Bolaligida Piter Bek kosmosga raketalar uchirishni orzu qilardi. Uning otasi teleskoplar loyihalashtirgan va 23 yil davomida direktorlik qilgan Sautlend muzeyi va San’at galereyasi qoshida Yangi Zelandiyaning eng janubiy observatoriyasini barpo etgan. Piterning tan olishicha, aynan otasining sarguzashtlarga boy ruhi tufayli unda kosmos va texnikaga muhabbat uyg‘ongan.
“Ilk bolalik xotiralarimdan biri — tunda ko‘chada turib, yulduzlarga qaraganim”, — degan Bek. “Ko‘pchilik bolalar ulg‘ayganda kim bo‘lishni o‘ylab yurishardi, men esa boshidanoq raketalar yasashni xohlayotganimni bilardim”.
Biroq bu orzuni amalga oshirish uchun hech qanday sharoit yo‘q edi. Yangi Zelandiyada kosmik sanoat ham, tegishli milliy agentlik ham mavjud emasdi. Oilasining esa Bekni AQShda o‘qitish uchun mablag‘i yo‘q edi.
Yoshligida Bek kollejga kirishni istamadi va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi zavodda ishlay boshladi. Mahalliy ustaxonada u bolaligidan qiziqqan ish — tajribalar o‘tkazishni boshladi. Oradan vaqt o‘tib, unga AQShga borish va aerokosmik konferensiyalarda qatnashish imkoniyati nasib etdi. Orzu bilan vatanga qaytgach, nihoyat o‘z biznesini boshlashga qaror qildi.
Tadbirlardan birida Piter tadbirkor Mark Roket bilan tanishdi va u uning birinchi investori bo‘ldi. Ular birgalikda «Rocket Lab» kompaniyasini boshqara boshlashdi. 2009-yilda kompaniya o‘zining ilk raketasini samoga uchirdi.
Bir necha yil o‘tgach, Mark Roket kompaniyani tark etganidan so‘ng, Bek yanada yirik loyihalar uchun investor izlab yana AQShga yo‘l oldi. Va bu safar ham muvaffaqiyatga erishdi. Shundan so‘ng kompaniya Yangi Zelandiyadan Kaliforniyaga qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi, Amerika manbalaridan mablag’ olindi va «Electron» nomli raketa-tashuvchining sinov parvozlari amalga oshirildi.
Bugungi kunda «Rocket Lab» dunyodagi eng ko‘p uchiriladigan raketalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya 2027-yilga borib 656 million dollar daromad olishni prognoz qilmoqda, 2029-yilgacha esa eng og‘ir sun’iy yo‘ldoshlarni hisobga olmaganda, dunyodagi barcha sun’iy yo‘ldoshlarning 98 foizigacha bo‘lgan qismini orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda.
