Matbuot xizmatiYangiliklarO‘zbekistonda 2027-yili birinchi islomiy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda 2027-yili birinchi islomiy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi

2030-yilgacha mamlakatda islomiy moliyaning huquqiy asoslari yaratilib, kamida uchta bankda islomiy mahsulotlar joriy etiladi.

2030-yilga borib O‘zbekistondagi uchta bankda islomiy moliya xizmatlari paydo bo‘ladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida keltirilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratish hamda kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Dastlab 2027-yilda mamlakatdagi bitta bankda islomiy mahsulotlar joriy etiladi, 2029−2030 yillarda esa ularning soni uchtaga yetkaziladi. Ushbu tashabbuslar tijorat banklari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Buning uchun Markaziy bank mas’ul etib belgilangan.

Regulyator 2030-yilgacha O‘zbekistonda kamida 10 ta to‘laqonli islomiy bank paydo bo‘lishini kutmoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning ta’kidlashicha, an’anaviy banklarda ham “islomiy darchalar” ochiladi — bunday xizmatlarni uchta davlat bankida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Biroq u davlat banklari hali aniqlanmaganini qo‘shimcha qildi.

Markaziy bank islomiy moliyani yashirin iqtisodiyotdagi mablag‘larni bank tizimiga jalb qilishning muqobil mexanizmi sifatida ko‘rmoqda. Turdaliyevga ko‘ra, aholining yarmi islomiy mahsulotlarni afzal ko‘rishi mumkin, biroq an’anaviy bank xizmatlaridan butunlay voz kechuvchilar ulushi ancha kam.

BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) so‘rovnomasiga ko‘ra, aholining 68%i, tadbirkorlarning esa 60%i diniy eʼtiqodi sabab, anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

2025-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi islomiy bank to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Hujjat islomiy banklar uchun alohida litsenziya va oddiy banklarda “islomiy darchalar»ni ochish imkoniyatini nazarda tutadi, shuningdek, asosiy mahsulotlar — Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlarini belgilaydi.

Markaziy bank islomiy moliya standartlarini belgilash va banklar huzuridagi shariat kengashlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari beriladi va ularning notarial harakatlari mol-mulkni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi.

Spot bilan suhbatlashgan mutaxassislar, shuningdek, islomiy bankingni joriy etish moliyaviy faollikni oshiradi va iqtisodiyotga katta miqdordagi ichki mablag‘larni jalb qiladi, deb hisoblaydi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda OTMlarda dual ta‘limning yangi tizimi joriy etiladi

Prezident “Oliy ta‘limda dual ta‘lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Hujjatga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan OTMlarda...

Prezidentimiz ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslarni belgilab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi...

Davlatimiz rahbari taʼlimdagi islohotlar natijalari va zamonaviy ilmiy infratuzilma bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari...

Samarqand zafaridan jahon shaxmat markazi sari: Prezidentimiz chempionlar bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, ularning yaqinlari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni Samarqandda oʻtkazilgan 46-Butunjahon shaxmat...

Maktab va oliy ta’limdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali...

Davlatimiz rahbari shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi

Qadrli o‘g‘il-qizlarim! Hurmatli ustoz va murabbiylar! Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ikki...