Shuningdek, Jahon banki ko‘magida oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi.
Markaziy bank tarixda birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritdi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.
Jahon banki missiyasi doirasida xalqaro zaxiralarni boshqarishda diversifikatsiyaning ahamiyati, jumladan, xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya qilish, risklarni baholash, shuningdek, Markaziy bankning tarkibiy tegishli bo‘linmalari ish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha maxsus treninglar o‘tkazildi.
Jahon banki ekspertlari regulyator xodimlarining qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish, savdo va hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish, buxgalteriya hisobi va muvofiqlikni o‘rnatishda risklarni boshqarish bo‘yicha malakasini oshirishga yordam berdi.
Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlarga birlamchi investitsiyalar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirdi va tegishli investitsiya portfellarini shakllantirdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Jahon banki g‘aznachiligi ekspertlari xalqaro zaxiralarni boshqarish tizimi va regulyatorning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, oltin-valyuta zaxiralari tarkibiga yangi moliyaviy vositalarni kiritish va Markaziy bank xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha kelgusidagi harakatlar to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari $35,1 mlrdni tashkil etdi, bu zaxiralarning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i oltin zaxiralariga to‘g‘ri keladi, ularning qiymati 2018-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.