Avgust oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha aholi vakillarining inflyatsion kutilmalari pasayuvchi dinamikani ko‘rsatib, 15,3 foiz atrofida shakllangan bo‘lsa, mediana qiymati 11,9 foizni tashkil etdi, deyiladi Markaziy bank sharhida.

Kelgusi 12 oyda inflyatsiya ko‘rsatgichi joriy darajada yoki undan yuqoriroq bo‘lishini kutayotgan respondentlarning ulushi avvalgi oyga nisbatan 1 foiz bandga qisqargan.

Shuningdek, avgust oyida aholining ko‘pchilik qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12 foiz atrofida bo‘lishini kutishmoqda. Oxirgi oylarda 12 foizdan yuqori inflyatsiyani kutayotgan respondentlar ulushi qisqarib bormoqda.

Respondentlar tomonidan kelgusi davrda narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (48 foiz), narxlarining sun’iy oshirilishi (37 foiz) hamda yoqilg‘i va energiya resurslari narxining qimmatlashishi (34 foiz) ta’kidlangan.

Shu bilan birga, biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foiz bandga kamayib, 14,1 foizni tashkil etdi, mediana qiymati esa 11,6 foizni atrofida shakllandi.

Kelgusi 12 oyda inflyatsiya ko‘rsatgichi joriy darajada yoki undan yuqoriroq bo‘lishini kutayotgan respondentlarning ulushi 52 foizdan 47 foizgacha qisqardi. Avgust oyida tadbirkorlik subyektlarining ko‘pchilik qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12 foiz atrofida bo‘lishini kutishmoqda.

Shuningdek, so‘nggi oylarda bir yildan so‘ng inflyatsiya target doirasida bo‘lishini kutayotgan biznes vakillarining ulushi ortib bormoqda.

Tadbirkorlar tomonidan keyingi 12 oyda narxlar oshishiga valyuta kursining o‘zgarishi (33 foiz), yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (29 foiz) hamda ish haqi va nafaqalarning oshishi (24 foiz) kabi omillar ta’sir etishi mumkinligini ta’kidlandi.

Shuningdek, import qilinadigan xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishini hamda import qilishdagi tarif va notarif cheklovlarning mavjudligini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan qisqargan. Bunda biznes vakillarining yuqoridagi omillar bo‘yicha xavotirlarining kamayishiga yangi ta’minot zanjirlari yo‘lga qo‘yayotganligi hamda iqtisodiyotda raqobat muhiti yaxshilanib borayotganligi bilan izohlanmoqda.