Matbuot xizmatiYangiliklarAzmu shijoatli yoshlarimiz – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlaridir

Azmu shijoatli yoshlarimiz – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlaridir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim!

Avvalo, barcha Yangi O‘zbekiston yoshlarini bugungi qutlug‘ bayram – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Albatta, sizlar bilan uchrashish, ko‘nglingizdagi ezgu orzu va rejalaringiz bilan o‘rtoqlashish, taklif va tashabbuslaringiz haqida eshitish menga doimo quvonch va g‘urur bag‘ishlaydi.

Sizlarning shijoat va intilishingizni ko‘rib, yonib turgan ko‘zlaringizga boqib, o‘zimga bitmas-tuganmas kuch olaman.

Hozirgina Prezident va ijod maktablari o‘quvchilari, Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari, yosh olim va ijodkorlar, IT dasturchilar, sportchi va tadbirkorlar bilan muloqot qildim. bugungi yoshlarimizning salohiyati, dunyoqarashi, bildirgan taklif va tashabbuslari, mustaqil fikrlashi, kelajak va Vatan haqida, o‘zining jamiyatdagi o‘rni va mas’uliyati haqidagi qarashlari barcha ota-onalar, ustoz-murabbiylar qatorida meni ham cheksiz quvontiradi.

Aziz farzandlarim!

Dunyodagi murakkab vaziyatni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Har kuni yangi xavf-xatarlar va tashvishlarga duch kelyapmiz. Bunday vaziyatlarda xalqimizning irodasi va matonatiga tayanib, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni topish uchun birgalikda intilmoqdamiz.

Mehnatkash va bag‘rikeng, olijanob xalqimiz, sizdek bilimli, faol va shijoatli o‘g‘il-qizlarim bor ekan, biz har qanday qiyinchiliklarni albatta yengib o‘tamiz.

Hurmatli yoshlar!

Xabaringiz bor, biz mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratdik. Mahallalarda 9,5 ming yoshlar yetakchilari o‘z faoliyatini boshladi.

Hozirga qadar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 700 mingdan ortiq yigit-qizlarning muammolarini hal etishga 650 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishga aylandi. So‘nggi ikki yilda 174 ming nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 4 trillion 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar yo‘naltirildi.

Dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 560 ming tengdoshingizga joriy yilda 155 ming gektar yer maydoni ajratilib, 800 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq summasini qaytarish tartibi joriy etildi va bu imkoniyatdan 715 ming nafar yoshlar ishlayotgan 7,5 ming korxona foydalandi.

Albatta, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ham katta-katta qadamlar qo‘yilmoqda. Bu borada Yangi O‘zbekistonning yangi maktablari – Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar ko‘lami kengayib, ularda tahsil olayotgan o‘quvchilar yuqori natijalarga erishmoqda.

O‘tgan o‘quv yilida birgina Prezident maktablarini bitirgan 424 nafar o‘g‘il-qizlarning barchasi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Ularning 102 nafari yoki 24 foizi xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgani tahsinga sazovordir.

So‘nggi ikki yilda 400 nafar yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali chet ellardagi eng nufuzli oliygohlarda o‘qishga yuborildi. Misol uchun, toshkentlik Lamiya Xudoyorova – Oksford universitetiga, buxorolik Rasulbek Bahodirov – London universitetiga, samarqandlik Nilufarxon Ro‘ziyeva – Chikago universitetiga o‘qishga qabul qilindi. Bunday yigit-qizlar har bir viloyatda ko‘plab topiladi.

Iqtidorli yoshlarimiz keyingi bir yil ichida xalqaro fan olimpiadalarida 255 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, joriy yilda 382 nafar sportchi yoshlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda 419 ta sovrinli o‘rinlarni egalladi. Jumladan, Nodirbek Abdusattorov va Umida Omonova – tezkor shaxmat bo‘yicha; Zuhriddin Qodirov – qilichbozlik bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgani; 23 yoshgacha futbolchilarimiz Osiyo chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritgani, shubhasiz, butun xalqimizga g‘urur bag‘ishladi.

Men ana shunday ilmli, irodali va qobiliyatli farzandlarimiz borligidan faxrlanaman. Ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga alohida rahmatlar aytaman.

Bu o‘g‘il-qizlarimiz xalqimizning oltin fondi, Uchinchi Renessans bunyodkorlari, desam, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekistonning kelajagi hisoblangan bunday fidoyi, bilimli, zukko va vatanparvar o‘g‘il-qizlarimiz barchaga namuna bo‘lishi kerak.

Aziz farzandlarim!

Har safar sizlar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotganimda meni bir savol chuqur o‘ylantiradi. Ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning yanada barkamol bo‘lishlari uchun yana qanday shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim?

bugungi forumga ham O‘zbekiston yoshlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator yangi chora-tadbirlarni qabul qilish bo‘yicha takliflar bilan keldim.

Eng avvalo, yoshlarimizning zamonaviy kasb va bilimlarni egallash imkoniyatlarini kengaytiramiz.

Xabaringiz bor, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizning masalalarini hal etish maqsadida joriy qilingan “Yoshlar daftari” tizimi amalda ijobiy natijalar bermoqda. Lekin, shuni ham unutmaslik lozimki, yoshlarning dunyoqarashi, ularning muayyan bir kasbga bo‘lgan qiziqishi 14 yoshidan, ya’ni maktab davridanoq shakllanadi.

Shu bois bundan buyon 14-17 yosh oralig‘idagi 3 million nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarimizga ham “Yoshlar daftari”da ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Xususan, unda nazarda tutilgan imtiyozlar amaldagi 11 tadan 25 taga ko‘paytiriladi. Jumladan, ushbu daftarga kiritilgan farzandlarimizga zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun har oyda 1 million 200 ming so‘mdan subsidiya beriladi.

Shuningdek, yoshlarga ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi to‘garaklar uchun 6 oy davomida 300 ming so‘mdan pul to‘lanadi. Ularga ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha mahalliy olimpiadalarda qatnashish xarajatlari uchun – 1 million 200 ming so‘mdan, nufuzli xalqaro olimpiadalar uchun – 12 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari uchun yilda bir marotaba maktab formasi hamda o‘quv qurollarini sotib olish xarajatini davlat o‘z zimmasiga oladi.

Yana bir muhim yangilik – musiqa san’atiga qiziqishi baland bo‘lgan yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab maqom xonandaligi, maqom cholg‘u ijrochiligi va baxshichilik yo‘nalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning shartnoma to‘lovlari to‘liq davlat tomonidan to‘lab beriladi. Fortepiano ijrochilari tayyorlash bo‘yicha qabul 3 barobar ko‘paytirilib, bu yo‘nalishda ham kontrakt to‘lovlari to‘la qoplab beriladi.

Bundan tashqari, endi texnikumlarga qabul yilda 2 marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobar oshiriladi. Shuningdek, texnikumlar uchun ta’lim krediti joriy qilinadi va 80 mingdan ziyod yoshlarga kredit berish uchun moliyaviy resurs ajratiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda 1 nafar IT mutaxassisini tayyorlash uchun kamida 1 yil vaqt va 20 million so‘mgacha mablag‘ talab etiladi. Vaholanki, yaxshi mutaxassis 2-3 oyda bitta dastur yaratib, ushbu xarajatni bemalol qoplashi mumkin.

Bundan buyon xususiy ta’lim muassasalarida IT texnologiyalari bo‘yicha o‘qish (dasturlash, veb-dizayner, animatsiya) istagini bildirgan yoshlarga ham 20 million so‘mgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etiladi.

So‘nggi vaqtlarda olis hududlardagi maktablar o‘quvchilari ham xorijiy tillar bo‘yicha bilim bellashuvlarida yaxshi natija ko‘rsatmoqda. Bunday yoshlarimiz bilan har qancha faxrlansak, ularni rag‘batlantirib borsak arziydi.

Respublika bellashuvlarida yuqori natijalarga erishgan ana shunday 70 nafar o‘quvchimiz va ularning 14 nafar ustozi davlat hisobidan Buyuk Britaniyaga safarga yuboriladi.

Qadrli yoshlar!

bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha joriy qilingan yangi tizim asosida 8 milliondan ziyod yigit-qizlarimizni qamrab olgan “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Unga ko‘ra, ayni paytda respublikamizda ishsiz yigit-qizlar 1 million 200 ming nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 850 ming nafari ishlash istagida bo‘lgan yoshlar hisoblanadi.

Eng muhimi, yoshlarning qiziqishlari, kasb-hunarga moyilligi, ma’lumoti, ijtimoiy ahvoli va muammolaridan to‘laroq xabardor bo‘lish imkonini beradigan tizim yaratildi.

Joriy yilda 404 ming yigit-qiz o‘rta ta’limni, 151 ming nafari professional ta’lim muassasasini bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi. Ularning bandligini ta’minlash eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Jumladan, bir yil davomida tadbirkorlik dasturlariga 4 trillion so‘m yo‘naltirish orqali 220 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlanadi. 130 ming nafar yoshlarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qishi uchun 160 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. 110 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz esa, davlat korxonalari va xususiy sektordagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi.

Shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik loyihalariga 250 milliard so‘m subsidiya va kompensatsiyalar beriladi. Ayni paytda ularning qishloq xo‘jaligi sohasidagi faoliyatini ham tizimli ravishda rag‘batlantirib boramiz. Masalan, Oltiariq uzumchilik klasteri namunasi asosida respublikamizdagi 70 ta tumanda “Yoshlar agroklasteri”ni tashkil etib, 400 ming nafar yoshlarni ish bilan ta’minlaymiz.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari yoshlar bilan uchrashib, ushbu rejalarni o‘z hududlari bo‘yicha batafsil muhokama qildilar. Endi har yili o‘quv yili yakunlanishi bilan, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha har bir hudud alohida dastur qabul qiladi.

Aziz farzandlarim!

Albatta, hozirgi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish oson emas. Bu borada mahallalardagi 6 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha Besh tashabbus olimpiadaci yo‘lga qo‘yildi. bugungi tadbirda ushbu olimpiada g‘oliblari bo‘lgan 345 nafar yigit-qizlarimiz ham qatnashmoqdalar.

Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, endi Besh tashabbus olimpiadasi har yili 2 marta o‘tkazib boriladi.

Yana bir muhim masala – bugungi yoshlar o‘ziga kerakli ma’lumotlarni avvalo Internetdan olmoqda. Shunday ekan, Internetning milliy segmentida yoshlarni o‘ziga jalb qiladigan, tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz haqida ishonarli va qiziqarli ma’lumot beradigan kontentlar yetarlimi?

Afsuski, bu savolga ijobiy javob berolmaymiz. Hali bu borada oldimizda juda katta vazifalar turganini barchangiz yaxshi his qilasiz, albatta.

Men hozirgina uchrashgan Mehrinoz Abbosova boshchiligidagi bir guruh tashabbuskor yoshlar tomonidan dunyoning eng ommabop elektron ensiklopediyasi – Vikipediyaga 10 mingdan ortiq o‘zbek tilidagi maqolalar joylanganini eshitib xursand bo‘ldim.

Fursatdan foydalanib, ana shu fidoyi va vatanparvar o‘g‘il-qizlarimizga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Bunday ezgu va xayrli loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur.

Ana shu tajriba asosida Internet tarmog‘ida O‘zbek milliy kontentini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Bunda milliy davlatchiligimiz tarixini matnli va video kontentlar orqali targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratish kerak.

Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan 100 nafar buyuk alloma va mutafakkirlarning Internetdagi ma’lumotlar bazasini yaratish, ularning asarlarini ommalashtirish choralarini ko‘ramiz.

Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ushbu maqsadlar uchun 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Bunday tadbirlarga, bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish hamda ularning faoliyatini tizimli ravishda rag‘batlantirib borish lozim.

Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Sizlarning orangizda vatanparvarlik, mehr-oqibat va insoniylik borasida ko‘pchilikka ibrat bo‘layotgan yoshlar juda ko‘p.

Bugun volontyor yoshlar harakati jamiyatimizning ko‘plab sohalarida keng quloch yozmoqda. Bundan buyon Yoshlar agentligi bu harakatga bosh-qosh bo‘ladi. Yoshlarning tashabbuslari asosida har yili Harakatlar dasturi ishlab chiqiladi hamda volontyorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.

Yoshlarning ta’lim olishiga e’tibor qaratish bilan birga kitobxonlikni yanada kuchaytirishimiz zarur. Shu maqsadda mahallalardagi yoshlar yetakchilari har bir ko‘cha kesimida kitobxonlik tanlovi, “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarni yo‘lga qo‘yadi. Bunday tanlovlar har haftada – mahalla kesimida, har oyda – tuman miqyosida va har chorakda viloyat darajasida o‘tkazib borilishi kerak. Bu orqali 2 millionga yaqin yoshlar qamrab olinadi.

Shu bilan birga, viloyatlar, tuman va shahar hokimlari har bir maktab kutubxonasiga kamida mingtadan yangi badiiy adabiyotlarni yetkazib beradi.

Yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamolotida sportning o‘rni beqiyos ekani barchamizga yaxshi ma’lum.

Mana, yaqinda To‘dako‘lda 327 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan shaxmat turnirining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Kelgusi yilda To‘dako‘lda dunyo standartlariga javob beradigan xalqaro shaxmat maktabini qurib, foydalanishga topshiramiz. Bu yerda jahonning eng mashhur grossmeysterlari kelib, bolalarimizga shaxmat sir-asrorlarini o‘rgatadi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbari, senatorimiz Quvondiq Sanaqulov ushbu maktabning o‘z vaqtida qurilishi va samarali faoliyat yuritishiga mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, respublikamiz bo‘yicha mahallalar kesimida 631 ming o‘g‘il-qizlar qatnashgan voleybol, 671 ming yigitlar ishtirok etgan futbol va mini-futbol bahslari ham yuqori darajada tashkil qilindi. Ushbu musobaqalar yoshlarning sportga qiziqishi juda yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Biz mamlakatimizda sportni yanada ommalashtirish, xususan, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish haqida ko‘p gapiramiz, qanchadan-qancha ishlarni amalga oshirganmiz. Biroq savol tug‘iladi: shunga yarasha biz kutgan natijalar bo‘lyaptimi? Sohada qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda?

O‘ylaymanki, bu masalaga tanqidiy yondashib, zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish vaqti-soati keldi.

Joriy yildan boshlab 36 ta sport federatsiyasi, 274 ta sport maktabi o‘z hududidagi mahallalar, o‘rta maktablar, kollej va texnikumlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Har bir ko‘cha, mahalla, maktab, kollej va texnikumda futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat-shashka va boshqa sport turlari bo‘yicha jamoalar tuziladi.

Bundan buyon barcha sport musobaqalari “mahalla – tuman – viloyat – respublika” zanjiri asosida tashkil etiladi.

Albatta, bunday ishlarni amalga oshirish mahalladagi yoshlar yetakchilaridan katta mas’uliyat va tashabbuskorlik talab etadi.

Islohotlarimiz navqiron avlod hayotiga yanada chuqur kirib borishi uchun yoshlar yetakchilariga kengroq imkoniyat va vakolatlar bersak, o‘ylaymanki, sizlar ham buni qo‘llab-quvvatlaysiz.

Bundan buyon har yili oliygohlarning sirtqi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan 500 nafar eng faol yoshlar yetakchilarining kontrakt to‘lovlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab beriladi. Shuningdek, “Yosh rahbar kadrlar zaxirasi” shakllantirilib, uning 30 foizi yoshlar yetakchilari hisobidan to‘ldiriladi.

Men yoshlar yetakchilari timsolida bo‘lajak hokimlar va vazirlarni, yirik bank va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar liderlarini ko‘raman.

Qadrli farzandlarim!

Biz “Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir” shiori ostida islohotlarimizning yangi davrini boshlamoqdamiz.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida yoshlar bilan ishlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni islohotlarimizning bosh mezonlaridan biri sifatida belgiladik.

Shu kunlarda Konstitutsiyamizni umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqib, uni takomillashtirish bo‘yicha juda muhim siyosiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada kelib tushgan taklif va tashabbuslarning 70 foizdan ortig‘i aynan yoshlarimiz tomonidan bildirilgani meni juda quvontirdi.

Albatta, yangilanayotgan Konstitutsiya, bu – sizlarning Konstitutsiyangiz.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan sizlarga, butun mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman.

Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan Yangi O‘zbekiston hamda Uchinchi Renessans bunyodkorlarisiz.

Ana shunday sharafga munosib bo‘lish yo‘lidagi intilishlaringiz va hayotda o‘zingizning munosib o‘rningizni topishingiz uchun bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq safarbar etamiz.

Men Prezident sifatida sizlar o‘z oldingizga qo‘ygan reja va marralarga erishishingiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanimni bugun yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Bugun sizlarning yonib turgan ko‘zlaringiz, shodlikka to‘la go‘zal chehrangizga qarab, akademik shoirimiz G‘afur G‘ulomning

Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz,

Ne uchun yelkamni tutib bermayin?

– degan otashin satrlari yodimga tushmoqda.

Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: tinimsiz o‘qib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan, ko‘nglingizdagi ezgu maqsadlar sari harakat qilishdan hech qachon to‘xtamang!

Qoraqalpog‘istondan Andijongacha, Surxondaryodan Toshkentgacha – barcha hududlardagi yoshlarimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsadimiz yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib, dadil olg‘a intilishlari kerak.

Men sizlarning bu yo‘lda marrani baland olib, yagona kuch bo‘lib harakat qilishingizga ishonaman.

Sizlar bunga albatta qodirsiz.

Men sizlarga ishonaman va sizlar bilan faxrlanaman, aziz bolalarim!

Fursatdan foydalanib, barchangizni bugungi unutilmas bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat, ulkan yutuq va zafarlar tilayman.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar bilan viza tartibini soddalashtiradi

Work and Travel kabi dasturlarda ishtirok etuvchi talabalarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi. O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Germaniya va Kanada bilan viza tartibini soddalashtiradi. Bu haqda 7-dekabr kuni...

Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi

OTM talabalari, texnikum, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari uchun ta’til 25-dekabrdan 7-yanvargacha davom etadi Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy...

Kelasi yildan O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi

Ayrim tadbirkorlarga onlayn davlat xaridlarida ishtirok etishda vositachilik yig‘imiga chegirma berilib, qo‘shimcha zakalat kiritilmaydi. 3-dekabr kuni “Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar...

O‘zbekistonlik tikuvchi BBCning 2024-yilgi “100 nafar ayol” ro‘yxatiga kirdi

Dilorom Yo‘ldosheva 40 nafar ayolga tikuvchilikni o‘rgatib, ishchi va maktab o‘quvchilari uchun kiyim-kechak tikishni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekistonlik tikuvchi va tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva 2024-yilgi dunyoning ilhomlantiruvchi va nufuzli ayollarini...

Oktabrda aholi valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi farq $600 mlnni tashkil etdi — Markaziy bank

Yil boshidan beri aholi banklarga $13,2 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotgan, ulardan esa $7,72 mlrd miqdorida sotib olgan. Oktabr oyida aholining chet el valyutasini sotish va xarid...

Endi o‘zbekistonliklar Xitoyga vizasiz borishlari mumkin bo‘ladi

Endi o‘zbekistonliklar Xitoyda 30 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi. 1-dekabr kuni O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarni...