“Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat byudjeti hisobidan naslchilik xo‘jaliklariga o‘stirishga qoldirilgan identifikatsiya qilingan urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplashga har bir davr uchun alohida quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi:
- birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda — 1,5 mln so‘m;
- ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda — 2 mln so‘m;
- olingan buzoq 12 oylikkacha saqlanganda — 1 mln so‘m;
- olingan buzoq 12 oydan 18 oylikkacha saqlanganda — 1 mln so‘m.
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi muassisligida quyidagi vazifalarni amalga oshiradigan servis korxonasi tashkil etiladi:
- xorijiy davlatlarda chorvachilik tarmog‘i loyihalarini amalga oshirish;
- xorijiy davlatlardan yirik va mayda shoxli qoramollarni chorvachilik xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga yetkazib berish hamda ushbu maqsadlar uchun mamlakat hududida import karantini punktlari (zonalari)ni tashkil etish;
- chorva mollari yetkazib berilgandan keyin kamida 12 oy oziqlantirish, veterinariya, sun’iy urug‘lantirish, naslchilik va zootexnik xizmatlar ko‘rsatishdan iborat servis paketini taqdim etish.
Hujjatda belgilanishicha, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yilining 1-fevrali va 1-iyuliga qadar (2026-yilda 1-sentyabrga qadar) chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda chorva mollarini boqish istagini bildirgan tashabbuskorlar takliflarini shakllantirib, Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga taqdim etadi. Agentlik taqdim etilgan takliflar asosida yirik va mayda shoxli qoramollarni tashabbuskorlarga yetkazib berishni tashkil qiladi.
Agentlik AT “Xalq banki”, “Navoiy-Agro Star” MCHJ bilan birgalikda tadbirkorlar tomonidan 2027-yil yakuniga qadar chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda kamida shartli 200 bosh nasldor qoramol yetishtirish loyihalari amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, AT “Xalq banki” hamda chorvachilik xo‘jaliklarining “Chorvadorlar” uyushmasini tashkil etish va uning 2026–2028-yillarda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlarning oylik ish haqi, ularni moddiy rag‘batlantirish hamda uyushmani saqlash xarajatlarini AT “Xalq banki” tomonidan har yili 5 milliard so‘mgacha miqdorda smeta asosida qoplash to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Hujjatda qayd etilishicha, qoramolchilik, qo‘y-echkichilik, yilqichilik, tuyachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilikni barqaror rivojlantirish, aholining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qondirish, ozuqa bazasini yanada mustahkamlash maqsad qilingan.
