Attestatsiyadan o‘tolmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqilib, malakasi oshiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab ta’limi sifatini oshirish, pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda 2025-yil sentabrdan oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish taklifi bildirildi.
Attestatsiyadan o‘tolmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqib, malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bu borada malaka oshirish markazlari hamda pedagogika kollejlari imkoniyatlaridan to‘la foydalanish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari negizida bog‘cha va maktablar, texnikumlar, “Barkamol avlod” maktabi tashkil qilinishi aytildi.
O‘tgan yili 500ta maktabda Prezident maktabi baholash tizimi joriy etilgan edi. Buning samarasida ulardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 53%dan 59%ga oshgan. Yuqori natijaga erishgan maktablar rahbariyati va o‘qituvchilariga 40%gacha ustama belgilangan.
Shu bois ushbu baholash tizimi yangi o‘quv yilidan yana 1 mingta maktabda qo‘llana boshlaydi. Ularga 182ta ixtisoslashgan hamda 500ta tajribadan o‘tgan maktab biriktiriladi.
Shuningdek, 270ta maktab interaktiv doska, 365tasi kompyuter sinflari bilan jihozlanadi. Taqdimotda Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi ham muhokama qilindi.
Yangilangan institutga “mahalla — ota-ona — maktab” hamkorligini kuchaytirish, ota-onalar va bolalar uchun tarbiyaga oid adabiyotlar yaratish, jadidlarning tarbiyaviy qarashlarini ilmiy tadqiq etiladi.
5ta ixtisoslik bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyati hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.