablarda o‘qish edi. Pie Republic’dagi sheriklarimga bu imkoniyatni tushuntirdim, ular bilan ochiq gaplashdim.

Lekin siz hakam bo‘lgansiz, qanday qilib loyihani “ichiga” tushib qoldingiz?

To‘g‘risi, bu biroz kutilmagan hol bo‘ldi. Tanlov e’lon qilindi, lekin yoshlar qiziqish bildirmadi. Biz tarmoqlarda yana e’lonlar berdik, hatto dastlabki shartlar — ingliz tili, 35 yoshgacha bo‘lishi, 5 yillik tajriba ham yengil edi. Shunga qaramay, kerakli 50 nafar nomzodni to‘play olmadik. Shunda yosh chegarasi ham bekor qilindi.

Oxiri, kutilmaganda o‘zim ham shu guruh bilan Parijga ketdim.

l'artisan, laziz gulyamov

Foto: Parijga malaka oshirish uchun ketgan jamoa. Laziz Gulyamovning shaxsiy arxividan.

Qaytib kelganimdan keyin Pie Republic’dagi muhit o‘zgarganini sezdim. Yo‘l va maqsad boshqa tomonga qarab ketayotganini his qildim. Shunday qilib, hammuassislikdan chekinishga qaror qildim.

Nahotki, millionlab aholi ichida qandolatchilikka qiziqadigan, malaka oshirishni istaydigan odam topish shunchalik qiyin bo‘ldi? Sizningcha, bunga nima sabab? O‘zbekistonda bu soha bo‘yicha ta’lim muassasalari yetarli emasmi?

To‘g‘risi, hayratda qolganmiz. Qahvaxonalar, restoranlar O‘zbekistonda juda ko‘p, lekin aynan qandolatchilik sohasi bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lganlar — kam.

Ko‘pchilik oshpazlikni ustoz-shogirdlik an’anasi orqali o‘rganadi. Bu yaxshi, lekin aynan qandolatchilik bo‘yicha ta’lim muassasalari deyarli yo‘q. Oldin kollejlar oshpazlikka ixtisoslashgan bo‘lardi, hozir u ham yo‘qoldi.

Shunday bo‘lsa-da, hozir yoshlar ijtimoiy tarmoqlar, YouTube orqali o‘rganib, amaliyotda o‘z yo‘lini topmoqda. Aynan shunday mustaqil o‘rganishga jur’at qilganlarni ko‘rganimda, quvonaman.

Shuncha voqealar, loyihalar, burilishlar fonida muzqaymoq, sorbetlarga muhabbatingiz qanday paydo bo‘ldi?

Pie Republic’dagi faoliyatim davomida birinchi bor muzqaymoq tayyorlaydigan texnika bilan ishlashga to‘g‘ri keldi. O‘shandan boshlab bu mahsulotga qiziqishim paydo bo‘lgan.

Hammuassislikdan ketganimdan keyin Italiyaga bordim. U yerda har yili shirinliklar festivali o‘tkaziladi. O‘sha yerda haqiqiy muzqaymoq va sorbetlar qanday qilinishini o‘rganib, bu ishga yanada jiddiy yondasha boshladim.

Shundan so‘ng bu nafaqat qiziqish, balki kasb darajasidagi muhabbatga aylandi. Aynan shu yo‘nalishda o‘z biznesimni boshlashga qaror qilganman.

L’Artisan’ning ochilishi haqida gapirib bera olasizmi? Qancha mablag‘ bilan boshladingiz?

L’Artisan’ni 2025-yil 21-mart kuni ochdik. Bu safar men ko‘proq o‘zimga — shaxsiy brendimga urg‘u berdim. Ta’mirni boshlaganimizda rosa kulgandim: konditer ham o‘zim, loyiha menejeri ham, oshxona mas’uli ham — barchasi o‘zim edim (kuladi). Odatda bunday joylarda har bir ishga alohida mas’ul bo‘ladi, bu yerda esa ishning barcha og‘irligi dastlab menda bo‘ldi. Hozir jamoada 10 nafar xodim ishlayapti.

Joyimiz katta emas — 50−60 kvadrat metr atrofida. Ta’mir ishlariga $50 ming atrofida mablag‘ ketdi. Texnikaga esa qariyb $100 ming sarfladik. Masalan, muzqaymoq vitrinasini Italiyadan $13,5 mingga olib keldik, jelato uskunasi esa $30 mingga tushdi. Umuman olganda, bu biznesni $150 ming atrofidagi sarmoya bilan boshladik.

Bugungi kunda restoran ochish modaga aylangan. Ko‘pchilik asosiy pulni — masalan, $150 ming bo‘lsa, shundan $120 mingini ta’mirga sarflaydi. Lekin men aksincha qildim: L’Artisanda sarmoyaning 2/3 qismini aynan oshxonaga yo‘naltirdim.

Odatda ko‘pchilik restoran ochganda eng oxirida oshxonani o‘ylaydi — bir chekkadan kichkinagina joy ajratadi, uskunalarni esa iloji boricha arzoniga olishga harakat qiladi. Hammasi ko‘rinishga qaratilgan: devorlarga qimmat bo‘yoq, ichkariga pafosli jihozlar. Lekin menimcha, asosiy e’tibor mahsulotga bo‘lishi kerak.

Nega aynan “L’Artisan” deb nomladingiz?

“L’Artisan” fransuz tilidan “hunarmand” degani. Bu so‘z o‘z ishiga mehr bilan yondashadigan, mahsulotni san’at darajasida yasaydigan ustani anglatadi. Bu nom menga juda yaqin, chunki bu ishga chin dildan yondashdim. Qolaversa, ismim ham “L” harfi bilan boshlanadi — bu ham kichik bir ishora, o‘ziga xos shaxsiy tamg‘a bo‘ldi.

O‘zbekistonda chiroq tez-tez o‘chadi. Bu qimmat texnikaning tez buzilishiga olib kelmaydimi?

Ha, yaqinda aynan odamlar eng ko‘p keladigan paytda shunday voqea bo‘ldi. Chiroq har o‘chib-yonganda texnikaga katta bosim tushadi. Bu esa uskunalarning ishlashiga salbiy ta’sir qiladi. Hozircha 5% atrofida zarar ko‘rdik. Transformator va stabilizator qo‘yishni rejalashtiryapman.

Agar shu kabi holatlarda biror uskuna butunlay kuyadigan bo‘lsa, unda yo‘qotishlar ancha jiddiy bo‘lishi mumkin.

Muzqaymoqlar biznesdan yaxshi daromad olish mumkinmi?

Ishonchim komil — bu biznes yaxshi daromad keltiradi. Hozircha aniq raqamlar bilan aytolmayman, sababi ochilganiga ko‘p bo‘lmadi. Lekin rejamiz — sarmoya sifatida tikilgan mablag‘ni bir yil ichida to‘liq qoplab olish.

Muzqaymoqlar odatda mavsumiy biznes. Kuz, qish oylarida balansni qanday ushlab turmoqchisiz?

Hozirdan qishga tayyorgarlikni boshlab yuborganman. Qish mavsumida muzqaymoq o‘rnini to‘ldiradigan yangi pozitsiyalar — desertlar sonini ko‘paytiraman, shuningdek, yengil nonushtalar menyusini ham kiritmoqchiman.

Mahsulot siz uchun birinchi o‘rinda ekanligini aytdingiz. L’Artisan muzqaymoqlarining o‘ziga xosligi nimada?

Bizning muzqaymoq va sorbetlarimizning asosiy farqi — tabiiyligida. Ayniqsa sorbetlarimizga hech qanday sun’iy rang yoki ta’m beruvchi qo‘shilmaydi. Hammasi o‘zimizning rayhon, olcha, shotut, qovun, shaftoli kabi mavsumiy mahsulotlardan tayyorlanadi.

2013-yillar, muzqaymoq tayyorlashni endi boshlagan vaqtlarimda, tayyor bazalardan foydalanganman. O‘shanda “sutli baza” va “sorbet bazasi” degan tushunchalarni ilk bor o‘rganib chiqqandim. Sutli bazaga odatda shokolad qo‘shilar, sokli (ya’ni sorbet) bazaga esa 10% atrofida maymunjon solinar, ustidan esa rang va ta’m beruvchi essensiyalar qo‘shilardi.

Bu — o‘sha davrning texnologiyasi edi. Endilikda esa bu usullardan butunlay voz kechganman. Endi har bir muzqaymoq retsepti alohida ishlab chiqiladi, ingredientlar tanlab olinadi.

l'artisan, laziz gulyamov

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

Sizningcha, biznesda yo‘l qo‘yish kerak bo‘lmagan xato bular …

Eng katta xatolardan biri — noto‘g‘ri uskuna tanlash. Bu yerda ikki yo‘l bor: yo sizda kuchli uskuna bo‘lishi kerak, yo uni boshqaradigan malakali mutaxassis. Muzqaymoq biznesida eng muhimi — mahsulotni to‘g‘ri ishlab chiqarish va uni to‘g‘ri saqlash.

Yana bir xato — oshxona va mijozlar joyi o‘rtasidagi balansni noto‘g‘ri qo‘yish. Ko‘p tadbirkorlar “ko‘proq mijoz sig‘sin” deb o‘rindiqlar sonini oshirib yuborishadi, lekin oshxona kichik bo‘lsa, xizmat sifati shunga yarasha bo‘ladi. Masalan, agar 50 ta o‘rindiq bo‘lsa, oshxona kamida 100 ta mijozga xizmat ko‘rsata oladigan darajada bo‘lishi kerak.

Shuningdek, “u yaxshi mutaxassis” deb, birovning gapiga ishonib katta pul tikish ham xato. Ko‘p ko‘rganman: biror mutaxassisga ishonib, keraksiz uskuna sotib olishadi va pul havoga uchadi. Agar siz sherikchilik asosida ishlayotgan bo‘lsangiz, u kishi hech bo‘lmasa umumiy xarajatning 10%ini tikishi kerak.

Eng asosiysi — pulni tushunmaydigan sohaga tikmaslik kerak. Hozir ko‘pchilik bir kursga boradi-yu, darrov biznes ochmoqchi bo‘ladi. Bu — xavfli yondashuv. Avval bazaviy bilimni olib, amaliyot qilish kerak. Keyin esa chuqurlashtirilgan bilim bilan biznes boshlasa bo‘ladi.

“Vatandoshlar xalqaro biznes marafoni” Vashington shahrida ham yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tdi!

0

“Vatandoshlar xalqaro biznes marafoni” Vashington shahrida ham yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Marafonning navbatdagi bosqichi O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchixonasida  tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar mahorat darslarida qatnashishdi. Shuningdek, B2B uchrashuvlar tashkil etilib, unda ishtirokchilar o‘zaro hamkorlik va yangi imkoniyatlar haqida suhbatlashishdi.

Marafon nafaqat biznes g‘oyalarning namoyishi, balki vatandoshlar o‘rtasida samimiy muloqot, tajriba almashinuvi va kelajak uchun birgalikdagi rejalar tuzishga xizmat qildi.

Barcha suratlarni tomosha qilish 

2-oktabrdan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi

0

Arizalarni davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal hamda MyGov ilovasi orqali bepul jo‘natish mumkin.

2-oktabrdan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bunda joriy yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida taqdim etilgan subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismi hisobiga arizalar qabuli amalga oshiriladi.

Arizalarni 2-oktabr kuni soat 09:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish yoki Yagona portal (my.gov.uz) hamda MyGov ilovasi orqali onlayn jo‘natish mumkin.

Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining (bunda yaqin qarindoshlar arizada ko‘rsatilgan hollarda) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln so‘m).

Subsidiya uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida kamida 30 ball to‘plashi lozim. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar alohida tartib asosida baholanadi.

Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining nomida butun mamlakat bo‘ylab mulk huquqi asosida turar joy mavjud bo‘lmasligi kerak.

Joriy yilning 10-iyul kuni ipoteka kreditlari uchun ajratilgan subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismiga arizalar qabuli boshlangandi.

Uy-joy sotib olishda ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplashga budjetdan mablag‘ ajratiladi. Kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.

Subsidiyalar birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun amal qiladi, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga 30 mln so‘m ajratiladi. Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilangandi.

Magistratura uchun qo‘shimcha qabul e’lon qilindi

0

Unda ajratilgan kvota doirasida o‘qishga kira olmagan talabgorlar ishtirok etishlari mumkin.

O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida magistratura uchun qo‘shimcha qabul ochiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2025/2026-o‘quv yili uchun magistratura bosqichiga qabul natijalari tasdiqlanib, oliy ta’lim tashkilotlariga yetkazildi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, belgilangan kvota doirasida o‘qishga kira olmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul imkoniyati mavjud.

Bunda oliygohlarning quvvati, moddiy-texnik bazasi va professor-o‘qituvchilar tarkibi inobatga olinadi, qo‘shimcha qabul parametrlari vazirlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Qo‘shimcha qabulda ishtirok etishni istagan talabgorlar zarur ma’lumotlarni olish uchun oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi yoki magistratura bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.

Vazirlik davlat OTMlari magistraturasiga qo‘shimcha qabul asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliygoh tomonidan mustaqil belgilanishini eslatib o‘tdi.

Magistratura mutaxassisliklariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish iyul oyi boshida boshlanib, arizalar 30-iyulga qadar qabul qilindi. Undan keyin, mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha qabul parametrlari e’lon qilindi.

Kunduzgi ta’lim shakl bo‘yicha jami 20 210 ta kvota belgilangan bo‘lib, shundan 9 922 tasi davlat granti, 10 288 tasi esa to‘lov-kontrakt shakli hisoblanadi. Grant uchun o‘zbek tiliga 8 725 ta, rus tiliga 1 197 ta, kontrakt uchun o‘zbek tili — 8 538 ta, rus tili — 1 750 ta kvota belgilangan.

Shu bilan birga, magistraturaning kechki hamda masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga qabul qilish parametrlarining mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha ham taqsimoti tasdiqlandi. Kechki shakl uchun jami 1 319 ta (shundan, o‘zbek tili — 1 107 ta, rus tili — 138 ta, qoraqalpoq tili — 74 ta) vkota ajratilgan.

Masofaviy ta’lim shakli uchun jami 420 ta qabul parametri belgilangan bo‘lib, shundan, 352 tasi o‘zbek tili, 53 tasi rus hamda 15 tasi qoraqalpoq tiliga to‘g‘ri keladi.

31-avgust kuni 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga qabul natijalari e’lon qilindi.

Iman chocolate & fruits asoschisi Murodilla Alimbayev tavsiya qilgan 5 ta kitob

0

Murodilla Alimbayev shaxsiy rivojlanish, tafakkurni kengaytirish va yetakchilik fazilatlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi, tadbirkorni nafaqat ishbilarmon, balki barkamol inson sifatida shakllantiradigan kitoblarini Spot bilan bo‘lishdi.

Murodilla Alimbayev — Iman Chocolate & Fruits va Iman Chocolate Museum asoschisi, tadbirkor va tarjimon. Shokolad biznesiga kirishishidan avval u Barselona futbol klubi sport bo‘yicha direktorining assistenti bo‘lib ishlagan, shuningdek, O‘zbekistonda birinchi golografik kinoteatrni tashkil etgan.

Alimbayev ta’kidlashicha, uning muvaffaqiyatlarida kitoblarning ham alohida o‘rni bor. Ularga bo‘lgan mehr-muhabbati ota-onasining uyidagi boy kutubxonadan boshlangan. U yerda 3000 dan ortiq asar bo‘lgan va shu muhit unda kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otgan.

Murodillaning fikricha, kitob o‘qiydigan insonning dunyoqarashi keng bo‘ladi: u istalgan mavzuda suhbat qura oladi, har doim yangi bilimlarni o‘zlashtirib boradi.

“Hozir o‘qishga ko‘p vaqt ajratolmayapman, ammo imkon tug‘ilishi bilanoq kitob qo‘limdan tushmaydi. Safarlarda odatda 3−4 ta kitob olib yuraman, orasida hali o‘qilmaganlari ham bo‘ladi”, — deydi u.

Bugungi kunda Alimbayevning shaxsiy kutubxonasida 4000 ga yaqin kitob bor. Ularning bir qismi ota-onasidan qolgan, qolganini esa o‘zi xarid qilgan.

Tadbirkor nazarida, kitob inson tafakkurini kengaytiradi, biroq undagi barcha g‘oyalarni to‘liq amaliyotga tatbiq etish imkonsiz. Faqat ayrim jihatlarni o‘z faoliyatiga moslashtirish mumkin.

“Har bir insonning yo‘li o‘ziga xos. Xuddi shuningdek, har bir mamlakatning iqtisodiyoti va madaniyati ham farqlanadi. Masalan, Amerika, Yevropa yoki O‘zbekistondagi biznes tajribasi bir xil emas. Shu bois kitoblardan muayyan elementlarni olib foydalanish mumkin”, — deya ta’kidlaydi Alimbayev.


“Pekin qahvaxonasidan qaydlar”, Jonatan Geldar

Bu men uchun juda qadrli kitob. Uni chet eldagi do‘stim tavsiya qilgan va Xitoy bilan hamkorlikni boshlaganimizdan keyin sovg‘a qilgan. Chunki biz ko‘plab tovarlarni Xitoydan import qilamiz va kitob shu jarayonda juda foydali bo‘ldi.

O‘zbeklarda savdolashish odati bor, biroq Xitoyda bu qabul qilinmagan. Dastlab biz ular bilan narx borasida muzokara qildik, natijada sifatsiz mahsulot oldik. Shundan so‘ng tushundik-ki, xitoyliklar bilan savdolashish har doim ham to‘g‘ri emas ekan.

Aslida Xitoy yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradi. Ular mahsulotlarni “Amerika sifati”, “Yevropa sifati” va “Osiyo sifati” kabi darajalarga bo‘lishadi. Kitobda esa xitoyliklarning madaniyati, ular bilan ishlash tamoyillari, do‘stona munosabatlarni qanday o‘natish mumkinligi haqida batafsil yozilgan.

Shuningdek, unda sovg‘a berish madaniyati, ustozlarga hurmat, WeChat ilovasidan foydalanish qoidalari, kompaniyalar va menejerlarning ish uslubi, qaysi vaziyatlarda savdolashish mumkin va qachon bundan tiyilish lozimligi kabi muhim jihatlar ham bayon qilingan.

Bu kitobni o‘qiganimdan so‘ng, biznesimizda qilgan xatolarimni tushunib yetdim. Eng muhimi, xitoyliklarning madaniyatini chuqurroq angladim, ularga bo‘lgan hurmatim ortdi va bu bilimlar ish faoliyatimda amaliy yordam berdi.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Qur’oni karim”

Qur’on — avvalo insonni aldamaslikka, halol va pok yashashga chorlaydi. Unda ota-onani hurmat qilish, qarindosh-urug‘, qo‘shni va do‘stlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, adolatli yo‘ldan chetga chiqmaslik kabi qadriyatlar ulug‘lanadi. Qur’on inson hayotini qanday kechirish, qanday fazilatli shaxs bo‘lish lozimligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, bu muborak kitob orqali sabr, tavakkal, kechirimlilik, halollik va saxiylik kabi ma’naviy-axloqiy fazilatlarni chuqur anglash mumkin. Har bir oyat insonning qalbiga, tafakkuriga murojaat qilib, uni poklik va komillikka yetaklaydi.

Umuman olganda, Qur’on menga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, hayotiy tajriba va ruhiy tarbiya beradigan eng ulug‘ manbadir. Uni o‘qish orqali men nafaqat diniy bilim, balki insoniylik, axloq, mehr-shafqat, sabr-toqat kabi yuksak sifatlarni ham o‘rganaman.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Ideal marketing”, Niray Davar

Kitob bugungi kunning eng dolzarb va foydali marketing bo‘yicha qo‘llanmalaridan biridir. Unda nafaqat marketingdagi keng tarqalgan xatolar haqida, balki ularni qanday qilib oldini olish mumkinligi ham sodda va tushunarli tarzda bayon etilgan. Shuningdek, asarda shaxsiy hayotdagi yondashuvlar, biznesni to‘g‘ri boshlash, hamda raqobatda qanday ajralib turish kerakligi borasida ham amaliy maslahatlar berilgan.

Bugungi kunda marketingsiz hech bir sohada muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Aynan marketing insonni har bir ishga yangicha qarashga, mijozni chuqurroq tushunishga, mahsulotni to‘g‘ri taqdim etishga va bozorda o‘z o‘rnini topishga yo‘naltiradi. Chunki marketing nafaqat reklama, balki butun biznes strategiyasining yuragi hisoblanadi.

Marketing bo‘lmagan joyda boshqaruv tizimi ham eskicha qolib ketadi. Shu sababli zamonaviy dunyoda har bir tadbirkor, rahbar yoki loyiha ustida ishlayotgan mutaxassis marketing asoslarini mukammal bilishi zarur. Aynan shu bois, “Ideal Marketing” har kim uchun amaliy va foydali qo‘llanma bo‘la oladi.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Innovator bo‘lish”, Jeff Dayer, Xol Gregersen

“Innovator bo‘lish. Dunyoni o‘zgartiruvchi yetakchilarning 5 ta odati” — bu mening eng sevimli kitoblarimdan biridir. O‘zimni innovator deb hisoblayman, chunki hozirgacha ko‘plab yangi loyihalar va startaplarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lganman. Masalan, bundan besh yil avval gologramma teatri loyihasini amalga oshirgan bo‘lsam, bugungi kunda Iman kompaniyasi orqali yangicha fikrlash asosida biznes yuritmoqdaman. Aynan shu yo‘lda ushbu kitob menga katta ilhom va yo‘l-yo‘riq bo‘ldi.

Kitobda innovator bo‘lish uchun odatiy qarashlardan chiqish, har bir narsaga boshqacha nigoh bilan yondashish va yangicha g‘oyalarni amaliyotda qanday qo‘llash mumkinligi haqida so‘z yuritiladi. Unda ta’kidlanishicha, muvaffaqiyat kaliti — bu oddiy narsaga noodatiy yechim topa olishdir.

Masalan, agar bozorda hamma oddiy non sotsa, siz sog‘liq uchun foydali, davolovchi xususiyatga ega non ishlab chiqarsangiz, albatta o‘zingizga xos o‘rin egallaysiz. Buning uchun esa yangicha fikrlash, tajriba qilish va o‘zgarishdan qo‘rqmaslik zarur.

Bu kitob menga bir narsani anglatdi: har bir insonda innovatsion salohiyat mavjud, faqat uni to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlantirish kerak. Shuning uchun menimcha, ushbu asarni har bir tadbirkor, ijodkor yoki o‘z ishini boshlashni istagan inson albatta o‘qib chiqishi lozim.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Farqlan yoki halok bo‘l!”, Rivkin Stiv, Traut Jek

“Differensiallash yoki o‘lish! Halokatli raqobat davrida omon qolish” — bugungi kunning eng dolzarb biznes kitoblaridan biridir. Unda kuchli raqobat sharoitida kompaniya qanday qilib o‘ziga xosligini saqlab qolishi, bozorda ajralib turishi va uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi yoritilgan.

Asarda raqobatchilar bilan qanday strategik yondashuvda ishlash, samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, marketing va SMM’dagi keng tarqalgan muammolar hamda ularning amaliy yechimlari batafsil tahlil qilingan.

Kitobni mutolaa qilgach, kompaniyani rivojlantirish, bozorda o‘z o‘rningni topish va brendni to‘g‘ri shakllantirish borasida bilim va tajribaga ega bo‘lasiz. Ayniqsa, o‘z biznesini endigina boshlayotganlar yoki mavjud ishini yangi bosqichga olib chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun bu asar katta qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu kitob menga oddiy mahsulot yoki xizmatning o‘zi kifoya emasligi, agar uni boshqalardan farqlantira olmasangiz, bozorda yo‘qolib ketishingiz hech gap emasligini o‘rgatdi.

books, kitob tavsiya, kitoblar

OTMlar super kontrakt miqdorlarini e’lon qilishni boshladi

0

Super kontraktning minimal miqdorlari bazaviy to‘lov-kontraktning 3 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda oliygoh rektorlari tomonidan belgilanadi.

Oliy ta’lim muassasalari tomonidan super kontrakt miqdorlari e’lon qilinmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qabul chegarasiga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari OTMlar rektorlari yoki direktorlari tomonidan belgilanadi. U esa bazaviy to‘lov-kontraktning 3 barobaridan kam bo‘lmasligi kerak.

O‘zbekistondagi ayrim oliygohlar super kontrakt miqdorlarini ma’lum qilishni boshladi. Bunda super kontraktning minimal miqdorlari har bir OTMda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari kesimida farqlanadi.

Batafsil ma’lumotlarni quyida keltirilgan havolalar orqali bilib olish mumkin:

Super kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlar bir yillik o‘qitish qiymatining 50%ini 31-oktabrga qadar (shu kuni ham) to‘lashlari mumkin.

2025/2026-o‘quv yili uchun tasdiqlangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari bilan havola orqali tanishish mumkin.