Matbuot xizmatiYangiliklarPrezident qoraqalpog‘istonlik muhandis qizga Volkswagen sovg‘a qildi

Prezident qoraqalpog‘istonlik muhandis qizga Volkswagen sovg‘a qildi

Ayzada Asanova jamoasi yaratgan energiya tejamkor elektromobil loyihasini davlat rahbariga taqdim etdi.

Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni Yoshlar kuni munosabati bilan Olimpiya shaharchasida tashkil etilgan ko‘rgazmada faol va tashabbuskor yoshlar bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik va kitobxonlik yo‘nalishidagi loyihalar bilan tanishib, ularning mualliflari bilan muloqot qildi.

Farg‘ona viloyatidagi Obod ta’lim loyihasi orqali 600 nafar yoshni yangi kasb va xorijiy tillarga o‘qitgan Islombek Muhammadjonov, ekologik startaplarni rivojlantirayotgan Gulira’no Mamirova, shuningdek, O‘qi va yuksal loyihasi muallifi Chinora G‘ulomova hamda rangtasvir tanlovi g‘olibi Odinaxon Ma’murjonovaning tashabbuslari taqdim etildi.

Prezident maktabi bitiruvchisi, Chikago universiteti talabasi Asilbek Ashurov 18 yoshida Makon AI startapini ta’sis etib, sun’iy intellektga asoslangan SAT/AP testlariga tayyorgarlik platformasini yaratgan. Loyiha AQSH va Yaqin Sharq hamda Shimoliy Afrika mintaqasida 100 mingdan ortiq foydalanuvchi va $380 ming investitsiya jalb qilgan hamda $3 mlnga baholangan.

Y Combinator dasturining ilk o‘zbekistonlik ishtirokchisi Sardorbek Rahmatulloyevning startapi ham namoyish etildi. Prezident bu kabi yuqori texnologiyali loyihalarni mamlakatda joriy etish va yosh tadbirkorlarga xorijiy bozorlarga chiqishda ko‘maklashish ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Muhandislik va innovatsiya sohasidagi taqdimotlar doirasida talabalarning sun’iy intellekt hamda robototexnika yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlari ko‘rib chiqildi. Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi, dronlar poygasi bo‘yicha mamlakat chempioni Biloliddin Ismoilov mahalliy antidron tizimlarini yaratish va takomillashtirishda ishtirok etayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Nukus davlat texnika universiteti talabasi, Nukus yoshlar texnoparki rezidenti Ayzada Asanovaning Yangi avlod avtomobillari yo‘nalishidagi loyiha taqdimot qilindi. O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida Ayzadaning davlat rahbariga ta’kidlashicha, yosh muhandis qizlar jamoasi uzoq masofaga eng kam energiya sarflaydigan elektromobil yaratgan.

Uning aytishicha, ushbu elektromobil “Yangi avlod avtomobili” xalqaro tanlovida 10 km masofani atigi 40 vatt energiya sarflab bosib o‘tgan va g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, jamoa birinchi marta Belgiyada o‘tkaziladigan xalqaro tanlovda O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.

muhandis, prezident, startaplar, tadbirkorlik, texnologiyalar, volkswagen, yoshlar, yoshlar kuni

“[O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug‘bek] Rozuqulovga hozir topshiriq bering, menga taqdimot qilgan Volkswagen’ning eng chiroyli, menga yoqqan modeli bor-ku, shuni prezident nomidan sovg‘a qiling”, — dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev ushbu innovatsion ishlanmalarni turli tarmoqlarda joriy etish zarurligini qayd etdi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ayzada Asanovaga prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili topshirilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda Mutolaa loyihasi rahbari Sirojiddin Olimov yaratgan mobil ilova qariyb 5 mln marta yuklab olingani va unda o‘qilayotgan kitoblar soni 18 mlndan oshgani ta’kidlandi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda yuzdan ortiq tadbirkor “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Hujjatda qayd etilishicha, ular milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash,...

O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan...

O‘zbekistonlik o‘quvchilar 2026-yilda xalqaro fan olimpiadalarida 220 ta medal qo‘lga kiritdi

2026-yil boshidan buyon o‘zbekistonlik o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida jami 220 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 35 tasi oltin, 81 tasi kumush va 104 tasi bronza...

Oʻzbekistonga oʻqish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,2 barobarga oshdi

2026-yil yanvar-iyun oylarida 21 042 nafar chet el fuqarolari oʻqish maqsadida Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi. Tahlil qilinishicha, yarim yil ichida xorijlik talabalar...

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident axborot agentligi axborot...

O‘zbekistonda chorvachilik sohasida subsidiyalar ajratiladi

“Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat byudjeti...