Joriy yilning 17-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi.
Mazkur farmonga muvofiq, 1-apreldan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangicha yondashuvlar joriy etiladi.
Xususan, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 440 ming so‘mdan 622 ming so‘mga yetkaziladi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalari va odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga har oyda 500 ming so‘m miqdorida yangi turdagi parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Farruh Pardayevning ta’kidlashicha, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda o‘zgalar parvarishiga muhtojligini belgilash va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda taqdim etib borish tizimini yo‘lga qo‘yiladi.