Regulyator ilk bor zaxiralarga oid ma’lumotlar tarkibida qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha statistikani taqdim etdi.
May oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $1,5 mlrddan ortiqqa oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan. Joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oylik $1,52 mlrd o‘sish bilan, $36,6 mlrdni tashkil etdi.
Xorijiy valyutadagi aktivlar miqdori aprel oyidagi pasayishdan keyin $1,24 mlrdga oshib, $9,26 mlrdga yetdi.
Regulyator ilk bor zaxiralarga oid ma’lumotlar tarkibida qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha statistikani taqdim etdi. Unga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar $35 mlnni tashkil etgan. Avvalroq Markaziy bank birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritgandi.
Shuningdek, regulyatorning boshqa mamlakatlar markaziy banklari hamda XVJdagi depozitlari hajmi sezilarli oshib, $422,7 mlnni tashkil etdi.
Boshqa xorijiy moliya institutlarining hisobvaraqlaridagi mablag‘lar miqdori esa bir oy davomida $1,2 mlrdga oshdi. Natijada, ko‘rsatkich yil boshidagi $8,8 mlrdni qayd etdi.
Mayda mamlakat oltin zaxiralari biroz ($278,8 mln) o‘sib, $26,8 mlrdni tashkil etdi. Zaxiradagi oltinning fizik hajmi biroz pasaydi — 11,4 mln troy unsiya.