Foydali manbalarKutubxonaFikrlash doirangizni kengaytirishga yordam beruvchi 7 ta kitob

Fikrlash doirangizni kengaytirishga yordam beruvchi 7 ta kitob

Inson miyasi biror-kim egalik qilishi mumkin boʻlgan eng qimmatbaho va tengsiz ne’matdir. Siz oʻz miyangizni yanada yaxshi faoliyat olib borishi uchun turli xil mashqlar bilan chiniqtirib turibsizmi? Uning imkoniyatlaridan-chi, toʻliq foydalanyapsizmi? Quyidagi yettita kitob ushbu maqsadga erishishingizga yaqindan yordam beradi.

1. Curious (Qiziquvchan)

inc.com

Sarlavha: Qiziquvchanlik va uning kelajakka ta’siri

Muallif: Yen Lesli

Kitobning qisqacha mazmuni: Qiziquvchanlikdan fikrlash doirasini kengaytirishda qanday qilib foydalanish mumkinligi haqida.

Kitobdan parcha: “Qiziquvchan oʻquvchilar har qanday mavzuni chuqur oʻrganadilar. Ular moliya yoki dasturiy ta’minot muhandisligi kabi chuqur bilimni talab qiladigan sohalar uchun juda mos keladilar. Bundan tashqari, bu sifatga ega kishilar turli xil sohalarni birlashtirib turuvchi jihatlarni topa olishadi hamda barcha sohalarga foyda keltiradigan gʻoyalarni yarata olishadi. Shu sababli aqlli mashinalar kelajakda ularning oʻrnini bosa olishi qiyin masaladir. Texnologiya jadallik bilan va koʻplab ishchilarning oʻrnini egallayotgan davrda aqlli boʻlishning oʻzi yetmaydi. Kompyuterlar aqlli. Ammo har qanday kompyuter, qanchalik mukammal boʻlsa ham, qiziquvchan va izlanuvchan boʻlolmaydi.”

Qiziqarli fakt: 18 yoshlarda miya oʻsishdan toʻxtaydi. Ammo kishining aqliy faoliyatiga mos ravishda butun hayoti davomida yangi neyronlar hosil qilishni davom ettiradi.

2. Thinking, Fast and Slow (Fikrlash, tez va sekin)

inc.com

Muallif: Daniyel Kehneman

Kitobning qisqacha mazmuni: Sizning hayotdagi muvaffaqiyatingiz miyangizdagi ikkita tizimni qay darajada boshqara olishingizga bogʻliq hisoblanadi. Biri tezkor va sezgir boʻlib hissiyotlarga javobgar, ikkinchisi esa sekin ishlaydi va mulohazakorlik, mantiqiy fikrlash jarayonlariga javobgar boʻlgan tizimdir.

Kitobdan parcha: “Shaxmatdagi keyingi yurishni qilish, aksiyalarga investitsiya kiritish-kiritmaslik yoki boshqa har qanday muammoga duch kelganda ichki sezgi eng muhim qurol hisoblanadi. Agar oʻsha shaxs kerakli tajribaga ega boʻlsa, u vaziyatni toʻgʻri baholab munosib qaror qabul qilishi mumkin. Bu holat shaxmat ustasi bilan ham yuz berishi mumkin: oʻyinda qiyin holatga tushganida birdaniga qator yurishlar uning xayolini egallaydi va bularning bari raqibga nisbatan qattiq zarba berishi mumkin. Xuddi shuningdek har qanday kishi biror qiyin vaziyatga tushsa miya bor imkoniyatga ishga solgan holda savolga javob topishga kirishadi. Savol juda qiyinligi sababli avval topilgan yechim topilmagan paytda, ichki sezgi oʻz ishini qiladi: javob tezda esga tushadi. Lekin aslida esa bu asl savolning javobi emas, ichki sezgining oʻziga xos xususiyatidir: qiyin savolga duch kelganda, oʻzimiz sezmagan holda nisbatan osonrogʻiga javob topamiz.”

Qiziqarli fakt: Inson miyasi bir kunda 20 kvadrillion neyronni faollashtiradi.

3. Think Like a Freak (Xuddi telbadek fikrla)

inc.com

Shior: Telbanomika fani mualliflari miyangizni charxlashni taklif qilishadi.

Mualliflar: Stiven Levit va Stiven Dabner

Kitob haqida qisqacha: Eski muammolarga yangicha yondashish va yechim topish borasida reja va misollar.

Kitobdan parcha: “Barcha kabi boʻlishga keragidan ortiq darajada koʻnikib qolganmiz. Hatto eng muhim masalalar yuzasidan ham doʻstlar, oila va hamkasblarimizning bildirgan munosabatlariga moslashamiz, oʻylab ham oʻtirmay ularni qabul qilamiz. Bir tarafdan shunisi ham yaxshi: yangi doʻst va oila a’zolarini topgandan koʻra ular nima desa, shuni ma’qullab turish anchayin oson ish-ku, axir. Shunga qaramasdan, poda yugurgan tarafga qoʻshilib ketaverish har qanday sarqitlarga qiyinchiliksiz bagʻrimizni ochishimizni, fikrimizni oʻzgartirishimiz juda sekin va qiyin amalga oshishini, biroq shu holatimizdan oʻzimiz qoniqishimizni koʻrsatib beradi.”

Qiziqarli fakt: London iqtisod va siyosat maktabi olib borgan izlanishlarning birida ma’lum boʻlishicha, liberal ateistlarning intellekt koeffitsiyenti (IQ koʻrsatkichlari) dindor konservatorlarnikiga qaraganda bir necha barobarga yuqori ekan.

4. The Power of Habit (Odatlarning kuchi)

inc.com

Muallif: Charlz Duhig

Kitobning qisqacha mazmuni: Ma’lumki, inson biror holatga qisqa vaqt ichida odatlanib qoladi. Ushbu kitob esa mana shu xususiyatdan qanday qilib oʻz maqsadingizga erishish yoʻlida foydalanishingiz mumkinligi haqida yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi qoʻllanmadir.

Kitobdan parcha: “Soʻnggi oʻn yillikda kundalik turmush, jamiyat va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan vaqtda biz koʻnikib qolgan ish tarzi, odatlarimiz va tez-tez takrorlanuvchi harakatlarimiz psixologiyasi haqidagi bilimlarimiz ancha kengaydi. Hatto 50 yil oldin biz oʻzimiz haqimizda shu darajada koʻp ma’lumotga ega boʻlishimiz mumkin, deyilsa ham ishonish qiyin edi. Hozirgi paytda biz oʻz odatlarimiz nima uchun va qanday qilib paydo boʻlishi, oʻzgarishi va bu hodisa qanday mexanik ketma-ketlik asosida sodir boʻlishidan xabardormiz. Ularni qanday qilib boʻlaklarga boʻlish va oʻzimizning kuchli jihatlarimiz sifatida qaytadan kashf etishni oʻrgandik. Shuningdek, endilikda insonlarni kamroq ovqatlanish, koʻproq jismoniy harakatda boʻlish, yanada samaraliroq ish faoliyatini olib borish va sogʻlom turmush tarzini tashkil etishga qanday qilib oʻrgatish mumkinligidan ham boxabarmiz. Lekin ushbu odatlardan oʻzimizga kerakli maqsadlarda foydalanish tez va osonlikcha sodir boʻlmaydi. Shunga qaramasdan buni amalga oshirish mumkin.”

Qiziqarli fakt: Inson miyasi organizmdagi umumiy kislorodning 20 foizi va tanada aylanib yuruvchi qonning 20 foizini ishlatadi.

5. Moonwalking With Einstein (Eynshteyn bilan oy yogʻdusidagi sayr)

inc.com

Sarlavha: Hamma narsani eslab qolish san’at va fan sifatida.

Muallif: Joshua Foer

Kitobning qisqacha mazmuni: Ushbu kitobda jurnalist Joshua xotirani yaxshilash va rivojlantirish boʻyicha “aql sporti” ustalaridan oʻrgangan eng soʻnggi bilimlari bilan boʻlishadi.

Kitobdan parcha: “Miya mushakka oʻxshaydi. Xotira mashqlari esa uni yanada rivojlantirish va baquvvat qilishga xizmat qiluvchi asosiy vositadir. Vaqt oʻtishi bilan ular boshqa mashqlar singari miyani sogʻlom, chaqqon va epchil qiladi. Shunga qaramasdan, ma’lum baxtsiz hodisa yoki insonning qarishi sababli xotiraning tabiiy ravishda pasayishiga bu turdagi mashqlar qanchalik foyda berishi mumkin, degan haqli savol tugʻiladi. Lekin biz kuzatgan natijalar shubhaga oʻrin qoldirmadi: 47 yoshli ishtirokchi talab etilgan kamdan kam ishlatilinuvchi 100 ta soʻzni ushbu mashqlardan foydalangan holda bergilangan vaqtdan bir necha daqiqa ilgari oʻrganib boʻldi.

Qiziqarli fakt: Uygʻoqlikda miya 23 vattgacha elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Bu deyarli uchta iPhone’ni quvvatlantirish uchun yetarli energiyadir.

6. The Future of the Mind (Ongning kelajagi)

inc.com

Sarlavha: Ongni anglash, rivojlantirish va kuchaytirishga qaratilgan ilmiy izlanish

Muallif: Michio Kaku

Kitobning qisqacha mazmuni: Nevrologiya va fizikadagi soʻnggi yutuqlar bir nechta ilmiy-fantastik uydirma va toʻqimalar (ongni boshqarish, narsalarni masofadan turib ong orqali boshqarish va boshqalar) oxir-oqibat haqiqatga aylanishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Kitobdan parcha: “Ongimizga oid tushunarsiz mukammalliklarni anglab yetish uchun oynaga tikilib “Mana shu koʻzlarimiz ortida nima yashiringan?” deya savol berishimiz kifoya qiladi. Bu savol oʻz navbatida keyingi savollarni ham yetaklaydi: Bizda ruh bormikan-a? Oʻlimdan keyingi hayot qanday boʻlishi mumkin? Men oʻzi kimman? Va nihoyat ular “Men shunday ulkan borliqda qanday ahamiyatga egaman” bilan yakun topadi. Buyuk biolog Tomas Geksli aytganidek, insoniyat bilan bogʻliq har qanday savol bir-biridan qiziq. Biroq ular orasida eng qiziqarlisi insonning tabiatda oʻz oʻrniga ega boʻlishga harakat qilishi va uning koinotga boʻlgan munosabatiga oid soʻroqlardir.

Qiziqarli fakt: Miyaning birinchi muvaffaqiyatli operatsiyasi taxminan miloddan avvalgi 7000 yillar (tosh davri)da oʻtkazilgan.

7. A Mind for Numbers (Raqamlar uchun aql)

scribd.com

Sarlavha: Qanday qilib matematika va algebra fanlarida ilgarilab ketish mumkin? (Hattoki algebradan “yiqilgan” boʻlsangiz ham)

Muallif: Barbara Okli

Kitobning qisqacha mazmuni: Muhandislik yoʻnalishi professori murakkab mavzularni osonlik bilan oʻrganish uchun muqobil va koʻpincha oddiy strategiyalarni taqdim etadi.

Kitobdan parcha: “Odatda maktablarda oʻrgatilganidek, matematika fanlarning onasi boʻlishi mumkin. U mantiqiy va mukammal tarzda qoʻshilishdan tortib koʻpaytirish va boʻlish orqali matematik goʻzallik osmoniga koʻtariladi. Shunga qaramasdan, u yovuz oʻgay ona boʻlishi ham mumkin: misol ishlashda biror ketma-ketlikni buzsangiz yoki kichik bir jihatni e’tibordan chetda qoldirsangiz ham u sizni kechirmaydi. Bu hattoki oilaviy hayotning buzilishi, yonib ketgan oʻqituvchi yoki sogʻliq bilan bogʻliq biror muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Yoki menda boʻlgani kabi, shunchaki, bu fanga boʻlgan qiziqish soʻnib qoladi.”

Qiziqarli fakt: Ba’zi tadqiqotchilar insondagi neyronlar kvant kompyuterlardir, deb hisoblashadi. Bu esa miya dunyodagi barcha raqamli kompyuterlardan ham kuchliroq ekanligini anglatadi.

Foydali manbalar

So‘nggi kitoblar

Thompson school asoschisi Shahzod Bahodirov tavsiya qilgan 5ta kitob

Shahzod Bahodirov 1997-yil 12-dekabrda Buxoroning G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan. “Thompson school” nodavlat ta’lim muassasasi asoschisi va direktori ta’limdagi tadbirkorlik faoliyatini 2018-yilda boshlagan....

O‘zbek tilida biznes haqidagi TOP-5 kitob

Charlz Uilan. “Yalang‘och iqtisodiyot”. Jon Devid Mann, Devid Bax. “Latte omili. Moliyaviy mustaqillik va erkin hayot sari”. Filip Kotler. "Zamonaviy marketing. Har bir tadbirkor bilishi zarur...

Legalmax boshqaruvchi hamkori Muxammadali Maxmudov tavsiya qilgan 5ta kitob

Muxammadali Maxmudov 2003-yildan buyon “Legalmax” kompaniyasining boshqaruvchi hamkori. Uning patent vakili va advokat bo‘lib faoliyat yuritgani “Chambers Global” va “The Legal 500” tomonidan e’tirof etilgan. Kitobga bo‘lgan ishtiyoqim yoshligimdan...