Ochiq muloqotda ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi

 

Unda davlat rahbari qayt etgan topshiriqlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.Prezidentning tadbirkorlar bilan joriy yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan davlat rahbari qarori qabul qilindi.

Qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi»da quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni amalga oshirish belgilanmoqda:

  • kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish;
  • o‘rta biznesni barqaror iqtisodiy o‘sish garoviga aylantirish;
  • yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish;
  • yuqori va daromadli korxonalarni ko‘paytirish;
  • sodda soliq ma’muriyatchiligi va byurokratiyadan xoli qulay muhit yaratish.

Ochiq muloqotda “Qishloq qurilish banki” “Biznesni rivojlantirish banki»ga aylantiriladi va tadbirkorlarga ushbu bankga ulushdor bo‘lib kirish huquqi berilishi ta’kidlangandi.Mazkur bankka Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari hisobidan bosqichma-bosqich $500 mln miqdorida resurs ajratiladi.

  • Biznesni rivojlantirish banki hamda uning huzurida quyidagilar tashkil etildi:
  • “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati;
  • hududlarda 14 ta kichik biznesga ko‘maklashish markazlari.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida Biznesni rivojlantirish banki tomonidan kichik biznes loyihalari uchun 7 yilgacha muddatlarda kreditlar ajratiladi.

Ijobiy kredit va soliq tarixiga ega tadbirkorlarga garov talabi 50%ga kamaytiriladi.Qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffitsientini qo‘llash amaliyoti taqiqlanadi. QQS bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish tartibi bekor qilinadi.

Sanoat sohalarida “140ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturi joriy etiladi hamda unga kiritilgan loyihalarni tadbirkorlarga ochiq tanlov asosida taklif etish maqsadida elektron platforma ishlab chiqiladi.

Foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mga oshiriladi.

Tadbirkorlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tishdan oldin Jamoatchilik kengashi muhokamasidan o‘tadi.

Har bir hududning Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari ro‘yxatini va tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi amalga oshiriladi.Shu bilan birga, 2024-yilgi prezidentning ochiq muloqotini Qoraqalpog‘istonda tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati uchun zarur bo‘lgan import xomashyo, bo‘yoq va kimyoviy vositalar, furnitura, sovutish tizimlari va aksessuarlar 3 yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi.

Yillik eksport hajmi $500 mingdan oshgan qandolatchilik korxonalariga Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan aylanma mablag‘ ajratish tartibi joriy etiladi.

2024-yildan aholi va tadbirkorlarga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.

To‘lov miqdori kredit majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmaganda, mablag‘lar quyidagi tartibda yo‘naltiriladi:

  • birinchi navbatda, mutanosib ravishda muddati o‘tgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarni;
  • ikkinchi navbatda joriy to‘lov uchun hisoblangan foizlar va asoisy qarzni;
  • keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qoplashga.Axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro platformalarda $100 minggacha qiymatdagi shartnoma va hisob-fakturalarni rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.

Ohangaron tumanidagi charmni chuqur qayta ishlash sanoat zonasida suv tozalash inshootini qayta barpo etish maqsadida davlat budjetidan 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Ishlab chiqarilganiga 25 yildan oshmagan, ijara va lizing asosida vaqtincha olib kiriladigan samolyotlar davriy bojxona to‘lovidan ozod qilinadi.

2024-yildan tadbirkorlarning ishonchlilik reytinggi joriy qilinadi. “Onlayn mahalla” platformasida tadbirkorlar tomonidan soliq organlarining faoliyatini baholash imkoniyati yaratiladi.

Islomiy mahsulotlar, xizmatlar va bankalr faoliyatining huquqiy asosi yaratiladi hamda islomiy mahsulotlar va xizmatlar hamda ularni ko‘rsatuvchi tashkilotlarni soliqqa tortishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanadi. Shuningdek, islom moliyasi asosida jalb qilingan omonatlarni himoya qilishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari yaratiladi.Chetdan olib kelinadigan tabiiy olmos, zumrad, sapfir kabi qimmatbaho toshlar qo‘shilgan qiymayt solig‘idan ozod etiladi, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga bojxona boji nol stavkada belgilanadi.

Xalqaro amaliyotda fitosanitariya sertifikati talab etilmaydigan tovarlarni import qilishda eksport qiluvchi davlatning fitosanitariya sertifikatini talab etish amaliyoti bekor qilinadi.

Javob qoldiring:

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni kiriting