Foydali manbalarTadbirkorlarSut mahsulotlari sotuvidan nufuzli brend dilerligigacha: marhamatlik Ulug‘bekning sarguzashtlari

Sut mahsulotlari sotuvidan nufuzli brend dilerligigacha: marhamatlik Ulug‘bekning sarguzashtlari

Qahramonimiz Ulug‘bek Murotbekov Andijon viloyatining Marhamat tumanida tug‘ilgan. 2014 yildan beri BAAning Dubay shahrida ishlab kelmoqda. Hozirda xalqaro “Transmed” kompaniyasi dileri.

Velosipedni mashinaga “aylantirdik”

Oilada 6 kishidan iboratmiz: ota-onam va 4 o‘g‘il. Men eng kichigiman. Oilamiz yoshligimdan sut mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanar edi. Esimda, 2001-2002 yillardan boshlab, eng katta akam ‒ Davronbek shu ishni yo‘lga qo‘ygan edi.

Akalarim boshida velosipedda yurib, Marhamat tumanidagi odamlardan sut to‘plashar, so‘ngra, Andijon va Shahrixondagi sut zavodlariga sotib kelishardi. Keyinchalik velosipedlar mototsiklga almashtirildi. Va nihoyat, “Damas” avtomashinalari sotib olindi.

2009 yilga kelib, tumanimizda kichik sut mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod ochdik. Hozirda 10 ga yaqin sut mahsulotlari “Marhamat-sut” brendi ostida ishlab chiqarilyapti.

Men asosan, qancha sut mahsulotlari zavodga kelyapti, qancha mahsulot ishlab chiqarilyapti, shuni dasturlashtirib, rejalashtirar va shu orqali oilamga yordam berar edim.

Qishloq va dastlabki ta’lim

Tug‘ilgan go‘sham ‒ Marhamat tumanidagi “Yangi hayot” qishlog‘iga muhabbatim baland. Samimiy insonlari, bahavo havosi, so‘lim tabiati o‘ziga xos. Tumanda o‘zbeklardan tashqari, qirg‘iz, uyg‘ur, qozoq va tojiklar ham yashab kelishadi.

Bolaligim faqat tuman hududida o‘tgan. Shu yerdagi 42-maktabda 6-sinfgacha ta’lim olganman. Ingliz tilini ham shu maktabda o‘rganganman. Dilorom opa degan ingliz tili o‘qituvchimiz bo‘lardi (Alloh rahmat qilsin). Opa darslarni o‘zgacha, interaktiv usullarda qiziqtirib o‘tardi va bu til o‘rganishimga asosiy turtki bo‘lgan.

Hayotimdagi keskin burilish

6-sinfni tamomlab, 7-9 sinflarni tumandagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan 3-litseyda o‘qiganman. Rostini aytsam, u yerda baholarim “4” edi.

Negadir e’tiborimni ko‘pincha ingliz tili o‘ziga ohanrabodek tortaverar edi. Tuman olimpiadalarida ham ingliz tili bo‘yicha doim yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritganman.

9-sinfda o‘qib yurgan paytlarimda hayotimda keskin burilish bo‘ldi desam, mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Tumanimiz o‘quvchilari nomidan shahar bosqichiga qatnashish uchun borgan edim. Tanaffusda oldi qatordagi 4-5 nafar tengdoshimning ingliz tilida juda ravon so‘zlashishlari e’tiborimni tortdi. Rosti, bir tarafdan ularga havasim kelgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan hafsalam pir bo‘ldi. “Speaking”da bildimki, ulardan ortib, menga o‘rin tegmaydi.

Ulardan qayerda o‘qishlarini so‘radim. Andijon shahrida “Taraqqiyot” o‘quv markazida ta’lim olishlarini aytishdi. Uch nafar do‘stim bilan shu markazga borib, hayratda qolganmiz. Deyarli 60-70 foiz o‘quvchi faqat xorijiy tilda so‘zlashardi. Bu yerda 4 yil mobaynida ta’lim oldim. Markaz direktori Gennadiy Morozov va barcha o‘qituvchilardan g‘oyat minnatdorman.

Aslida, mo‘ljal Yaponiya edi

Ko‘pchilik hayron bo‘ladi, nega aynan Dubay, BAA deb! Aslida, menga Yaponiya davlatining ta’limi ma’qul kelgan edi. Litseyni tugallash arafasida o‘zimizning oliygohlar bilan bir qatorda, xorijiy OTM uchun ham hujjatlar to‘g‘rilay boshladim. Yaqin do‘stlarim bilan yapon tilini o‘rganishga kirishdik. Insholar yozib, ularni “kunchiqar yurt” vakillariga jo‘natdik.

Qizig‘i, do‘stlarimga 80 foizlik grant chiqqan bo‘lsa, meni 50 foizlik grant dasturiga taklif qilishdi. Holbuki, bir-birimizga yordam bergan holda insholarni yozgan edik.

Tabiiyki, tushkunlikka tushdim. Do‘stlarim Yaponiyaga ketishdi. To‘g‘ri, oilamdagilar 50 foizlik grant dasturida ta’lim olishimga rozi bo‘lishdi, lekin men bunga ko‘nmadim. Oilamga qiyinchilik bo‘lishini istamadim.

Dubay haqida hatto, tasavvurga ham ega emas edim

Shu orada men “Taraqqiyot” o‘quv markazida “O‘quvchilarni qabul qilish” bo‘limida qisqa muddat ishladim. Yapon tili saboqlari va universitetlarni izlashni to‘xtatmadim. Kunlardan birida hamqishloq: Husanboy va Abdulhamid akalar uyimizga kelib, mendan ingliz tilini o‘rgatishni iltimos qilishdi. Men rozi bo‘ldim.

Bir oy mobaynida ishdan so‘ng, ularga xorijiy tildan saboq berdim. Nima masalada ekanligini so‘raganimda, Dubayda ishlash uchun o‘rganishayotganini aytishdi.

Balki ishonmassiz, o‘shangacha menda Dubay haqida hech qanday tasavvur yo‘q edi. Hatto, uning shahar yo davlat ekanligini aniq bilmasdim. Ularga omad tiladim. Shu orada yana Yaponiga grant yutish harakatida edim.

Bir kuni Dubayda ishlayotgan sobiq o‘quvchilarimga aloqaga chiqqanimda, “Jumeirah Group” mehmonxonasida ishlashayotganini aytishdi. Yaponiya bo‘lgan qiziqishim BAA tomon yo‘naldi. Dubay haqida izlanishlar olib borar, videoroliklar ko‘rardim. Va shu tariqa arab diyoriga ketishga qaror qildim.

Assalom “Jumeirah group”

Avvaliga ota-onam rozi bo‘lishmadi. Ular meni qiynaladi, deb o‘ylashdi. 2013 yilining dekabrida Dubayga keldim va ish qidirishni boshladim.

Shu yillari yurtimizdan Dubayga ishga jo‘natadigan, ish bilan ta’minlaydigan tashkilotlar yo‘q edi.

Boshida ish topishga qiynaldim. To‘g‘ri, ko‘plab ish chiqdi, ba’zilarining oyligi, ba’zilarining taklif qilgan ishi yoki sharoiti to‘g‘ri kelmadi. Viza muddati tugash arafasida qadrdon akalardan biri Husanboy aka ish joyida ish o‘rni borligi haqida aytib qoldi. “Jumeirah group”ning “Jumeirah Beach Hotel” mehmonxonasiga ishga kirdim. Menga ko‘pincha nega aynan Dubay shahrini tanlagansiz, deb savol berishadi. Savolga javob topish uchun shu shaharga kelib, ishlab, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari kerak, deb o‘ylayman.

Dubay ‒ juda katta imkoniyatlar shahri. Yetti amirlikning ichidagi eng rivojlangan shahar hisoblanadi. U yerdagi so‘z erkinligi, barcha sohalarda servis xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yerda qanday inson yoki qaysi kiyimda ekaningiz, amalingiz ularni qiziqtirmaydi. Barchaga bir xil xizmat ko‘rsatiladi. Mehmonxona eshigidan ichkariga kirildimi, siz mehmonxonaning aziz mehmoni hisoblanasiz.

Bu yerda kompaniyalarga egalik qiladigan yurtdoshlar ham bor

Avvalo, barchasi Allohdan. Qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, ish topsa bo‘ladi. Yurtdoshlarimizning aksariyati mehmonxona, savdo-sotiq, ko‘chmas mulk sohasida ishlashyapti. Yetarli bilim hamda malakaga ega bo‘lsa, ishlay oladi. O‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, o‘zbek oshxonalari ochgan, hatto, katta kompaniyalalarga egalik qiladigan o‘zbeklar bor bu yerda.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, xizmat ko‘rsatish, imkoniyatlar va tinchlik shahri. Hamma o‘z ishi bilan band. Birov bilan birovning ishi yo‘q.

Dubayga ko‘plab mamlakatlardan migrantlar kelib ishlaydi. Ob-havosi juda ajoyib. Aksariyat odamlar BAA orollarini cho‘l va 50 gradus issiq deyishadi. Aslida, Birlashgan Arab Amirliklarida ikki fasl: qish va yoz mavjud. Ya’ni, 6 oy qish bo‘lsa, 6 oy yoz davom etadi. Menga ko‘proq qish fasli yoqadi. Iyul-avgust oylarida havoning harorati 50 gradusdan ortiqni ham tashkil qilishi mumkin. Namlik hisobiga yozda yurish sal qiyinroq.

Dastlabki mehnat faoliyatim haqida

Rasman 2014 yilning yanvar oyidan ish faoliyatim boshlangan. Ilk ish joyim ‒ yosh bolalar klubi edi. Kelgan mehmonlarning 2-12 yoshgacha bo‘lgan farzandlarining vaqtini chog‘ o‘tkazish maqsadida, ular bilan turli dasturlar, ko‘ngilochar o‘yinlari o‘tkazar, sport turlari bilan shug‘ullantirar edik.

Qabulxonada 9 oy mobaynida ishladim. So‘ngra “Jumeirah grouop” tarkibidagi boshqa firmaga hujjatlarimni topshirdim. Ushbu brend ostidagi mehmonxonalar yonma-yon joylashgan. “Madinat Jumeirah”ning “Dar Al Masyaf” qabulxonasiga qabul qilindim.

Mas’uliyat katta edi. Tabiiyki, bu yerga keladigan mehmonlar muammosiz dam olishni xohlaydi. Ularga sifatli xizmat ko‘rsatishga harakat qilar edik. Osmono‘par “Burj Xalifa”da ovqatlanish, turli qimmatbaho avtomashinalarda cho‘lni sayr qilish, musaffo dengiz yo basseynlarda dam olish kabi ishlarni tashkillashtirardik.

Aksariyat mehmonlar cho‘lda sayohat qilish va golf o‘ynashni yoqtirishardi. O‘sha paytda shu brend yangi mehmonxona qurayotgandi. Menejyerimning o‘zi taklif bilan chiqdi, men rozi bo‘ldim. Ishxonaga yangi kelgan xodimlarga ish o‘rgatdik. “Food-Testing” qilib turli ovqatlardan tatidik, servislarni tekshirdik. Xuddi sayyohlardek yashadik 1 hafta davomida. Bu juda muhim edi, albatta.

Yangi mehmonxona ochilishi juda qiyin bo‘larkan. Ikki oy davomida muammolar bo‘lib turdi. 2017 yilning yoz oylarida boshqa sohada o‘zimni sinab ko‘rish istagi tug‘ildi.

Xato kechirilmas edi

Portugaliyaning “Sacoor Brothers” kompaniyasidan taklif oldim. Bu yerda oylik ko‘p, ammo qulayliklar kamroq edi. Ochig‘i, bir oy qiynaldim. Hisobim bo‘yicha 7 oy mobaynida sotuvchi bo‘lib ishladim.

Kompaniyaning 30 ga yaqin do‘konlari bor edi. Keyinchalik “Supervisor – guruh sardori” lavozimiga o‘tdim. Kostyum-shim, futbolka, oyoq-kiyimlar sotilardi. Bu lavozimda uch oy ishladim. Kunlardan birida kompaniya rahbarlari biz bilan trening o‘tkazdi. Treninglar davomida kadrlar bo‘limi boshlig‘i menga «agar senga imkon berilsa, bosh ofisga borib ishlarmiding?», deya taklif bildirdi. Rosti, kutmagan edim.

Meni Brend-trener qilib ishga olishmoqchi edi. “Sacoor Brothers” kompaniyasida qariyb 2,5 yil ishladim. Bu yerda o‘zim uchun katta tajriba to‘pladim. Qoidalar juda qattiq, barcha xodimlar xato qilmaslikka urinardik. Sababi, xato kechirilmas edi.

Va nihoyat, “Transmed” kompaniyasi

Hozirda “Transmed” kompaniyasida faoliyat olib bormoqdaman. Bunday kompaniyalar BAAda juda ko‘p ekanini qayd etishni istardim. Asosiy ish dilerlik, ya’ni, ta’minotchilikdan iborat.

“Transmed” kompaniyasi 1946 yili Livanda tashkil topgan va BAAga 1975 yili kirib kelgan. Bugungi kunda Afrika qit’asi mamlakatlari va Turkiyada ham faoliyatini olib boradi.

Asosan, insonlarning kundalik ehtiyojlari va iste’mol mahsulotlari: shampun, sovun, bolalar tagligi (pampers), ayollar gigiyenik vositalari kabi brendlar. Biz BAAdagi yagona ta’minotchi hisoblanamiz.

Ushbu kompaniyaga kelishimga Davronbek aka sababchi bo‘lgan.Ular bu kompaniya haqida ma’lumot bergach, qiziqishim ortib, hujjat topshirganman. O‘n ikki nomzod ichidan meni tanlashgan.

Dubayda gipermarketlar ko‘p. Xususan, brendlar ham. “Carrefour”, “Lulu”, “Union Coop”, “Sharjah cop”, “Emirates coop” shular jumlasidan. Biz asosan, kompaniyalar o‘rtasida vositachi – biznesni rivojlantirish xodimi hisoblanamiz. Mahsulotlar haqida o‘z takliflarimizni beramiz. Gipermarketlardagi mahsulotlar biz tomondan sotilgan brend mahsulotlaridir.

Masalan, bolalar tagliklarining turli o‘lchamlari bor. Agar birorta o‘lcham sotilmay qolsa, biz uchun xunuk ish hisoblanadi. 10 xil mahsulot bo‘lsa, hammasi gipermarketlarga borishi kerak. Bo‘lmasa, bu salbiy oqibatlarga olib keladi.

Shahardagi deyarli har bir gipermarketda xodimimiz bo‘lib, ular holatlarni tekshiradi: mahsulotlarning turishi, sifati, talabgirligi degandek. Mahsulotlarimiz har bir gipermarketda bir xil turishi kerak. Merchendayzerlar rastalar holatiga javob berishadi. Xullas, hamkorlikda, doimo aloqada faoliyat yuritiladi.

Yashash uchun kurash shiddatli kechadi

Ba’zida, ijtimoiy tarmoqlar orqali bu yerga kelib ishlash haqida savollar berishadi. Xo‘sh, mehmonxona yoki savdo-sotiq sohasida ish topish imkoniyati katta. Bunda, albatta, ingliz tilini bilish juda muhim. Ko‘p do‘stlarim tilni bilmagach, ishlay olmay, qaytib ketishgan. Tilni bilmay kelish katta xato.

Ishga olish tartibi qat’iy prinsiplar asosida. Nazarimda, Dubayning hamma yeri ham havas qilarli darajada emas. Hindistonlik, pokistonlik, bangladeshlik mehnat muhojirlari juda ko‘p. Qiyin sharoitlarda ishlayotganliklarining guvohi bo‘lganman. Bunday ishlarga taklif qilmagan bo‘lar edim.

Ish beruvchi kompaniyalar ko‘p. Ammo ish qidirganlar undan ham ko‘p. Misol uchun, bu yerga kelib, bir oy ish qidirasiz. Topilgach, yana bir oy kutishga majbursiz. Sababi viza, ishga joylashishda zarur bo‘ladigan hujjatbozlik, suhbat va hokazolar. Oylik esa oyning oxirida. Uy ijarasi va yashash uchun esa pul kerak.

Agar Dubayga kelib, 3-4 oy ishlab yaxshi daromad qilaman desangiz, adashasiz. Kelishingiz bilan ish topsangiz ham, topganingiz viza va bilet pulini ham qoplamasligi mumkin. Yurtimizda esa o‘z uyidan turib pul topayotgan tanishlarim borligini bilaman.

Dubayga kelib ishlamoqchi bo‘lgan inson obdon puxta o‘ylashi, reja qilishi kerak. O‘z ustida ishlab, rejani 3-4 yil deb qo‘yish kerak. Eng kamida Dubay bilan to‘liq tanishish uchun bir yil vaqt ketadi.

Yurtimizdagi ko‘p tanishlarim faqat diplom olish uchun o‘qiyotganini aytishadi. O‘qigan sohasida ish topish juda qiyin. Nufuzli universitetlarda o‘qishgan bo‘lsa-da, Dubayda oddiy ishlardan boshlashgan.

Bu shaharda ta’lim shartnoma pullari juda qimmat: O‘zbekistonda qizil diplom olgan bo‘lsangiz ham, bu yerda oddiy ishchi bo‘lib ishlashingizga to‘g‘ri keladi.

Hukumat mahalliy aholidan xavotirda

Bu shaharda ko‘plab nufuzli universitetlarning filiallari faoliyat yuritadi. Guvohi bo‘lganim, mahalliy aholining ishlamaslik darajasi tushib ketyapti. Hozirda hukumat tomonidan mahalliy aholini ishga joylashtirish g‘oyasi hayotga tatbiq etilmoqda. Shu bois har bir tashkilotda mahalliy aholini ko‘rishingiz mumkin. Hukumat kelajakda aholisi ishsiz, tajribasiz bo‘lib qolishidan xavotirda.

O‘zbeklar haqida yomon gap eshitmaganman

Muhojirlarga nisbatan munosabat yaxshi, irqchilik yo‘q hisobi. Hammani birdek ko‘rishga harakat qilishadi. Yurtdoshlarimiz haqida munosabatlari, fikrlari yaxshi. Shu vaqtgacha o‘zbeklar haqida yomon gap eshitmaganman.

Bugungi kunda Dubay, umuman amirliklarda yurtdoshlarimiz soni keskin o‘syapti. Xoh u ovqatlanish tarmog‘i yoxud savdo ko‘rsatish shoxobchasi bo‘lsin, albatta, yurtdoshlarni ko‘rishingiz mumkin.

Bundan 6-7 yil ilgari asosan Toshkentdan kelgan mehnat muhojirlarini uchratar edim. So‘nggi paytlarda vodiylik yurtdoshlar ham ko‘payib bormoqda. Ingliz tiliga qaratilgan yuksak e’tibor tufayli, deb bilaman buni. Hozirda Dubay shahrida Marhamatning o‘zidan 30-40 kishi “rizq”ini terib yuribdi.

Maqsadim: Dubaydagi xizmat ko‘rsatishni yurtimizda tatbiq etish

Rejalarim bisyor. Dubaydagi servis darajasini yurtimizga, xususan, Marhamat tumaniga olib kirish.

Oilam, ya’ni, ayolim va farzandim bilan Dubayda istiqomat qilaman. Albatta, yurtni sog‘inaman. Deyarli har kuni uydagilar bilan aloqadamiz. Rejalarim ko‘p, ammo butunlay ketish niyatim yo‘q, hozircha. Shuningdek, oliy ta’lim olish niyatim ham yo‘q emas.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar bilan viza tartibini soddalashtiradi

Work and Travel kabi dasturlarda ishtirok etuvchi talabalarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi. O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Germaniya va Kanada bilan viza tartibini soddalashtiradi. Bu haqda 7-dekabr kuni...

Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi

OTM talabalari, texnikum, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari uchun ta’til 25-dekabrdan 7-yanvargacha davom etadi Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy...

Kelasi yildan O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi

Ayrim tadbirkorlarga onlayn davlat xaridlarida ishtirok etishda vositachilik yig‘imiga chegirma berilib, qo‘shimcha zakalat kiritilmaydi. 3-dekabr kuni “Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar...

O‘zbekistonlik tikuvchi BBCning 2024-yilgi “100 nafar ayol” ro‘yxatiga kirdi

Dilorom Yo‘ldosheva 40 nafar ayolga tikuvchilikni o‘rgatib, ishchi va maktab o‘quvchilari uchun kiyim-kechak tikishni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekistonlik tikuvchi va tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva 2024-yilgi dunyoning ilhomlantiruvchi va nufuzli ayollarini...

Oktabrda aholi valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi farq $600 mlnni tashkil etdi — Markaziy bank

Yil boshidan beri aholi banklarga $13,2 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotgan, ulardan esa $7,72 mlrd miqdorida sotib olgan. Oktabr oyida aholining chet el valyutasini sotish va xarid...

Endi o‘zbekistonliklar Xitoyga vizasiz borishlari mumkin bo‘ladi

Endi o‘zbekistonliklar Xitoyda 30 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi. 1-dekabr kuni O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarni...