Matbuot xizmatiYangiliklarMarkaziy bank iqtisodiy o‘sish prognozini 5,2-5,7 foizgacha pasaytirdi

Markaziy bank iqtisodiy o‘sish prognozini 5,2-5,7 foizgacha pasaytirdi

Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, joriy yilda pul o‘tkazmalari miqdori 12-12,5 mlrd dollar atrofida shakllanishi mumkin. Regulyator aholi uchun energiya resurslari narxi oshirilishining umumiy inflatsiyaga birlamchi ta’sirini 2,4 foiz bandga baholadi va yillik inflatsiya 9-11 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha joriy yildagi umumiy inflatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan «2024 yilning I choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi»da ma’lum qilindi.

Makroiqtisodiy prognozlar

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda iqtisodiy o‘sish 5,2-5,7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich joriy yil yanvardagi hisob-kitoblarga (5,5-6 foiz) nisbatan pasaygan. Bu aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga kelgusida iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi bilan ifodalangan.

Tashqi savdo

Joriy yilning I choragida eksportning (oltinsiz) o‘sish dinamikasi asosiy ssenariy prognozlari doirasida shakllangan. Jahonda atom energetikasining roli ortib borayotganligi sababli uran qimmatlashishi va Xitoy ishlab chiqarish sektoridagi ijobiy tendensiyalar tufayli mis narxining o‘sishi joriy yilda oltinsiz eksport dinamikasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Shu bilan birga, paxta narxi chorakning dastlabki oylaridagi keskin o‘sishidan so‘ng o‘tgan yilgi qiymatlarga qaytgan bo‘lsa, narxning keyingi trayektoriyasida yuqori noaniqlik saqlanib qolmoqda. Yuqoridagi omillar hisobiga jami eksport o‘sishi 9-12 foizni, oltinsiz eksport o‘sishi esa 12-14 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.

Hisobot davrida importning o‘sish sur’ati biroz pastroq shakllanib, ushbu pasayish o‘tgan yilgi transport vositalari importi fonida yuzaga kelgan yuqori baza bilan izohlangan. I chorakda mashina va asbob-uskunalarsiz importning o‘sishi dinamikasi qariyb 8 foizni tashkil etgan. Joriy tendensiyalarni hisobga olgan holda import o‘sish prognozi 10-12 foiz darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda.

Pul o‘tkazmalari va mehnat bozori

Valuta kurslarida sezilarli tebranishlar kuzatilmagan taqdirda, pul o‘tkazmalari prognozi 2024 yil oxirigacha 12-12,5 mlrd dollar atrofida shakllanishi prognoz qilinyapti. Yanvar-mart oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizga oshib, 2,5 mlrd dollarga yetgan.

Shu bilan birga, ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning erkinlashtirilishi va natijada inflatsiyaning tezlashishi hisobga olinganda, aholi tasarrufidagi real daromadlar biroz pasayishi, ularning tarkibiy o‘zgarishi va bunga mos ravishda shaxsiy iste’mol ma’lum darajada maqbullashishi mumkin.

Inflatsiya

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi uchun energiya resurslarining ijtimoiy me’yor bo‘yicha narxlari oshirilishining umumiy inflatsiyaga birlamchi ta’siri 2,4 foiz bandni (xususan, elektr energiyasi – 1,2 foiz band, tarmoqli tabiiy gaz – 1 foiz band, suyultirilgan gaz – 0,2) tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Yuridik shaxslar uchun energiya tariflari o‘tgan yili oshirib bo‘lingani va bu o‘zgarishlar faqat uy-xo‘jaliklariga nisbatan amalga oshirilayotgani hisobiga uning ikkilamchi ta’siri yuqori bo‘lmasligi kutilmoqda. Ushbu ikkilamchi ta’sir asosan inflyatsion kutilmalarning o‘zgarish darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi.

O‘rta muddatli davrda bazaviy inflatsiyaning barqaror pasayib borishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning aprel oyidan tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar va ayrim kommunal xizmatlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilishi qisqa muddatli istiqbolda bazaviy inflatsiyaning pasayuvchi tendensiyasini sekinlashtirishi mumkin.

Qayd etilishicha, avvalgi yillardagi budjet xarajatlarining yuqori sur’atda o‘sishi ta’sirlari kamayib borishi bilan bir qatorda kelgusida fiskal intizomga rioya qilinishi va budjet xarajatlarining yil boshida belgilangan darajalari doirasida amalga oshirilishi inflatsiyaga talab tomondan qo‘shimcha bosim shakllanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib, yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, 2024 yil II choragida bir martalik ta’sirlar hisobiga umumiy inflatsiya ko‘rsatkichi oshishi va nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari davom ettirilishi natijasida yil yakuniga umumiy inflatsiya 9-11 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda.

Fiskal holat

Davlat budjeti taqchilligi I chorakda 19,8 trln so‘mni yoki YaIMga nisbatan 8,2 foizni tashkil etgan. Mazkur yuqori taqchillik iqtisodiyotning moliyaviy holatiga potensial bosimni shakllantirib, davlat xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi sezilarli nomutanosiblikni aks ettiradi.

So‘nggi davrlarda (2023 yilning III choragini hisobga olmaganda) kuzatilgan musbat fiskal impuls tendensiyasi iqtisodiyotda rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat davom etayotganligini ko‘rsatadi.

Yuqori fiskal taqchillik qisqa muddatli iqtisodiy faollikni oshirsa-da, o‘rta muddatda potensial o‘sishga hamda narxlar barqarorligiga salbiy ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Barqaror budjet-soliq siyosatini saqlab qolish va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun ushbu tafovutning bartaraf etilishi muhim hisoblanadi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,6% gacha kamaydi — Shavkat Mirziyoyev

Prezident ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan Global ijtimoiy adolat fondini ta‘sis etishni taklif qildi. Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Dohada o‘tkazilgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida...

Shavkat Mirziyoyev Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 3-4 noyabr kunlari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok...

Sunʼiy intellekt asosidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun $100 mln ajratiladi

Mablag‘lar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan beriladi. Ularning yarmi davlat organlarida SI texnologiyalarini joriy etishga, qolgan yarmi esa venchur jamg‘armalar orqali innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Prezident sunʼiy...

O‘zbekistonda aholi va tadbirkorlar uchun yashil elektr tariflari 2026-yildan joriy etilishi mumkin

Energosavdo korxonasi chiqindi, biogaz, shamol va quyoshdan olingan ortiqcha elektrni belgilangan tarif asosida xarid qiladi. O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab “yashil” elektr energiyasi uchun yangi tariflar joriy etilishi...

Oʻzbekistonda talabalar bilan ijara shartnomasi tuzganlarga 9 oyda 44 mlrd soʻmlik imtiyoz berildi

Soliq qoʻmitasi Oʻzbekistonda 584 mingdan ortiq ijara shartnomasi hisobga qoʻyilganini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, ular boʻyicha 828,7 milliard soʻm soliq hisoblangan. Bunda jismoniy shaxslar oʻrtasida tuzilgan...

Sun‘iy intellektni rivojlantirishga mas‘ul hokim maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

Prezident sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Hujjat bilan, Sun‘iy intellekt alyansi nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etiladi. U davlat organlari, xususiy sektor va ilmiy jamoatchilik sa‘y-harakatlarini birlashtirish,...