Bosh sahifa Blog Sahifa 22

Markaziy bank yil yakuni bilan iqtisodiyot 7−7,5% atrofida o‘sishini kutmoqda

0

Shu bilan birga, prognozlar umumiy inflyatsiya 2025-yilda 7,3% atrofida bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank boshqaruvi 11-dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari inflyatsion bosim va kutilmalarni pasaytirishga yordam bermoqda. Barqaror iste’mol talabi, taklif omillari va xizmatlar narxlarining yuqori o‘sishi tufayli inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda.

Noyabr oyida inflyatsiyaning pasayishi davom etib, yillik 7,5% ga teng bo‘ldi. Bunga, qatʼiy pul-kredit sharoitlari va so‘mning mustahkamlanishi taʼsirida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi asosiy hissa qo‘shdi. Xususan, noyabrda bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 6,3% gacha pasaydi. Import narxlari nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining barqarorlashuviga xizmat qildi.

Shu bilan birga, xizmatlar sohasidagi inflyatsiya maʼlum darajada sekinlashganiga qaramay, talab hisobiga umumiy inflyatsiya darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi.

Shundan kelib chiqib, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7,3% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunda so‘m mustahkamlanishi avvalgi baholarga nisbatan yuqoriroq darajada shakllandi.

Import inflyatsiyasi va inflyatsion kutilmalarning kutilganidan tezroq pasayishi sababli inflyatsiya prognozi yana bir bor pastga tushirildi. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakunida inflyatsiya darajasi 6,5% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib, o‘sish sur’atlari potensialdan yuqori shakllanmoqda. Mehnat bozoridagi talab, savdo va xizmatlar tushumlari hamda banklararo tranzaksiyalar hajmining oshishi bunga asos bo‘lmoqda.

Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakunida iqtisodiy o‘sish 7−7,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Inflyatsiya pasayib borayotganiga qaramay, taklif omillari bo‘yicha xatarlar saqlanib qolmoqda — ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi, transport narxlari oshishi va tartibga solinadigan narxlar indeksatsiyasining ikkilamchi ta’siri shular jumlasidan.

Global iqtisodiyot kutilganidan tez o‘smoqda, xalqaro xomashyo bozorlaridagi yuqori narx konyunkturasi saqlanib qolmoqda. Bu esa kelgusida ham mamlakat eksport tushumlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu fonda real samarali almashuv kursi o‘zining uzoq muddatli muvozanatli trendiga yaqin darajada shakllanadi.

Ichki moliya bozorida nominal stavkalar barqaror bo‘lib, inflyatsiya pasayishi real foiz stavkalarini oshirmoqda. Bu esa milliy valyutada jamg‘arish rag‘batini kuchaytirib, muddatli depozitlar o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Moliyaviy inklyuzivlik oshgani sabab chakana kreditlash yuqori darajada saqlanmoqda, bu esa iste‘mol faolligining yuqoriligini ko‘rsatadi hamda yalpi talabni qo‘llab-quvvatlab, kelgusida inflyatsiyaga oshiruvchi bosimning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu sharoitda inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom ettirish va inflyatsion xatarlar taʼsirini kamaytirish maqsadida asosiy stavkani joriy yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish zarur deb topildi.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5%lik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qatʼiyligini taʼminlab boradi. Bunda inflyatsiya dinamikasi va inflyatsion xatarlar balansiga qarab pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Piter Bek: Ro’yobga chiqqan orzu

0
476476394

Talabalar uchun poyezd chiptalariga 50% chegirma e’lon qilindi

0

Undan 18-dekabrdan 12-yanvargacha amalga oshiriladigan mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlar uchun foydalanish mumkin.

Talabalar uchun poyezd chiptalariga chegirma e’lon qilindi. Bu haqda O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar qishki ta’til mobaynida mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlar uchun foydalanishlari mumkin. Bundan SV/VIP klass vagonlari va yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlari mustasno.

Yo‘lovchi poyezdlarining temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50% chegirma 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvarga qadar amal qiladi.

Bundan oldin Uzbekistan Airways talabalar uchun 50% chegirma e’lon qilgandi. U ham o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilari uchun barcha ekonom-klass tariflariga amal qiladi. Aviaqatnov uchun chegirmalardan 26-dekabrdan 11-yanvarigacha foydalanish mumkin.

Shuningdek, Transport vazirligi matbuot xizmati qishki ta’til munosabati bilan Toshkentdagi talabalar uchun sayyor kassalar tashkil etilganini ma’lum qildi.

Ularda temir yo‘l hamda avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olish mumkin. Sayyor kassalar quyidagi manzillarda tashkil etilgan:

  • O‘zbekiston milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti binosi 1-qavati (Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Universitet ko‘chasi., 4-uy).
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti A-binosida (Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi 60-A-uy. Sobiq Toshkent moliya instituti binosi).

Kambag‘allikni qisqartirishda har bir oila uchun individual reja ishlab chiqish kerak — prezident

0

Mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda ularning muammolari va o‘sish nuqtalarini aniqlash topshirildi

Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tanqidiy o‘tgan yig‘ilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” aʼzolarining ish samaradorligini baholash uchun aniq mezonlar mavjud emasligi, ularning asosiy vazifasi bo‘lgan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda masʼuliyatini yana-da oshirish zarurligi taʼkidlandi.

“Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlari ortishida bevosita aks etishi shartligi, mazkur yo‘nalishda manzilli va natijaga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda, avvalo, ularning muammolari va “o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini bevosita mahallaning o‘zida hal etishga eʼtiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Og‘ir toifadagi mahallalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Ushbu hududlarga alohida eʼtibor qaratib, infratuzilma, elektr taʼminoti, internet tarmog‘i, tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

Buning uchun mahallalarda ishlarni tashkil qilishga kompleks yondashish, barqaror bandlik yo‘nalishidagi xizmatlar qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Har bir kambag‘al oila bo‘yicha uning real imkoniyatlari va xohish-istaklarini inobatga olgan individual rejalarni ishlab chiqish muhim ekani taʼkidlandi.

Loyihaviy yondashuv doirasida quyidagi dasturlar bilan 1 mln nafar kambag‘al aholini qamrab olish rejalashtirilgan:

  • “Bandlik organlari — ish beruvchilar hamkori”;
  • “Teng imkon — inklyuziv bandlik”;
  • “Barqaror kelajak sari”;
  • “20 ta mahalliy brend”;
  • “Bir kontur — bir mahsulot”;
  • “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish”;
  • “Ijara yer va tomorqada suv taʼminotini yaxshilash”;
  • “Eski bog‘larni yangilash”;
  • “1 ming gektar mevali bog‘”;
  • “Eksportchi kooperativlar” va boshqa.
  • Kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirishda mahallalarda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tun-u kun ishlaydigan ko‘chalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlarini tashkil etish, sohil va yo‘l bo‘yi infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.

Bandlik dasturining 2025-yildagi ijrosi va 2026-yilgi dasturni shakllantirish, norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Prezident mutasaddilarga mahallalardagi masalalarni manzilli hal qilish, aholi ehtiyojlari asosida amaliy ishlar samaradorligini oshirish, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi vazifalarning yuksak masʼuliyat bilan ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forum ochilishida so‘zlagan nutqida 2024-yili kambag‘allik darajasi 8,9% ga tushirilgani, yil yakunigacha uni 6% gacha kamaytirish maqsad qilinganini aytgandi.

29-oktabr kuni prezident huzuridagi taqdimotida mamlakatda kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17% dan 6,8% ga kamaygani ma’lum qilingandi.

Kosmetika olamidagi inqilobchi ayol Este Lauder

0

Bugun har qanday kosmetika do‘konida bepul «probnik»lardan foydalanish mumkin. Ammo 1940-yillarda, Este Lauder o‘z biznesini boshlagan paytda, aynan shu usul uning tez mashhur bo‘lishiga sabab bo‘lgan innovatsion g‘oyalardan biri edi.

Lauder nihoyatda qat’iyatli va talabchan edi: u ko‘plab go‘zallik salonlarini aylanib, o‘z kremlari haqida shaxsan ma’lumot bergan, yirik do‘konlarning deyarli barcha xarid bo‘yicha menejerlari bilan uchrashgan va katta univermaglardagi vitrinalar ishini shaxsan nazorat qilgan.

1960-yilga kelib Lauder AQSh bozorida mustahkam o‘rin egalladi va Yevropani zabt etishga yo‘l oldi. Uning marketing usullaridan biri haqida hanuz afsonalar yuradi: Parijdagi Lafayette do‘konining atirlar bo‘limida u sumkasida turgan atir flakonini ataylab sindiradi va baland ovozda bu uning yangi Youth-Dew atiri ekanini e’lon qiladi hamda o‘zini tanishtiradi.

Shu kabi jasur marketing yondashuvlari tufayli Este Lauder kosmetika olamida haqiqiy inqilob qiladi. 1970-yillar oxiriga kelib kompaniya yiliga 170 million dollar daromad topa boshlaydi.

Kelgusi 2 yilda ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlashga 2 trln so‘m ajratiladi

0

Taʼsischisi yoki rahbari ayol bo‘lgan kompaniyalarga 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.

Prezident xotin-qizlarning kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaytirilishi bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati kengaytiriladi. 2026−2027-yillarda Hamroh xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tomonidan 6 ming nafar xotin-qizlar loyihalariga 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Yana 2,8 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitiladi, 2 ming nafarining tadbirkorlik faoliyatiga esa hamrohlik qilish asosida ko‘maklashilinadi.

Tuman hokimliklari tashkil etgan markazlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Oila va xotin-qizlar boshqarmalari tasarrufiga beriladi. Ular tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping va xotin-qizlarni kasbga o‘qitish kabi faoliyatlar uchun ijara asosida foydalanishga topshiriladi.

2026-yildan Hamroh dasturi bo‘yicha xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llash bo‘yicha qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi. Banklar tarkibida ayollar ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan, rahbari ayol bo‘lgan kichik va o‘rta biznes loyihalariga kredit ajratadi.

Bunda kredit miqdori BHMning 25 ming baravarigacha (10,3 mlrd so‘m) bo‘lib, stavka Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punktgacha yuqori bo‘lishi va loyiha kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutishi kerak.

Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi banklar kreditlarining 70% igacha bo‘lgan qismiga kafolat taqdim etadi.

Dastur doirasida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ushbu mablag‘larni yo‘naltirish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga kredit ajratadi. U Markaziy bankning asosiy stavkasida (14%), 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga beriladi.

Kompaniya kreditlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni banklarga joylashtiradi. Mablag‘lar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punktgacha yuqori stavkada, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha beriladi.

1-dekabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasi huzurida barcha xizmatlarni birlashtirgan Biznes hamroh markazlari ochilishi aytilgandi.