Matbuot xizmatiYangiliklarO‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgaradi?

Tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlari oshadi

Elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste’molchilar uchun tariflar:

  • 200 kVt/soatgacha — 1 kVt·soat uchun 300 so‘mdan 325 so‘mgacha (+8,3%);
  • 201−500 kVt/soat — 400 so‘mdan 450 so‘mgacha (+12,5%);
  • 501−1000 kVt/soat — 500 so‘mdan 550 so‘mgacha (+10%);
  • 1001−5000 kVt/soat — 750 so‘mdan 800 so‘mgacha (+6,7%);
  • 5001−10 000 kVt/soat — 875 so‘mdan 950 so‘mgacha (+8,6%);
  • 10 000 kVt/soatdan yuqori — 1000 so‘mdan 1100 so‘mgacha (+10%).

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun bir oylik iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha:

  • 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 600 so‘mdan 650 so‘mgacha (+8,3%);
  • 201−500 kVt/soat — 800 so‘mdan 900 so‘mgacha (+12,5%);
  • 501−1000 kVt/soat — 1000 so‘mdan 1100 so‘mgacha (+10%);
  • 1001−5000 kVt/soat — 1500 so‘mdan 1600 so‘mgacha (+6,7%);
  • 5001−10 000 kVt/soat — 1750 so‘mdan 1900 so‘mgacha (+8,6%);
  • 10 000 kVt/soatdan yuqori — 2000 so‘mdan 2200 so‘mgacha (+10%).

Isitish mavsumi (boshqa mavsum) da aholiga yetkazib beriladigan 1 kub metr tabiiy gaz narxi quyidagicha oshadi:

  • oyiga 500 kub metrgacha (isitish mavsumidan tashqari — 100 kub metr) — har bir kub metr uchun 1000 so‘mdan 1100 so‘mgacha (+10%);
  • 501−2500 kub metr (isitish mavsumida) — 1800 so‘mdan 2000 so‘mgacha (+11,1%);
  • 2501−5000 kub metr — 2100 so‘mdan 2300 so‘mgacha (+9,5%);
  • 5001−10 000 kub metr — 2500 so‘mdan 2700 so‘mgacha (+8%);
  • 10 001 kub metr va undan yuqori — 3000 so‘mdan 3300 so‘mgacha (+10%).

Bundan tashqari, yuridik shaxslar, shu jumladan, tadbirkorlar uchun tariflar quyidagicha belgilanadi:

  • elektr energiyasiga — 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mdan 1100 so‘mgacha (+10%);
  • tabiiy gazga — 1 kub metr uchun 1800 so‘mdan 2000 so‘mgacha (+11,1%);
  • metan “zapravka»lar uchun gazga — 2500 so‘mdan 2750 so‘mgacha (+10%).

Ovqat tayyorlash uchun gaz plitasidan foydalanuvchi, gazni hisoblagichsiz ishlatuvchi va belgilangan qat’iy summa to‘lovchi iste’molchilar uchun tariflar:

  • ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun — bir kubometr uchun 1800 so‘mdan 2000 so‘mgacha (+11,1%);
  • isitish uchun — 1400 so‘mdan 1550 so‘mgacha (+10,7%).

Ayrim oilalarga gaz va elektr iste’moli uchun beriladigan kompensatsiya miqdori oshirildi

Yangi tartibga muvofiq, to‘lovlar quyidagicha ko‘tariladi:

  • elektr uchun — 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt·soatgacha iste’mol uchun);
  • gaz uchun — isitish mavsumida 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha);
  • boshqa mavsumlarda — 120 ming so‘mdan 135 ming so‘mga (150 kub metrga).

Kompensatsiya olish uchun mahalla ijtimoiy xodimiga, tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1140 Call-markaziga murojaat qilish mumkin.

To‘lovlar reyestirga kiruvchi oilalarga beriladi. Bunda oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 715 ming so‘mdan kam bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, ikki reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir a’zoga 1 mln so‘mdan kam bo‘lgan oilalar ham ushbu yordamdan foydalanishi mumkin.


OTMlarga qabul boshlanadi

5-iyundan 2026−2027-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi. Jarayon ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich 25-iyungacha davom etadi, bu vaqt oralig‘ida abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlashi kerak.

Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.

Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilib, u 2 bo‘limdan iborat:

  • birinchi — barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun majburiy 3 ta fan — ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan test;
  • ikkinchi — tanlangan yo‘nalishga mos 2 ta fandan test yoki kasbiy (ijodiy) imtihonlar.

Shuningdek, texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.


Qurilishda ekologik nazorat kuchaytiriladi

Qurilish maydonlari fon monitoring stansiyalari bilan jihozlanib, Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Shuningdek, qurilish hududi va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatilib, jarayonlar masofadan turib nazorat qilinadi.

Qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan qurilish tashkilotlarining Shaffof qurilish milliy axborot tizimidagi reyting ballari kamaytiriladi.

Bundan tashqari, loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish majburiy etib belgilanadi.

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar loyihalarida ko‘kalamzorlashtirish maydoni ajratilgan yer uchastkasining kamida 30% ini tashkil etishi shart bo‘ladi.


O‘rmon yerlarida noqonuniy qurilishlar uchun jarimalar joriy etiladi

28-iyundan boshlab ekologiya va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Prezident imzolagan qonun bilan o‘rmon yerlarini noqonuniy ajratish va qurilish qilish uchun alohida jarimalar joriy etilmoqda.

Fuqarolar uchun jarima 20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 41,2 mln so‘mdan 82,4 mln so‘mgacha etib belgilanadi.

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan pichan o‘rish, yaylovlarga zarar yetkazish va chorva boqish qoidalarini buzganlik uchun ham jarimalar bir necha barobarga oshiriladi.


Surxon-Agro EIZdagi issiqxonalarga yangi imtiyozlar beriladi

Prezidentning mart oyida qabul qilingan qarori bilan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish belgilangan. Uning hududida faoliyat olib boradigan issiqxonalarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar beriladi.

1-iyundan boshlab ishlab chiqarilgan mahsulotni zona ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya asosida kafolatli sotish hamda muhandislik infratuzilmasiga ulanish to‘lovlarsiz amalga oshiriladi. Ushbu tartib 2028-yil 1-iyunga qadar amal qiladi.


Toshkentning yangi aeroporti qurilishi boshlanadi

Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qurilishi iyun oyida boshlanishi kutilmoqda. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning ma’lum qilishicha, hozirda davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi DXSH bitimini imzolashning yakuniy bosqichi ketmoqda.

Loyihada Irlandiya kompaniyalari va boshqa xalqaro maslahatchilar ishtirok etadi. Shu bilan birga, hukumat xususiy sheriklarga kafolatlangan yo‘lovchi oqimi bo‘yicha majburiyat olmaydi. Vazirlikka ko‘ra, O‘zbekistonda aviayo‘lovchilar oqimi yillik qariyb 30% ga o‘smoqda.


Namangan aeroportining yangi yo‘lovchi terminali ish boshlaydi

Namangan xalqaro aeroportining yangi yo‘lovchi terminali iyun oyi oxirida ochilishi kutilmoqda. Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha doirasida xususiy sherik tomonidan qariyb $70 mln investitsiya kiritilgan bo‘lib, bu umumiy loyiha qiymatining yarmiga teng.


Rossiyada xalqaro yuk tashuvchilar uchun bo‘lish muddati uzaytiriladi

Rossiyada xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar uchun mamlakatda bo‘lish muddati uzaytirildi. Endi yaqin xorij davlatlaridan kelgan va vizasiz rejimda ishlayotgan professional haydovchilar maxsus ariza orqali Rossiyada bir yil davomida jami 180 kungacha qolishi mumkin bo‘ladi.

Qaror logistika jarayonlarini yengillashtirish hamda haydovchilar uchun ish sharoitlarini soddalashtirishga qaratilgan. Yangi tartib MDH davlatlari va Gruziya fuqarolariga tatbiq etilib, 2026-yil 30-iyundan kuchga kiradi.


Ayrim notarial xizmatlar videomuloqot orqali ko‘rsatiladi

Iyun oyidan boshlab bir qator notarial harakatlarni masofadan turib videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilangan.

Bunda nikoh shartnomasini tasdiqlash, boshqa turdagi arizalardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash, shuningdek, avtotransport vositasini ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash jarayonlari yangi tartibda yo‘lga qo‘yiladi.

Yil boshida Adliya vazirligi nikoh shartnomalarini tasdiqlash tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan edi. Shartnoma notarial idorada, videokonferensaloqa orqali yoki sayyor tartibda rasmiylashtiriladi. Notarius taraflarning shaxsi, nikoh holati hamda avval shunday shartnoma tuzilgan-tuzilmaganini tekshiradi.


O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari kuchga kiradi

17-iyundan amal qiladigan yangi tartibga ko‘ra, SI texnologiyalari qonuniylik, shaffoflik, xavfsizlik va inson huquqlarini himoya qilish tamoyillari asosida qo‘llanilishi kerak bo‘ladi.

Hujjat bilan sog‘liqni saqlash va inson huquqlariga oid muhim qarorlarda faqat sun’iy intellekt xulosalariga tayanish taqiqlanmoqda. Shuningdek, SI tizimlari inson nazorati ostida bo‘lishi, foydalanuvchilar esa uning imkoniyatlari va xavflari haqida xabardor qilinishi belgilandi.


Markaziy bank o‘z tizimlarida ommaviy to‘lovlar funksiyasini ishga tushiradi

Markaziy bank boshqaruvidagi to‘lov tizimlarida ommaviy (to‘plamli) to‘lovlar funksiyasi yaratiladi. Mazkur funksiyani 2026-yil iyun oyigacha ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bank tizimida kiberxavfsizlik, axborot xavfsizligi hamda antifrod tizimini takomillashtirish choralari belgilanmoqda.

Xususan, iyungacha xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda Markaziy bank nazorati ostidagi tashkilotlarning axborot tizimlarini axborot va kiberxavfsizlik auditi tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinadi.


Ziyoratgohlar hududlari uchun alohida dizayn-kod joriy etiladi

Turizm qo‘mitasi bosqichma-bosqich turistlar tashrif buyuruvchi ziyoratgohlar hududlarining funksional jihatdan ajratilgan chegaralarini belgilayd.

Ularda mumkin bo‘lgan hollarda ko‘p qavatli binolarni joylashtirish orqali hududlarini kengaytirish hamda ulardan foydalanish uchun alohida dizayn-kod joriy etadi.


Inson markazlari vasiylik va homiylik monitoringiga jalb qilinadi

Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik bo‘yicha komissiyalar tarkibiga Inson markazlari xodimlari kiritiladi.

Bundan tashqari, ruhiy holati buzilgan shaxslarga vasiy yoki homiy sifatida tayinlangan shaxslarning vasiylik yoki homiylikdagi shaxslar oldidagi majburiyatlarining bajarilishini markaz monitoring qiladi.


Jazoni o‘tayotgan yoshlar o‘quv kurslariga jalb qilinadi

Ikkinchi imkon loyihasi doirasida Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida jazoni o‘tayotgan yoshlar yangi kasblarga o‘qitiladi. Mamlakatning qolgan hududlarida bu 2027-yil 1-martdan yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda o‘quv kurslari 8−12 oylik intensiv dasturlar asosida jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etilib, unga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlarni sodir etgan jazoni o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi.

Yoshlar xorijiy tillarni (ingliz, rus, xitoy va boshqalar) o‘rganish bo‘yicha yagona intensiv dasturlar asosida ham o‘qitiladi. Kurslar yakunida tegishli dasturlarni o‘zlashtirganlarga elektron sertifikatlar beriladi.


Soliqdan qarzdor ayrim ishlab chiqaruvchilar ham davlat xaridlarida ishtirok etishi mumkin

Farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lsa ham davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi. Qarzdorlik BHMning ikki baravaridan oshsa, korxona uni 10 kun ichida qoplashi shart bo‘ladi.


O‘zbekiston suv va ichimliklar uchun xorijiy markirovka kodlarini tan oladi

O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish joriy etiladi.

Soliq qo‘mitasi bu bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Asl belgisi mahsulotlarini markirovkalash tizimi operatori maʼlumotlarni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va himoya qilishni taʼminlaydi.

O‘zbekistonda shakllantiriladigan va muomalada bo‘ladigan raqamli markirovka maʼlumotlari mamlakat hududida joylashgan data-markazlarda saqlanishi va qayta ishlanishi shart.

Tovarlarning raqamli markirovkasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar xorijiy davlat organlari va boshqa tashkilotlarga xalqaro shartnomalar asosida hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etilgan holda uzatiladi.


Biznes bojxona bojlarini to‘lashda 120 kungacha kechiktirish imkoniyatiga ega bo‘ladi

Tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlashning bosh ta’minoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga pasaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etiladi.


Davlat xizmatchilari korrupsiyaga qarshi barqarorlik bo‘yicha diagnostikadan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etilgan.

1-iyundan boshlab sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda nomzodlar ham diagnostikadan o‘tkaziladi.

Natijaga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi hamda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.


Qurilish chiqindilarini qayta ishlashning yangi tartibi joriy etiladi

2026-yil 1-iyundan boshlab qurilish chiqindilarini qayta ishlash, takroriy foydalanish va utilizatsiya qilishning yangi tartibi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, buyurtmachi yuridik shaxslar qurilish, rekonstruksiya, ta’mirlash yoki buzish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni tegishli qayta ishlovchi tadbirkorlar yoki chiqindi poligonlariga shartnoma asosida topshirishi shart bo‘ladi.

Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarida qurilish chiqindilari hajmi, ularni yig‘ish joylari hamda ular bilan ishlash bo‘yicha yechimlarni nazarda tutish majburiy etib belgilanmoqda. Atmosfera havosiga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida buyurtmachilar chang va yoqimsiz hidlarning oldini olish choralarini ham ko‘rishi kerak bo‘ladi.


Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi

Unga barcha raqamlashtirilgan va keyinchalik raqamlashtiriladigan arxiv hujjatlari kiritilib, tizimda saqlanadi.

Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish uch bosqichda amalga oshiriladi: 2025−2027-yillarda alohida qimmatli, noyob hamda mol-mulk va yerga oid hujjatlar, 2028−2029-yillarda kino, foto, fono va ilmiy-texnik hujjatlar, 2030-yildan esa Milliy arxiv fondining boshqa hujjatlari raqamlashtiriladi.

Shuningdek, davlat arxivlarida RFID texnologiyasi joriy etilib, har bir hujjatga yagona identifikatsiya raqami beriladi hamda ularning harakati, hisobi va xavfsizligi avtomatlashtiriladi.


E-ekspertiza tizimi sud-ekspertiza faoliyatiga to‘liq joriy etiladi

Sudlar, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov hamda ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiquvchi organlar bilan elektron hujjat almashinuvini ta’minlovchi E-ekspertiza axborot tizimi sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga to‘liq joriy etiladi.

Shuningdek, E-ekspertiza platformasi va ekspertiza tayinlovchi organlarning axborot tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida yo‘lga qo‘yiladi.


Ugom daryosi hududida qurilish va yangi gidroinshootlar taqiqlanadi

Davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilingan Ugom daryosining sohil bo‘yi va suvni muhofaza qilish hududlarida ekologiyaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qurilishlar, yer ishlari hamda sun’iy inshootlar qurish taqiqlanadi.

Daryo havzasida gidrotexnik va gidroenergetika obyektlarini qurishga ham ruxsat berilmaydi. Mavjudlarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno. Shuningdek, daryoning davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, Ugom daryosi hududidagi obyektlarning atrof-muhitga ta’sirini o‘rganish uchun Hukumat komissiyasi tashkil etildi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Kitobxon o‘quvchilarga $50 minggacha mukofot beriladi

2026-yildan maktab o‘quvchilari uchun milliy kitobxonlik harakati o‘tkaziladi. Tanlovning asosiy bosqichlari viloyat va respublika darajasida tashkil etiladi. Har yili milliy kitobxonlik harakati o‘tkazilib, g‘oliblarga pul mukofoti...

Qurbon hayiti uchun 690 mlrd so‘mlik xayriya va ijtimoiy yordam dasturi tayyorlandi

Og‘ir kasallikka chalingan bolalarda operatsiyalar o‘tkazish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yetim bolalarga moddiy yordam ajratish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand...

O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi nazorati yagona tizimga o‘tkaziladi

Sohaga mas‘ul idoralarning takrorlanuvchi funksiyalarini maqbullashtirish va xalqaro standartlarga mos tizim yaratiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona davlat boshqaruvi joriy etiladi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan...

O‘zbekistonda yer ijara shartnomasini uzaytirish tartibi tasdiqlandi

Endilikda arizalar DXM yoki Yagona portal orqali yuboriladi. Xizmat uchun 4 120 so‘m miqdorida yig‘im undiriladi. Yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish tartibi belgilandi....

Ayrim o‘qituvchilarga avia va temiryo‘l chiptalari uchun chegirma berish rejalashtirilmoqda

Chegirma yuqori reytingdagi maktab, texnikum va OTM pedagoglariga yiliga bir marta taqdim etiladi. Transport vazirligi pedagoglar uchun avia va temiryo‘l chiptalariga chegirma berishni nazarda tutuvchi hukumat qarori...

O‘zbekistonliklar Qurbon hayitida necha kun dam oladi?

Bu yil Qurbon hayiti 27-may — chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Shu bois o‘zbekistonliklar ketma-ket 5 kun dam oladi. O‘zbekistonliklar Qurbon hayiti munosabati bilan ketma-ket 5 kun...