Janubiy Koreyaning Hanseo universiteti O‘zbekistonda yuqori texnologiyali sohalar bo‘yicha kasbiy ta’lim kurslarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlik Koreya universiteti bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjatda kasbiy tayyorgarlik dasturlarini tashkil etish, shuningdek, o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga ishga joylashishda yordam berish nazarda tutilgan.
Ta’lim yo‘nalishlari qatoriga havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash, uchuvchisiz texnologiyalar, sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot ishlab chiqish hamda logistika kiradi.
Shuningdek, dasturlarda koreys tilini o‘rgatish va mehnatni muhofaza qilish asoslari ham ko‘zda tutilgan. Hanseo universiteti o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi, malakali o‘qituvchilarni jalb qiladi va ta’lim uchun zarur uskunalarni taqdim etadi.
Bundan tashqari, universitet dastur bitiruvchilariga hamkor kompaniyalardan ish topishda yordam beradi. O‘z navbatida, Migratsiya agentligi fuqarolarni ta’lim dasturlari haqida xabardor qiladi, ariza topshirish bo‘yicha maslahat beradi hamda ikki mamlakatning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi.
