Bosh sahifa Blog Sahifa 128

Jahon banki O‘zbekistonga $800 mln miqdorida moliyaviy yordam ajratadi

0

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyani ma’qulladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

Operatsiya doirasida hukumatga ijtimoiy, iqtisodiy va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi ishlarning yangi bosqichini amalga oshirishga moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan maqsad mamlakatning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini tezlashtirish, fuqarolarga teng iqtisodiy imkoniyatlarni ta’minlash va milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga zamin yaratishdan iborat.

O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini tezroq yakunlash chora-tadbirlari mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi maqsadlarga erishishga yordam berishi qayd etilgan.

“Jahon bankining yangi operatsiyasi hukumat kun tartibidagi asosiy ustuvor vazifalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, kimyo sanoati va energetika kabi muhim tarmoqlarda davlat nazoratini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chora-tadbirlar xususiy sektorning yuqoridagi tarmoqlarini rivojlantirishda faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadi. Operatsiya aholining ayrim qatlamlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga hamda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarga yechim topishga yordam beradi.

Operatsiya doirasida Jahon banki hukumatga $800 mln miqdorida moliyaviy yordam beradi. Mablag‘lar maxsus imtiyozli shartlar asosida, kreditlar shaklida ajratiladi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya bozorlarida hozirgi kunda mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkasida va uzoqroq muddatga taqdim etiladi. Natijada O‘zbekiston uchun kredit mablag‘larini to‘lash xarajatlari sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, bu mamlakatga muhim moliyaviy resurslarni tejash imkonini berib, bu mablag‘lardan ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish uchun foydalanish mumkin.

Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy resurslar iqtisodiyotning quyidagi tarmoqlarida islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan:

  • Energetika: energetika bozorining mustaqil regulyatorini yaratish va energiya tariflarini isloh qilish. Tarmoq faoliyatini yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatni rag‘batlantirish va xususiy sektor ishtirokini ta’minlashdan iborat.
  • Temir yo‘l sohasi: yo‘lovchi va yuk tashish narxlarini shakllantirish tizimini modernizatsiya qilish, raqobatni rag‘batlantirish va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida temir yo‘l sohasini isloh qilish.
  • Kimyo sanoati: institutsional islohotlarni amalga oshirish uchun zamin yaratish va “Farg‘onaazot»ni xususiylashtirish. Sanoatni liberallashtirish, uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb etish, kimyo sanoatida samaradorlik va raqobatni oshirish belgilangan.
  • Qishloq xo‘jaligi: hosildorlikni oshirish va ekinlarni diversifikatsiya qilish uchun ularni ekish tartibini liberallashtirish hamda fermerlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishda yordam berish.
  • Davlatning fiskal majburiyatlarini boshqarish: O‘zbekiston Iqtisodiyot va Moliya vazirligining DXSh loyihalaridan kelib chiqadigan fiskal majburiyatlarni boshqarish va tartibga solish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish.
  • Ijtimoiy himoya: aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish, ularning sifatini oshirish maqsadida Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish.
  • Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish: oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish va ayollarni jismoniy, jinsiy, iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
  • Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul yuridik yordam ko‘rsatish: Adliya tizimidan teng foydalanishni ta’minlash maqsadida ma’muriy, fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha kam ta’minlanganlarga davlat tomonidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish.
  • Iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish: keng ko‘lamli iqlim va ekologik davlat dasturlarini ishlab chiqish, Ekologiya vazirligining salohiyati va vakolatlarini kuchaytirish hamda havo sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
  • “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish: milliy “yashil” taksonomiyani ishlab chiqish. Bunda iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning iqtisodiyot uchun oqibatlarini yumshatish maqsadida zarur choralarni ko‘rish, atmosferaga chiqindilarning oldini olish mexanizmlarini yaxshilash va “yashil” loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilgan.

OTB O‘zbekistonga korxonalar va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun 100 mln dollar ajratdi

0

6 dekabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun 100 million dollar miqdorida siyosat choralariga asoslangan qarz ajratilishini ma’qulladi.

Bankning Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturi xususiy sektorni rivojlantirishga asoslangan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda kichik va o‘rta korxonalarning COVID-19 pandemiyasi oqibatida bo‘lgani kabi iqtisodiy zarbalarga chidamliligini oshirish uchun ularning faoliyat muhitini yaxshilashga qaratilgan. Bu dastur doirasidagi ikkinchi kichik dastur bo‘lib, birinchisi hukumat tomonidan amalga oshirilgan siyosat, tartibga solish va institutsional islohotlarga asoslanadi.

«Dastur OTBning O‘zbekistondagi kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli navbatdagi qadamidir. Mamlakat davlat iqtisodiyotidan oqilona umumiy makroiqtisodiy yondashuvga asoslangan bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha asosiy tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom etar ekan, kichik va o‘rta korxonalar diversifikatsiyalangan iqtisodiy o‘sishni, samaradorlikni va qo‘shimcha qiymatga ega rasmiy bandlikni jadallashtirishda muhim rol o‘ynaydi», — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Dastur biznes yuritish xarajatlarini oshiradigan va ayollar biznesiga nomutanosib ta’sir ko‘rsatadigan tartibga solish va ma’muriy yuklarni yengillashtirishga yordam berishi ko‘zlangan. Bu eksport mahsulotlari va bozorlarni diversifikatsiya qilish, shuningdek, raqamlashtirish orqali samaradorlikni, kichik va o‘rta korxonalarning savdo raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, bozor talablariga javob beradigan ko‘nikmalarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarning bunday ko‘nikmalarini ish bilan ta’minlanishi imkoniyatlarini oshirish uchun rivojlantirishga ko‘maklashadi.

O‘zbekiston OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 10,8 mlrd dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.

Maqsadlar ssenariysi, aslida, qanday bo’lishi kerak?

0

Yilni ulkan maqsadlar bilan boshlaymiz, biroq yanvarning oxiriga borib, rejadan qolib ketayotganimizni tushunib qolamiz. Yaxshi emas, ammo qo‘l siltab qo‘yamiz — axir, oldinda naq 11 oy turibdi. Mart oxiriga borib qarasak — hamon oqsayapmiz, biroq oldinda vaqt «juda mo‘lligi»dan xotirjam tortamiz. Shunday fikr, ko‘nikmalar bilan yilni qaritamiz. Hali natijalarni keskin yaxshilaymiz, deb o‘zimizni ishontiramiz. Masalan, sentyabrning oxirida yoki oktyabrda mo‘jiza yuz berib qolar…

Haqiqat shundaki, har bir hafta, har bir kun, har bir daqiqa muhim! Chorak yoki oyda bir marta emas, har hafta va har kuni mehnat qilish kerakligini anglab yetish va aksincha, bir yillik rejalar tuzishni bas qilish kerak. Yillik o‘lchamlarda fikrlamang, diqqatingizni qisqa vaqt oraliqlariga jamlang.

Yillik reja oddiy bir haqiqatni: reallik bu ayni paytda sodir bo‘layotgan narsalar ekanini tushunishga imkon bermaydi. Biz shu yerda, hozir yashaymiz va muvaffaqiyatga erishamiz! «Yillik tafakkur» eng muhim ishlarni hech og‘rinishlarsiz «keyinga» surib qo‘yaverishga odatlantiradi.

Brayan Moranning «Bir yilda 12 hafta» kitobidan

Uysiz, ko‘prik ostida tunab yurib, muvaffaqiyatga erishgan yosh millionerdan 5 maslahat

0

Melburnlik (Avstraliya) Garri Sanders atigi 25 yoshda, shunga qaramasdan, o‘zi asos solgan «Studiohawk» kompaniyasini boshqaryapti. Kompaniyani 1,5 million avstraliya dollari (taxminan 9,5 mlrd so‘m)ga baholashmoqda. Garri bu kunga osonlikcha yetib kelmadi.

Biznes-g‘oyasi tanazzulga uchragan, yonida bir chaqasiz Garri 17 yoshida ko‘chada qoladi. 16 yoshida SEO-faoliyatni yo‘lga qo‘yishga uringan, biroq bilimsizligi, tajribasizligi pand bergandi.

«Nima qilishniyam bilmasdim, bir necha kun ko‘priklar ostida tunab yurdim. To‘g‘risini aytsam, kimdandir yordam so‘rashni yomon ko‘rardim», — eslaydi Garri.

Xullas, Sanders bir yilning nari-berisida daydilar uchun yotoqxonalar va tanishlarinikida sig‘indi bo‘lib yurdi. Hozir o‘sha kunlarni juda katta hayotiy saboq bergani, eng asosiysi, qat’iyatli bo‘lishga o‘rgatgani uchun qadrlaydi.

Nihoyat, ko‘cha hayoti bilan xayrlashgan Garri yana o‘sha biznesga qo‘l urdi, bu safar tamomila boshqacha.

Endi u o‘zi tamal toshini qo‘ygan «Studiohawk» kompaniyasini boshqaryapti. Uning jamoasi qidiruvni optimallashtirish bilan shug‘ullanadi, ya’ni veb-saytlarga internetda tanilishga yordamlashadi. Kompaniya kengaymoqda, hatto o‘tgan oy Londonda yangi ofis ochishdi.

Og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazgan yosh millioner hozirgi darajasiga qanday erishdi? Quloq tutamiz.

Garri Sandersdan besh maslahat

  1. O‘zingizga yoqqan libosni kiying.
  2. Sutkasiga hech bo‘lmaganda 8 soat uxlang.
  3. O‘zingiz shug‘ullanayotgan sohaga taalluqli narsalarni ko‘proq o‘qing.
  4. Tejamkor bo‘ling. Pullarni nimaga sarflashni aniq belgilab oling, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymang.
  5. Maqsadni aniq belgilab oling. Pullar — maqsad emas. Faqat shuning uchun ishlasangiz, muvaffaqiyatni kutmang.

Tadbirkorlardan ortiqcha yig‘ib olingan ijtimoiy soliq summasi ularning hisobvaraqlariga qaytariladi

0

Yakka tartibdagi tadbirkorlardan noto‘g‘ri yig‘ib olingan ijtimoiy soliq summalari ularning hisobvaraqlariga qaytarilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

1 dekabr kuni Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida yakka tartibdagi tadbirkorlar foydalanadigan soliq imtiyozlari tashqi manba ma’lumotlari asosida yangilangan.

Avtomatlashtirish jarayonida texnik xatolik yuzaga kelib, oilaviy xususiy bog‘cha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyoz (oyiga 330 ming so‘m) qo‘llanmasdan qolgan.

Ayni paytda mazkur texnik xatolik bartaraf etilgan. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi, deya ta’kidladi Soliq qo‘mitasi.

O‘zbekiston farovonlik reytingida 100-o‘rinni egalladi

0

Angliyaning Legatum Institute xalqaro tahliliy markazi mamlakatlarning farovonlik darajasi bo‘yicha navbatdagi reytingini e’lon qildi (Legatum Prosperity Index 2023).

O‘zbekiston ushbu reytingda dunyoning 167 davlati orasida 100-o‘rinni egalladi.

Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida uchinchi ko‘rsatkich: Qozog‘iston 69-o‘rinda, Qirg‘iziston 94-o‘rinda, Turkmaniston 107-o‘rinda va Tojikiston 113-o‘rinda qayd etilgan.

Tadqiqot mualliflari fikriga ko‘ra, Skandinaviya mamlakatlari – Daniya, Shvetsiya va Norvegiya dunyodagi eng gullab-yashnagan davlatlar hisoblanadi. Eng farovon mamlakatlar beshligiga Finlyandiya va Shveytsariya ham kirdi.

Reytingda so‘nggi o‘rinlarni Somali, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi, Yaman va Janubiy Sudan egallagan.

Farovonlik indeksi 2006 yildan beri dunyo mamlakatlari erishgan yutuqlarni ularning gullab-yashnashi nuqtai nazaridan o‘lchaydigan kompozit ko‘rsatkichdir. Indeks jamiyatning turli jihatlari va ijtimoiy farovonlik parametrlarini aks ettiruvchi 12 toifaga birlashtirilgan ko‘plab turli ko‘rsatkichlar asosida tuzilgan.

O‘zbekistonning ushbu parametrlar bo‘yicha egallagan o‘rinlari:

– ijtimoiy kapital (46-o‘rin);

– sog‘liqni saqlash (49-o‘rin);

– xavfsizlik (53-o‘rin);

– ta’lim (73-o‘rin);

– iqtisodiyot sifati (79-o‘rin).

– yashash sharoitlari (103-o‘rin);

– infratuzilma va bozorga kirish imkoniyati (104-o‘rin);

– investitsiya muhiti (107-o‘rin);

– ishbilarmonlik muhiti (121-o‘rin);

– davlat boshqaruvi (123-o‘rin);

– shaxsiy erkinliklar (147-o‘rin);

– atrof-muhit (162-o‘rin).

Legatum Institute 2007 yilda Dubayda joylashgan Legatum Group investitsiya firmasining xayriya bo‘limi hisoblanmish Legatum fondi tomonidan tashkil etilgan.