Matbuot xizmatiYangiliklarO‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida keltirilgan.

Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qaror loyihasiga ko‘ra, karyera markazlarining rahbar va xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablari, malaka oshirish, baholash va sertifikatlash tartibini nazarda tutuvchi yagona tizim joriy etiladi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida karyera markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishini alohida nazoratga oladi.

Belgilanishicha, karyera markazi OTMda talabalar va bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish, amaliyot va stajirovka jarayonlarini muvofiqlashtirish, bitiruvchilarning ishga joylashishi va kasbiy rivojlanishini monitoring qilish bo‘yicha asosiy tarkibiy bo‘linma hisoblanadi.

Ushbu markazlar faoliyati oliy ta’lim tashkilotining ta’lim dasturlari sifati, mehnat bozori ehtiyojlariga mosligi va integratsiya darajasi, bitiruvchilarning barqaror bandlik ko‘rsatkichlari hamda ish beruvchilarning tayyorlanayotgan kadrlardan qoniqish darajasi asosida muntazam ravishda monitoring va baholash tizimi orqali amalga oshiriladi. Karyera markazlari faoliyati natijalari oliy ta’lim tashkilotlarini reytingini aniqlash va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda alohida indikator sifatida inobatga olinadi.

Karyera markazi rahbari va xodimlari lavozimlariga nomzodlar belgilangan tartibda “Karyera markazi menejeri” tayyorlov dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan, kasbiy baholash (sertifikatsiya) jarayonidan o‘tgan hamda tegishli sertifikatga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tanlanadi.

2028-yil 1-yanvardan boshlab yangidan tashkil etiladigan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyatining ikkinchi yilidan boshlab karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish majburiy etib belgilanadi. Bunda ta’lim tashkilotida karyera markazi tashkil etilmaganligi aniqlansa, vakolatli organ tomonidan ta’lim tashkilotining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo kiritiladi. Karyera markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan davlat oliy ta’lim tashkilotlarini tashkil etish taqiqlanadi.

Oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab karyera markazlari faoliyatini mazkur qaror talablari asosida qayta tashkil etadi. Karyera markazlari uchun alohida ish rejasi, KPI ko‘rsatkichlari, ish beruvchilar bazasi, talabalarning karyera portfoliosi va bitiruvchilar monitoringi tizimini joriy etadi. Har yili kamida bir marta talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida karyera xizmatlari sifati bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazadi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bitiruvchilar ma’lumotlarini real vaqtda tahlil qilib borish uchun o‘zlarining axborot tizimlarini career.edu.uz elektron platformasiga integratsiya qiladi. Ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni karyera markazlariga muntazam taqdim etib borish choralarini ko‘radi.

O‘quv yili yakunlari bo‘yicha bitiruvchilarning ishga joylashish ko‘rsatkichlari 50 foizdan kam bo‘lgan taqdirda, ta’lim tashkilotining kelgusi o‘quv yili uchun yangi ta’lim dasturlarini joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qaror loyihasi muhokamasi 27-avgustgacha davom etadi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda yuzdan ortiq tadbirkor “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Hujjatda qayd etilishicha, ular milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash,...

O‘zbekistonlik o‘quvchilar 2026-yilda xalqaro fan olimpiadalarida 220 ta medal qo‘lga kiritdi

2026-yil boshidan buyon o‘zbekistonlik o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida jami 220 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 35 tasi oltin, 81 tasi kumush va 104 tasi bronza...

Oʻzbekistonga oʻqish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,2 barobarga oshdi

2026-yil yanvar-iyun oylarida 21 042 nafar chet el fuqarolari oʻqish maqsadida Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi. Tahlil qilinishicha, yarim yil ichida xorijlik talabalar...

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident axborot agentligi axborot...

O‘zbekistonda chorvachilik sohasida subsidiyalar ajratiladi

“Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat byudjeti...

Samarkand — 2028 sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi (video)

5-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:00 dan 09:00 gacha Xitoyning Haiyang Sharqiy kosmodromidan Star.Vision kompaniyasi tomonidan “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Samarkand...