Matbuot xizmatiYangiliklarIjtimoiy tarmoqlar ruhiy va jismoniy salomatlikka qanday taʼsir koʻrsatadi?

Ijtimoiy tarmoqlar ruhiy va jismoniy salomatlikka qanday taʼsir koʻrsatadi?

Smartfon, planshet va noutbuklar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ular bilan odamlar hayotiga ijtimoiy tarmoqlar tushunchasi ham kirib keldi. Bugungi kun odamlarining ish faoliyati ham, shaxsiy hayotlari ham ijtimoiy tarmoqlar bilan bevosita bogʻliq. Olimlar zamonaviy gadjetlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning organizm, ruhiy salomatlikka taʼsirini oʻrganish uchun bir necha bor qiziqarli tadqiqotlar oʻtkazishgan. Ular bilan tanishib chiqishni istaysizmi?

Ijtimoiy tarmoqlar salomatligimizga qanday taʼsir koʻrsatadi?

Ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari bogʻlanib qolish odamlarning real hayotni unutib qoʻyishlariga sabab boʻlayotgani rost. Texas universiteti olimlaridan iborat guruh tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot xulosalariga koʻra, smartfon va ijtimoiy tarmoqlar odamdagi kognitiv qobiliyatlarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Diqqatni bir yerga jamlashga xalal beradi, fikrlash imkoniyatini cheklab qoʻyadi. Smartfonga haddan tashqari koʻp chalgʻish oqibatida xayol tarqoqligi yuzaga keladi.

Bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklashning foydasi bormi?

2017-yilda Kremniy vodiysida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, aksariyat ota-onalar farzandlarini gadjetlarsiz voyaga yetkazishni istashadi, buning uchun ularning ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkaziladigan vaqtini cheklashga harakat qilishadi.

Oʻz vaqtida Stiv Jobs ham farzandlariga gadjetlardan foydalanish masalasida cheklovlar qoʻygan. “Apple“ning ayni vaqtdagi rahbari Tim Kuk esa 2018-yilda jiyanlariga ijtimoiy tarmoqlarda roʻyxatga oʻtishga ruxsat bermasligini aytib oʻtgandi.

Ruhshunoslar virtual muloqotlar real muloqotlar jarayonini cheklab qoʻyayotgani, yoshlar orasida “baxtsizlik epidemiyasi”ni keltirib chiqargani haqida bong urishmoqda. San-Diyego universiteti olimlari ijtimoiy tarmoqlarda kuniga 5 soatdan koʻp vaqt oʻtkazadigan bolalar internetga 2 soatdan koʻp vaqt sarflamaydigan bolalarga nisbatan oʻzlarini baxtsizroq his qilishlarini aniqlashgan.

Dijital-detoks nima va undan foyda bormi?

Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardan maʼlum muddatga voz kechib, diqqatni bir yerga jamlash, hech boʻlmaganda dam olish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kirmaslik usuli ommalashib bormoqda. 2010-yili Merilend universiteti olimlari talabalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazishadi. Tajribada ishtirok etgan talabalarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlar va smartfondan 1 sutkadan koʻproq vaqt mobaynida cheklab qoʻyilgan holda oʻzlarini yomon his qilishgan. Ularning ayrimlari sevgan odamlari bilan vaqt oʻtkazishdan koʻra smartfon bilan vaqt oʻtkazishni afzalroq koʻrishgan.

Shunga qaramasdan, ruhshunoslar ijtimoiy tarmoqlardan vaqti-vaqti bilan dam olish ruhiy holat uchun foydali ekanligini taʼkidlashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda mazmunli vaqt oʻtkazishning 6 qoidasi

Oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovnomalar natijasiga koʻra, 18 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan internet foydalanuvchilarining aksariyati ijtimoiy tarmoqlar tufayli oʻzlari uchun muhim boʻlgan ishlarni ham ortga surishga oʻrganib qolishgan. Baʼzan ijtimoiy tarmoqlarda vaqt qanday oʻtib ketganini sezmay qolishimiz rost, bu esa bir necha kun, oy, baʼzan esa yillarning yoʻqotilishiga sabab boʻladi.

Ijtimoiy tarmoqlardan oʻrinli foydalanish va internetda mazmunli vaqt oʻtkazish uchun quyidagi 6 qoidaga har doim amal qiling.

Obuna boʻlgan sahifalaringizni tez-tez koʻzdan kechirib turing.

Bir oyda bir marta obuna boʻlgan sahifalaringiz roʻyxatini tahlil qilib, siz uchun qiziq boʻlmagan sahifalarni oʻchirib tashlang. Ayni vaqtda siz uchun hammasidan ham muhim boʻlib turgan mavzularni esa aniqlashtirib oling. Sizga kimningdir fikrini emas, haqiqatdan ham bebaho maʼlumotlarni bera oladigan kontent taqdim etiluvchi sahifalarni olib qolsangiz bas.

Kontentni bir-biridan ajrating.

Buni bir nechta usul yordamida amalga oshirish mumkin. Misol uchun, ikkita akkaunt ochasiz: biri shaxsiy muloqot va tanishlar uchun, ikkinchisi esa ish nuqtai nazaridan sizga qiziq va foydali boʻlgan maʼlumotlar uchun. Ikkinchi usul– turli ijtimoiy tarmoqlarni har-xil kontentlar uchun ishlatishdir. Misol uchun, Instagramʼda hamkasblaringiz faoliyatini kuzatib borasiz, Youtubeʼdan oʻzingiz uchun foydali videolarni koʻrasiz, Telegramʼdan esa ish uchun foydalanasiz.

Blogerlar emas, ekspertlar sahifasiga koʻproq eʼtibor bering.

Blogerlar oʻzlarini ommaga tanitish, odamlarni hayot tarzlari bilan tanishtirish uchun sahifa ochishadi. Ekspertlar esa odamlarga foyda bera oladigan kontent yaratish bilan shugʻullanishadi. Ular bir maʼlumotni sizga yetkazishdan avval uni chuqur oʻrganishadi, ekspertlar sahifasi maʼlumotni osonroq qabul qilishga yordam beradi. Ammo, bu masalada ham meʼyor tushunchasini unutib qoʻymaslik kerak.

Kontentni guruhlar boʻyicha ajrating.

Instagramʼda kontentni guruhlar boʻyicha ajratish imkoniyati bor. Bu ham ijtimoiy tarmoqlardan imkon qadar koʻproq foyda olishingizga va internetda oʻtkazgan vaqtingiz mazmunli boʻlishiga yordam beradi.

Salbiy mazmundagi izohlar qoldirmang.

Faraz qiling, maʼlum material sizga maʼqul boʻlmadi, siz esa uning ostiga oʻz fikringizni bildirib, izoh qoldirdingiz. Tizim qoldirgan izohingizning mazmuni qanday ekanligini tushuna olmaydi va kontent sizga yoqqan deb qabul qiladi. Natijada aynan mana shu turdagi video hamda postlarni sizga yana ham koʻproq chiqarib beraveradi. Sizga yoqmagan narsaga izoh qoldirishingiz kerak emas.

Oʻzingiz uchun dam olish kunini belgilang.

2-3 haftada bir marta kunni koʻngilochar kontentlar uchun sarflashingiz mumkin, albatta. Bu miyaga dam berish, stressdan xalos boʻlishning ajoyib usulidir. Ammo, boshqa kunlari internetda keragidan koʻp qolib ketmaslik uchun oʻzingizni nazorat qilishingiz kerak. Buning uchun taymerdan foydalanish ham mumkin. Taymer ovozini eshitganingizdan keyin, internetni oʻchirib, sahifadan chiqib ketish uchun oʻzingizda kuch topa oling.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar 2030-yilgacha 2,5 baravarga oshiriladi

Keyingi besh yil ichida Toshkentni chetlab o‘tuvchi hududlararo parvozlar soni 1560 taga yetkaziladi, mamlakat bo‘yicha aviaqatnovlar esa 200 mingtagacha oshiriladi. O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar soni 1500...

Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi

Arizalar 20-yanvargacha onlayn qabul qilinadi hamda talabalar o‘qishini ikkita sabab bilan ko‘chirishi mumkin. Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar...

Talabalarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Yangi nizom bilan talabalar shartnoma pulini ish beruvchi hisobidan to‘lashi mumkin. O‘qish yakunlangach ular ishga qabul qilinadi. Talabalarning buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorligi tashkil etiladi. Bu haqdagi...

Tadbirkorlarga soliq hisobotini vaqtida topshirmaganlik uchun jarima miqdori kamaytirildi

Shuningdek, oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib topshirishga ruxsat...

O‘zbekiston noyabr oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirdi

Markaziy bank bir oyda 10 tonna oltin sotib oldi, biroq yil boshidan buyon sotib olish hajmi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda qolmoqda. Noyabr oyida O‘zbekiston dunyodagi...

O‘zbekistonda 2027-yili birinchi islomiy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi

2030-yilgacha mamlakatda islomiy moliyaning huquqiy asoslari yaratilib, kamida uchta bankda islomiy mahsulotlar joriy etiladi. 2030-yilga borib O‘zbekistondagi uchta bankda islomiy moliya xizmatlari paydo bo‘ladi. Bu haqda...