Bosh sahifa Blog Sahifa 180

O‘zbekistonliklar Polsha dalalariga mavsumiy ishchi sifatida jalb qilinishi mumkin

0

Polshada mavsumiy ishchilar etishmasligi sababli rezavor va mevalar dalalarda ыolib ketyapti. Vaziyat har hafta yomonlashishi mumkin. Bu haqda Polsha meva ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidenti, deputat Miroslav Malishevskiy maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, birinchi navbatda, o‘tgan mavsumlarda rezavor mevalarni terib olgan ukrainalik erkaklarning mavjud vaziyat sabab Ukrainadan chiqib ketishi taqiqlanganligi bilan bog‘liq.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab dehqonlar rezavorlar chirib ketayotganidan, isteʼmolchilar esa narxlarning haddan tashqari qimmatligidan shikoyat qilmoqda. Polyaklar, shu bois,  O‘zbekistondan ishchilarni jalb etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

“Ishchilar etishmayapti. Birinchi navbatda, yuk mashinasi, traktor haydash yoki o‘g‘it sepish kabi og‘irroq ishlarni qila oladigan erkaklar kam. Bizdagi maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiyadagi inqiroz tufayli hozir 4 million nafardan ko‘proq O‘zbekiston fuqarolari o‘z yurtlariga qaytgan. Endi ular ishsiz va Polshaga kelishga tayyor”, – degan Malishevskiy.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi pandemiya sababli chegaralar yopilgan paytda Polsha ham rezavor mevalarni yig‘ishda muammolarga duch kelgan edi.

O‘zbekistonda elektron pul nima va undan qanday foydalanish mumkin?

0
Foto: Investopedia

2020-yilning iyunida O‘zbekistonda birinchi elektron pullar tizimi ro‘yxatdan o‘tdi. Hozirda ularning soni 10 taga yetgan:

  • Oson
  • E-card
  • Click
  • Wooppay
  • “alif.mobi”
  • Interpay
  • A-pay
  • QIWI Uzbekistan
  • 1HLSW
  • Globalpay

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, dastavval elektron pul tizimlarida 266 ming nafar foydalanuvchi bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib bu ko‘rsatkich 5,7 milliondan oshib ketdi.

Bu nima o‘zi?

Elektron pullar — elektron shakldagi naqd puldir. Ular hamyonlarda saqlanadi. Pul qiymati onlayn shaklda bo‘ladi va milliy valyutaga bog‘lanadi. 

Onlayn bank tizimlari elektron pullar bilan operatsiyalarni osonlashtiradi va pulga oson, doimiy kirish imkonini beradi.

Elektron pullar texnologik yechimlarga asoslangan holda to‘lovlarni tezkor va qulay usulda amalga oshirish imkonini beradi.

Umuman olganda, bu turdagi pullar naqd pulga elektron muqobildir. 

O‘zbekistonning “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi elektron pullar muomalasini, jumladan, ularni chiqarish, foydalanish va qoplash bo‘yicha amalga oshiriladigan faoliyatning huquqiy asosini yaratib berdi.

Ushbu qonun asosida “O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullarni chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari” ishlab chiqilib, Adliya vazirligida 2020-yil 29-aprelda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur hujjat jahon tajribasiga tayangan holda, elektron pullar tizimi faoliyatini tashkil etish, ularning muomalasini boshqarish hamda tizimda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Unda elektron pullar tizimiga oid asosiy tushunchalar va sohaga oid boshqa terminlarga batafsil tushuntirishlar berilgan.

Elektron puldan qanday foydalansa bo‘ladi?

Elektron pul kartalarda, qurilmalarda yoki serverda saqlanishi mumkin. U alohida valyuta emas va banklar tomonidan nazorat qilinadi. 

Bu turdagi pullar rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llaniladi va rivojlanayotgan mamlakatlarda tobora ko‘proq foydalanilmoqda.

Dastavval elektron pul egasi identifikatsiyadan o‘tgandan keyin ulardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Bunda bitta operatsiyaning eng ko‘p summasi bazaviy hisoblash miqdorIning (BHM) 100 baravariga teng bo‘lgan summadan oshmasligi kerak.

Identifikatsiyadan o‘tmagan mijozga ham elektron puldan foydalanish imkoniyati berilgan. Biroq bunda bitta operatsiyaning eng ko‘p miqdori BHMning 1 baravaridan oshmasligi kerak.

Elektron pulning asosiy afzalliklaridan biri bu — bankga borib bank hisobvaraqasini ochmasdan turib to‘lovni amalga oshirish imkoniyatining mavjudligi. Bundan tashqari pul mablag‘laridan tezkor ravishda foydalanish mumkin.

Shuningdek, to‘lovlarni elektron pullar yordamida amalga oshirayotgan paytda vositachilik haqining boshqa to‘lov vositalariga nisbatan arzondir. 

Elektron pullardan foydalanib mobil operatorlar uchun, kommunal, davlat xizmatlari va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Bundan tashqari bu turdagi pullar orqali xorijiy valyutada emissiya qilingan elektron pulni ayirboshlash imkoniyati mavjud.

Samarqandda yoshlar festivali tadbirlari boshlandi

0

Yoshlar oyligi munosabati bilan Samarqand viloyati tuman va shaharlarida qariyb bir oydan buyon “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan yoshlar festivalining asosiy tadbirlari qadimiy va navqiron shaharda boshlandi.

Tadbirlar Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy haykallari poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi. Marosimlarda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, viloyat faollari va keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

To‘rt kun davom etadigan festival dasturiga ko‘ra, bugun “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Street workout” hamda “Streetbol” musobaqalarining respublika final bosqichi o‘tkaziladi. Kechqurun esa viloyat sektor rahbarlari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Festivalning birinchi kuni “Mo‘’jiza” amfiteatrida tashkil etiladigan gala-konsert bilan yakunlanadi. 24-25 iyun kunlari esa viloyat hokimining maktab va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilar bilan uchrashuvlari, maktab bitiruvchilari o‘rtasida 14 fandan “Viloyat hokimi olimpiadasi” o‘tkazish, taniqli ijodkorlar ishtirokida ijodiy suhbatlar, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, harbiy texnikalar ko‘rgazmasi o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Festivalning to‘rtinchi kuni Samarqand shahrida “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz” shiori ostidagi “Yangi nafas” yugurish marafoni o‘tkaziladi.

Abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga javob… (+video)

0

Ma’lumki, 20-iyundan 2022/2023-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.

Davlat test markazi xodimlari bilan “Abituriyentlar uchun bu yilgi test sinovlaridagi yangiliklar va muammoli holatlar» yuzasidan 21-iyun kuni ovozli chat o‘tkazildi. Ovozli chatni eshitish imkoniga ega bo‘lmagan abituriyentlar uning matn shaklini o‘qishlari, audio havola orqali ko‘rishlari mumkin.

Suhbatdoshlarimiz Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Javlon Nurmatov hamda bosh mutaxassis Jamshidbek Odilov.

 O‘tgan yili test ochiq maydonlarda bo‘lgan edi. Bu yil qayerda o‘tkaziladi?

— Bu yilgi test agar davlat komissiyasining yoki maxsus komissiyaning takliflari, cheklovlari bo‘lmasa, albatta yopiq binolarda o‘tkaziladi.

Bu yil ham abituriyentlar suv va ruchkalar bilan ta’minlanadi. Hisob-kitob talab etiladigan fanlar uchun savollarning oralig‘ida yozishga joy qoldiriladi.

— Kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha imtihon topshiruvchi talabalarga Mendeleyev davriy jadvali beriladi. Ammo bu jadval bilan butun sonlarni bo‘lish qiyin. Ayrim davlatlarda jadvalga qo‘shib kalkulyator ham berilar ekan. Bizda ham kalkulyator berilishi yo‘lga qo‘yiladimi?

— Davlat test markazi tomonidan tuziladigan test topshiriqlari kimyo, biologiya yoki matematika bo‘ladimi, hech qaysiga kalkulyator talab etilmaydi. Abituriyentlar bemalol savollarni o‘zlari ishlashlari mumkin. Ekspertlar shuni hisobga olgan holda test savollarini tuzishgan. Test sinovlarida Mendeleyev davriy jadvali beriladi, lekin kalkulyator berilmaydi.

— Viloyatlarda poytaxtga qaraganda kirish ballari pastroq bo‘ladi, degan gaplar qanchalik asosli?

— Bunday gaplar haqiqatdan yiroq. Bu abituriyentlarning ko‘lamiga bog‘liq. Deylik, poytaxtda oliy o‘quv yurtlarining ko‘pligi boshqa viloyatlarda kamligi bilan izohlanishi mumkin. Ayrim holatlarda ijtimoiy sohada ham, huquq sohasida ham talab ko‘p bo‘ladigan universitetlar bor. Misol uchun, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga boshqa davlat universitetlariga qaraganda abituriyentlar ko‘p topshiradi. Shundan kelib chiqqan holda bu fikrga kelgan bo‘lishlari mumkin. Aslida bunday emas, oliy o‘quv yurtiga topshirayotgan talabgorlarning ko‘lamiga bog‘liq. Bir so‘z bilan aytganda, ballar keskin farq qilmaydi.

 IELTSdan besh yarim ball olgan abituriyentga qancha testdan ball qo‘shib berilishi mumkin?

— Vazirlar Mahkamasining qarorida barcha tillar uchun tegishli bo‘lgan sertifikatlar ro‘yxati ko‘rsatib o‘tilgan. Besh yarim va undan yuqori bo‘lgan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga topshiradigan imtihonida chet tili fani bo‘lsa, maksimal ball beriladi. O‘sha fandan test sinovini yechishdan ozod qilinadi.

— O‘tgan yili ToshMI va kimyo texnologiya sohasiga topshirganlar uchun kimyo yoki biologiya birinchi o‘rinda turadimi, farqi bo‘lmagan. Bu yil ham shu qoida saqlanib qolganmi?

— Davlat komissiyasining bayoniga ko‘ra, joriy yilda 1- va 2- fanlarga beriladigan ballar farqli tarzda bo‘ladi. Misol uchun, 2021-yilda birinchi va ikkinchi fanga ham bir xil ball berilgan. Fanlarning ketma-ketligi ahamiyatsiz bo‘lgan. Joriy yildan 1-fan uchun 3,1 ball, 2-fan uchun 2,1 ball berilishi ko‘zda tutilgan. Fanlar ketma-ketligi ahamiyatga ega. Masalan, ToshMIda biologiya birinchi fan hisoblanadi 3,1 ball beriladi, kimyo ikkinchi fan bo‘lgani uchun 2,1 ball beriladi. Bu haqda Davlat test markazining saytida batafsil ma’lumotlar bor.

Ozarbayjon Prezidentining tashrifi yakunlandi

0

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning mamlakatimizga davlat tashrifi yakunlandi.

Prezidentlarning muloqoti juda samarali bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida deklaratsiya hamda ko‘plab boshqa hujjatlar imzolandi. 

Davlat rahbarlarining samimiy muloqoti Xorazmda davom etdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni aeroportda kuzatib qo‘yib, Toshkentga qaytib keldi.

“Garri Potter” kitobining kamyob nashri $250 mingga auksionga qoʻyildi

0

“Garri Potter va falsafa toshi” kitobining adiba Joan Rouling dastxati tushirilgan ilk nashri kimoshdi savdosiga qoʻyildi. Lotning dastlabki narxi $250 000 ga baholangan. Ushbu kitob 1997-yilda 500 ta nusxada chop etilgan ilk nashrlardan biri hisoblanadi.

Auksion “Christieʼs” kimoshdi savdosi uyi tomonidan London shahrida oʻtkazilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, kitobning ilk nashrida bir nechta xatolar mavjud. Misol uchun, orqa muqovada asarning nomi toʻgʻri yozilmagan.

Eslatib oʻtamiz, “Garri Potter va falsafa toshi” yosh sehrgar haqidagi romanlar seriyasining birinchi kitobi hisoblanadi.