Matbuot xizmatiYangiliklarO‘zbekistonda avariyalarni kamaytirish bo‘yicha Xavfsiz yo‘l milliy dasturi amalga oshiriladi

O‘zbekistonda avariyalarni kamaytirish bo‘yicha Xavfsiz yo‘l milliy dasturi amalga oshiriladi

Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda respublika jamg‘armasi qayta tashkil etilib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda avariyalarni kamaytirish bo‘yicha Xavfsiz yo‘l milliy dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda 9-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini qayd etdi. Mamlakatda yo‘l-transport hodisalari oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ular natijasida 9 ming fuqaro jarohat olgan, 2 203 nafar odam esa halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilgan.

Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda. Mo‘ynoq, Nukus, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Yangiobod, To‘raqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bandixon tumanlari va Ohangaron, Shirin, Nurafshon, Xonobod shaharlarida vaziyat yaxshilanib, birorta o‘lim bo‘lmadi.

Lekin Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdarg‘om, Yakkabog‘, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor, Bektemir tumanlarida teskari vaziyat.

Soha uchun mas’ullarga mamlakatda har 100 ming aholiga o‘lim bilan bog‘liq avariyalar soni MDH davlatlari ichida eng pastligi xotirjamlikka berilish uchun sabab emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilmoqda”, — dedi prezident.

Misol uchun, Chustdan o‘tgan D-105 Farg‘ona halqa yo‘lining 6 kilometriga muhofaza to‘siqlari o‘rnatilgani uchun bu yil o‘lim bilan bog‘liq avariya bo‘lmadi. Ilgari bu yo‘lda yiliga 10 nafar odam vafot etardi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llar holati o‘rganilib, 1 557 km yo‘llarda beton va temir to‘siqlar, 967 kilometr trotuar, 38 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi aniqlandi.

Davlat rahbari yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishini e’lon qildi.

Uning doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi.

2025-yil jamg‘armaga barcha manbalar hisobidan 400 mlrd so‘m tushishi prognoz qilingan. Bunga qo‘shimcha, foto-video radardan budjetga tushadigan jarimaning 25%i ham jamg‘arma va uning filiallariga yo‘naltiriladi.

YHXX tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizishga mas’ul korxonalar ham viloyatga o‘tkaziladi. Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘ladi, unga viloyat YHXB va yo‘l boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi.

Bundan buyon ushbu jamg‘arma mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi: yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar, yo‘l belgilari, yoritgichlar o‘rnatish, piyoda yo‘laklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda yuzdan ortiq tadbirkor “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Hujjatda qayd etilishicha, ular milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash,...

O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan...

O‘zbekistonlik o‘quvchilar 2026-yilda xalqaro fan olimpiadalarida 220 ta medal qo‘lga kiritdi

2026-yil boshidan buyon o‘zbekistonlik o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida jami 220 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 35 tasi oltin, 81 tasi kumush va 104 tasi bronza...

Oʻzbekistonga oʻqish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,2 barobarga oshdi

2026-yil yanvar-iyun oylarida 21 042 nafar chet el fuqarolari oʻqish maqsadida Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi. Tahlil qilinishicha, yarim yil ichida xorijlik talabalar...

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident axborot agentligi axborot...

O‘zbekistonda chorvachilik sohasida subsidiyalar ajratiladi

“Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat byudjeti...