Matbuot xizmatiYangiliklar“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, respublikaning eksport salohiyatini oshirish va innovatsiyalar joriy qilishda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan biznes vakillarini rag‘batlantirish, shuningdek, 2021-yil 20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.

2. Belgilansinki:

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan tadbirkorlar taqdirlanadi;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni har yili 20-avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi.

3. Quyidagilar:

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirlar Mahkamasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonlari va ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib borilishini ta’minlasin.

5. Moliya vazirligi har yili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini berish, uni tayyorlash hamda “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobini chop etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun Savdo-sanoat palatasining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan tegishli mablag‘larni ajratish choralarini ko‘rsin.

6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

            Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022-yil 19-avgust

 

*                *                 *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2022-yil 19-avgustdagi PQ–356-son qaroriga

1-ilova

 

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni (keyingi o‘rinlarda – ko‘krak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.

2. Ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan tadbirkorlar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

2-bob. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni
taqdim etish va ko‘rib chiqish

3. Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda, ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar bo‘yicha takliflarni har yili 10 iyulga qadar Savdo-sanoat palatasiga (keyingi o‘rinlarda – Palata) taqdim etadi.

4. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarga nomzod haqida quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

nomzodning ma’lumotnomasi (obyektivka);

nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta);

nomzodning so‘nggi uch yil davomida tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati aks ettirilgan tavsifnoma.

5. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish uchun Palata raisi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibda komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tashkil etiladi.

6. Komissiya tarkibi va Komissiya to‘g‘risidagi nizom Palata raisi tomonidan tasdiqlanadi.

7. Ko‘krak nishoniga nomzodlarni ko‘rib chiqish natijalari har yili 25-iyulga qadar Komissiya bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

8. Nomzodlarning ro‘yxati, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlarning qisqacha tavsifi Komissiya bayonnomasining tegishli ilovasi bilan tasdiqlanadi va uning asosida taqdimnoma tayyorlanadi.

9. Taqdimnoma Palata raisi imzosi bilan har yili 1-avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga kiritiladi.

3-bob. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi

10. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi.

11. Ko‘krak nishoni har yili 20-avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

12. Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

13. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

14. Palata ushbu Nizomga muvofiq ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis ko‘rib chiqilishi uchun bevosita mas’uldir.

15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

*                    *                     *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2022-yil 19=avgustdagi PQ–356-son qaroriga

2-ilova

 

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonining

TAVSIFI

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘lib, 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi.

Ko‘krak nishonining o‘rta qismi diametri 25 millimetr bo‘lgan doira shaklidagi bo‘rtma gardish bilan o‘ralgan. Doiraning markazida belgi-tamg‘alar tasvirlangan bo‘lib, bunday tamg‘alar qadimgi usta-hunarmand tadbirkorlar tomonidan yasalgan va sotuvga chiqarilgan hamda O‘zbekiston hududida topilgan mahsulotlar namunalarida aks etgan. Ular azaldan yurtimiz hududida yashab kelgan tadbirkorlarning ramzlari bo‘lib kelgan.

Markazdagi belgi-tamg‘alar atrofida ularni ushlab turgan tadbirkor qo‘llarini ifodalovchi tasvirlar tilla rangda aks ettirilgan.

Ko‘krak nishonining ustki qismida aylana bo‘ylab “FAOL TADBIRKOR” yozuvi bitilgan. Harflarning balandligi – 2,2 millimetr.

Ko‘krak nishonining pastki qismida aylana bo‘ylab 5 qirrali 14 yulduz aks ettirilgan.

Ko‘krak nishonining orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.

Tasvirlar va yozuvlar bo‘rtmadir.

Ko‘krak nishoni ilmoq va halqa yordamida to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi qadag‘ichga ulangan. Qadag‘ich bo‘yi – 19 millimetr, eni – 25 millimetr.

Qadag‘ich teng o‘lchamli ko‘k va och ko‘k rangdagi shoyi lenta bilan qoplangan bo‘lib, uning eni 21 millimetrni tashkil etadi.

Qadag‘ichning orqa tomoniga ko‘krak nishonini kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etiladi

Markaz davlat fuqarolik xizmatchilarini baholab, uning natijasi asosida shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqadi 4-oktabr kuni rahbar kadrlarni baholash markazini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Unga...

Jahon banki O‘zbekistonga $800 mln imtiyozli kredit ajratadi

Mablag‘lar mamlakatda xususiy sektor, ijtimoiy himoya va iqlim o‘zgarishiga tayyorlik tizimini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun $800 mlnlik imtiyozli kreditlar...

Ayollarga beriladigan ayrim imtiyozli kreditlar

Oʻzbekiston Respublikasida ayollarga bir qancha imtiyozli kreditlar mavjud. Quyida qonunchiligimizda ayollarga beriladigan qanday imtiyozli kreditlar mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishingiz mumkin. Oʻzbekiston Prezidentining 2024 yil...

O‘zbekiston mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi

Mazkur hujjat ishchilarni faoliyati davomida baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan himoya qilishga qaratilgan. Prezident tomonidan 2-oktabrda imzolangan qonun bilan O‘zbekiston ishlab chiqarish sohasida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi...

Yil o‘qituvchisi tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga uy beriladi

Prezident pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etishni taklif qildi. Sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida pedagoglar bilimini sinovdan...

O‘zbekiston va OIIB loyihalar portfelini $4 mlrdga oshiradi

Mamlakatda yashil ma’lumotlar markazlari yaratiladi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga $100 mlnlik yashil sertifikatlar bozori shakllantiriladi. Avvalroq 25-sentabr kuni Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo...