Matbuot xizmatiYangiliklarShavkat Mirziyoyev paxtachilikda yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Shavkat Mirziyoyev paxtachilikda yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Shavkat Mirziyoyev huzurida 12-dekabr kuni paxta xomashyosini yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

2024-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtiruvchilar va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida munosabatlar yangi tartibda tashkil etiladi.

Chigit ekilishidan avval fermer xo‘jaliklari va viloyat ichidagi klaster o‘rtasida tuproq hosildorligi doirasida fyuchers shartnomalari Tovar-xom ashyo birjasining “paxta xomashyosi seksiyasi»da har bir hudud uchun o‘tkaziladigan savdolar orqali tuziladi.

Bunda fermer o‘zi yetishtiradigan paxtaning miqdorini birjaga joylashtiradi hamda balandroq narx taklif etgan viloyat ichidagi klaster mazkur fermer bilan fyuchers shartnomasini tuzadi. Boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxi asosida belgilanadi.

Fyuchers shartnomasidan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosi yoki undan olinadigan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni fermer xo‘jaliklari to‘g‘ridan-to‘g‘ri fyuchers shartnomasi tuzgan klasterga yoki birja orqali istalgan subyektga sotadi.

Paxta xomashyosi fermerlarning o‘z mablag‘lari, shu jumladan tijorat kreditlari hisobidan yetishtirilganda paxta xomashyosi va undan olinadigan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlar birjada erkin sotiladi.

Yig‘ilishda paxta xomashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklarga birjada ishtirok etish tartibi yuzasidan o‘quv seminarlar tashkil etish muhimligi qayd etildi. Klasterlar va boshqa korxonalar tomonidan paxta xomashyosi faqat elektron tarozi orqali qabul qilinishi hamda paxta tolasini avtomatlashgan hisobga olish tizimi joriy qilinishi belgilandi.

2024-yil hosilidan boshlab fermerlar va klasterlarga paxta xomashyosini yetishtirish va yakuniy hisob-kitoblar uchun Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kreditlar ajratishning yangi tizimi joriy etiladi.

Ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan agrotexnik tadbirlar doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar, jumladan, moddiy resurslar yetkazib beruvchilar fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan ixtiyoriy tanlanadi. Kredit buyurtmalari to‘liq elektron shaklda taqdim etiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish tartibini yangilash zarurligi ta’kidlandi.

Bunda klaster tashkil etishga talabgorlar to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlarining kamida ikkita bosqichini yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi, soliqlar va majburiy ajratmalardan hamda bank kreditlaridan muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi kerak bo‘ladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tugatilib, klaster faoliyatini tashkil etish istagida bo‘lgan talabgorlar ochiq va shaffof onlayn tanlov asosida tanlab olinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi klasterlar reyestrini yuritadi va ushbu reyestrni o‘zining veb-saytida doimiy e’lon qilib boradi. Vazirlikka eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimi bo‘yicha klasterlarning avtomatlashtirilgan reytingini yuritish dasturini yaratish topshirildi.

Yig‘ilishda paxta urug‘chiligini rivojlantirish hamda hosildorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan prezident qarorida kelgusi yildan paxta ekiladigan maydonlarning 10%iga tajriba-sinov tariqasida xorijiy paxta navlarini joylashtirishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tajriba tariqasida 14ta tumanning ball boniteti past, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarida yuqori hosildor mahalliy va xorijiy navlar joylashtirilishi belgilanmoqda.

Xorijdan olib kiriladigan paxta navlari uchun alohida agrotexnika va soddalashtirilgan karantin talablarini joriy etish, ushbu navlarni yetishtirishni maxsus karantin kuzatuvida va Paxtachilik kengashi ilmiy ko‘rsatmasi asosida olib borish muhimligi qayd etildi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za navlarini joylashtirishda kafolatlangan urug‘ ta’minotiga muvofiq erkinlik berilmoqda.

Mamlakatda g‘o‘zaning serhosil va sanoatbop yangi navlarini yaratishni rag‘batlantirish maqsadida vazifalar belgilanmoqda.

paxtachilik, prezident, fyuchers, klasterJumladan, mahalliy istiqbolli g‘o‘za navlarini ko‘paytirish, uning sifatli elita urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish va navni tijoratlashtirishda klaster va fermerlarga tegishli navga hammualliflik qilishga ruxsat beriladi. Sertifikatlangan urug‘lik tayyorlashni bosqichma-bosqich klasterlar va xususiy urug‘chilik korxonalariga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2024-yildan hosildorlik 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlar muntazam aniqlanib, serhosil mahalliy va xorijiy navlarga almashtirib borish amaliyoti joriy qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga mazkur tizimni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish hamda Urug‘chilik markazi faoliyatini transformatsiya qilishga topshiriq berildi.

O‘zbekistonda tolali ekinlardan chiqadigan mahsulotlar, tola chiqimi, paxta sanoati sohasida maxsus muassasa mavjud emasligi bois paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi — “Paxtasanoat ilmiy markazi” negizida Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil qilish taklif etildi.

Shuningdek, mamlakatda Genetik modifikatsiyalangan organizmlar va ularning mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha ilmiy ekspertizasi joriy qilinadi hamda genetik modifikatsiyalangan navlar milliy bazasi shakllantiriladi.

Bu orqali ishlab chiqarilayotgan va import qilinadigan GMO mahsulotlari xavfsizligini baholash, GMO mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Sohani raqamlashtirish maqsadida 2024-yil yakunigacha “e-urug‘” platformasi ishga tushiriladi. Unda urug‘chilik korxonalari va xo‘jaliklarining o‘zaro integratsiyalashuvi, nav va duragaylarning urug‘ ta’minoti va zaxirasi, hududlarga mosligi va agrotexnologiyalari, erkin va shaffof joylashtirish, qayta taqsimlash, sertifikat olish imkoniyati yaratiladi.

Prezident ushbu takliflarni ma’qullab, yangi tizimni amaliyotga joriy qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Prezident sun‘iy intellektni davlat tashkilotlarida joriy etishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi

Taqdimotda sun‘iy intellekt klasteri, AI Maktab platformasi hamda mahalliy startaplar faoliyati muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev sun‘iy intellekt texnologiyalarini mamlakat vazirlik va idoralari faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng...

2026-yildan O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushiriladi

Yo‘ldoshli internet operatorlari besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor...

O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan munosib mehnat dasturi ishlab chiqiladi

Prezident unda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Avvalroq prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv...

Jahon banki O‘zbekistonga iqtisodiy islohotlar uchun $800 mln imtiyozli kredit ajratadi

Kam ta’minlangan oilalar uchun elektr va gaz uchun kompensatsiyani 270 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha oshirish rejalashtirilgan. Jahon banki O‘zbekistonga $800 mln imtiyozli kredit ajratadi. Bu haqda...

Prezident yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishiga start berdi

Loyihaning birinchi bosqichida $2,5 mlrd sarmoya hisobiga aerovokzal va aerodrom qurilib, yiliga 20 mln yo‘lovchi, 129 ming tonna yuk va soatiga 30 ta parvozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati...

Mahalla yettiligi joylashadigan binolar 7 yilgacha yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi

Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming kvgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Avvalroq prezident raisligida mahalla tizimini yana-da takomillashtirish va joylarda...