Matbuot xizmatiYangiliklarO‘zbekiston iqtisodiyoti 2029-yilgacha qanday rivojlanadi?

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2029-yilgacha qanday rivojlanadi?

Markaziy bank boshqaruvi 4-noyabrdagi yig‘ilishida pul-kredit siyosatining 2027-yil va 2028−2029-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini tasdiqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi. Hujjatda iqtisodiy o‘sish prognozlari, inflyatsiyani pasaytirish choralari va pul-kredit siyosatini takomillashtirish rejalari belgilangan.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini 2027-yil yakunida inflyatsiyani 5% lik maqsadli ko‘rsatkichgacha tushirish va keyingi yillarda ushbu darajada barqaror saqlashga qaratadi. Asosiy stavka bo‘yicha qarorlar inflyatsiya prognozi, aholi va biznesning kutilmalari, ichki talab va taklif nisbati hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar asosida qabul qilinadi.

Asosiy ssenariy

Asosiy ssenariy tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich muvozanatlashuviga asoslangan. Xususan, geosiyosiy mojarolarning passiv bosqichga o‘tishi, neft narxlarining pasayishi va asosiy savdo hamkorlarida iqtisodiy o‘sishning mo‘tadil davom etishi nazarda tutilgan.

Ichki sharoitlarda esa umumiy fiskal taqchillikning YIMga nisbatan 3% atrofida saqlanishi, kreditlash va ichki talab o‘sishining muvozanatlashuvi, tartibga solinadigan narxlar islohotlarining yakunlanishi hamda O‘zbekistonning prognoz davrida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi faraz qilingan.

Agar ushbu shartlar amalga oshsa, 2027-yilda iqtisodiy o‘sish 7−7,5%, 2028−2029-yillarda esa 6,5−7,5% atrofida shakllanishi va iqtisodiy faollikning potensial o‘sishiga yaqinlashishi kutilmoqda.

Markaziy bank prognozlariga ko‘ra, umumiy inflyatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida 5% lik targetgacha pasayadi va 2028−2029-yillarda ushbu darajada barqarorlashadi. Bazaviy inflyatsiyaning esa 2027-yilda 4−5% gacha tushishi kutilmoqda.

Bunga avvalgi yillarda energiya resurslari va kommunal xizmatlar tariflari oshishining bevosita ta’siri tugashi, qat’iy pul-kredit sharoitlari, tashqi narx bosimining yumshashi va ichki taklif imkoniyatlarining kengayishi yordam beradi.

Qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanadi

Asosiy ssenariyga ko‘ra, 2026−2027-yillarda pul-kredit sharoitlari qat’iy darajada saqlanadi. 2027-yilda pul bozoridagi UZONIA stavkasining real hisobda 6−7% atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Bu ichki talab o‘sishini muvozanatlashtirish, inflyatsion kutilmalarni pasaytirish, milliy valyutada jamg‘arish jozibadorligini saqlash hamda narxlar o‘sishining ikkilamchi ta’sirini jilovlashga xizmat qiladi.

Inflyatsiya maqsadli ko‘rsatkich atrofida barqarorlashib, inflyatsion bosimi pasayishi uchun yetarli sharoit yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit siyosatini bosqichma-bosqich neytral darajaga yaqinlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Aksincha, inflyatsion bosim kuchaysa yoki ikkilamchi ta’sirlar kutilganidan yuqori bo‘lsa, qat’iy sharoitlar uzoqroq muddat saqlanishi mumkin.

Muqobil ssenariylar

Markaziy bank asosiy ssenariydan chetlanishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashqi va ichki xatarlarni ham alohida baholadi. Ular qatoriga asosiy savdo hamkorlari valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi, jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi hamda banklar o‘rtasidagi raqobat kuchayishi hisobiga kreditlashning jadallashuvi kiritilgan.

Ushbu omillar yuzaga kelgan taqdirda, inflyatsiya asosiy ssenariyga nisbatan yuqori bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda pul-kredit siyosati qayta ko‘rib chiqilib, inflyatsiyani o‘rta muddatli istiqbolda 5% lik maqsadli darajaga qaytarishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Pul-kredit siyosatini takomillashtirish rejalari

2027−2029-yillarda Markaziy bank pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytirish va uning institutsional asoslarini mustahkamlashga e’tibor qaratadi. Jumladan, uzoq muddatli tamoyillar va ustuvor vazifalarni belgilash uchun Pul-kredit siyosati strategiyasi ishlab chiqiladi. Uni amaliyotga joriy etish bo‘yicha alohida yo‘l xaritasi shakllantirilib, ijrosi muntazam kuzatib boriladi.

Shuningdek, bank tizimi likvidligini boshqarish va operatsion mexanizmni takomillashtirish, foiz koridorini qayta ko‘rib chiqish, garov aktivlariga yagona mezonlarni joriy etish hamda UZONIAning pul bozoridagi benchmark rolini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Islomiy banklar uchun shariat tamoyillariga muvofiq likvidlikni jalb qilish va taqdim etish instrumentlarini ishlab chiqish hamda joriy etish ishlari ham davom ettiriladi.

Bundan tashqari, Markaziy bank makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimini, jumladan, choraklik prognoz modelini modernizatsiya qiladi. Muqobil ssenariylar va ehtimoliy prognozlash usullaridan foydalanish kengaytiriladi. Bu noaniqliklarni chuqurroq hisobga olish va pul-kredit siyosati qarorlarini asosli qabul qilish imkonini beradi.

Pul va moliya bozori infratuzilmasini rivojlantirish, derivativlar bozorini kengaytirish, foiz va valyuta xatarlarini xedjirlash instrumentlarini kengaytirish hamda ichki valyuta bozori likvidligi va samaradorligini oshirish ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan.

Markaziy bank pul-kredit siyosati bo‘yicha qarorlar, inflyatsiya prognozlari va mavjud xatarlarni jamoatchilikka tushunarliroq yetkazish maqsadida kommunikatsiya strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ham ishlab chiqadi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Turkiy davlatlar sammiti 2027-yilda Özbekistonda ötkaziladi

11-noyabr kuni Turkiyaga amaliy taşrif doirasida prezident Şavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar taşkilotining yangi tayinlangan boş kotibi Mirvohid Azimovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot...

Qoraqalpoğistonda 100 ming gektar yaylovga dronlar uruğ sepadi

Hukumat qaroriga köra, 2026-yil 15-noyabrdan «Xalq banki» AT tomonidan «Uzagrostar xolding» kompaniyasi taʼsisçiligida «Bözatov agrostar» kompaniyasi taşkil etiladi. Kompaniyaning asosiy vazifasi yaylovlarni özlaştiriş, çorvaçilik loyihalarini...

Nurafshonda IT Park imtiyozlariga ega Kelajak texnologiyalari markazi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi. Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etiladi. Markaz korxonalariga...

Koreya universiteti O‘zbekistonda dron va samolyot ta’mirlovchi mutaxassislarini tayyorlamoqchi

Janubiy Koreyaning Hanseo universiteti O‘zbekistonda yuqori texnologiyali sohalar bo‘yicha kasbiy ta’lim kurslarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi. Agentlik Koreya universiteti bilan o‘zaro...

O‘zbekistonda dronlar uchun yagona raqamli tizim yaratilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va uni tartibga solish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Dronlar yordamida iqtisodiy...

O‘zbekistonda $5 mln lik xalqaro startaplar tanlovi o‘tkaziladi

O‘zbekistonda umumiy mukofot jamg‘armasi $5 mln bo‘lgan xalqaro startaplar tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi. Tanlov 2027-yil aprel oyidan boshlab har yili...