Global noaniqliklar qimmatbaho metalga talabni oshirayotgani sabab oltin narxi rekord darajaga yetdi. Bu Markaziy bankning oltin quymalari narxlarida ham aks etmoqda. Quymalar narxi oshishi joriy haftada tezlashib, 5 foizni tashkil qildi. Yil boshidan beri narx 29 foizga, o‘tgan oyga nisbatan esa 3,4 foizga o‘sdi.
Markaziy bank doimiy ravishda o‘lchovli oltin quymalarining narxlarini yangilab boradi. 4 sentabrda e’lon qilingan kotirovkalarga ko‘ra, 5 grammli oltin quymasining narxi 7 mln 275 ming so‘mni tashkil qildi. Oltin quymalari narxi bir hafta ichida 5 foizga qimmatladi.
Kun.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri oltin quymalar qariyb 29 foizga qimmatlagan. Yanvarda 5,65 mln so‘m bo‘lgan 5 gramlik quymaning qiymati sentabr oyiga kelib 7,27 mln so‘mga yetdi.
Avgustda oltin narxi biroz pasayib, 7,03 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, sentabrda u yana o‘sib, 7,27 mln so‘mga chiqdi. Oxirgi bir oyda 3,4 foizlik o‘sish kuzatildi.
Oltin narxining yil boshidan beri keskin ko‘tarilishi global bozorlar bilan bevosita bog‘liq. Fevral–may oylarida jahon miqyosida geosiyosiy tangliklar va AQSh federal rezerv siyosati tufayli oltin keskin qimmatlashdi.
Iyulda esa qisqa muddatli pasayish kuzatildi. Avgust–sentabrda narx yana tiklanib, bu davrda 3,4 foiz o‘sish qayd etildi. Tahlilchilar fikricha, bunday tendensiya mavsumiy talab (ayniqsa Osiyo bozorida kuzgi to‘y mavsumi) va global iqtisodiy noaniqliklar bilan izohlanadi.
O‘zbekiston ichki bozorida oltin narxi xalqaro kotirovkalarga bog‘liq bo‘lib, yil boshidan buyon kuzatilgan 29 foizlik o‘sish oltinning inflatsiyaga qarshi “xavfsiz aktiv” sifatida qadrini oshirayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan (2024 yil sentabridan 2025 yil sentabrigacha) 5 grammli oltin narxi 39 foizga oshgan.
Oltinning spot narxi seshanba kuni ertalab bir unsiya uchun 3,508,50 dollarni tashkil etdi va bu yil deyarli uchdan biriga oshgan o‘sish tendensiyasini davom ettirdi.
Qimmatbaho metall iqtisodiy noaniqlik davrida sarmoyadorlar uchun xavfsizroq pul tikish hisoblanadi. Yil boshida AQSh prezidenti Donald Tramp global savdoga putur yetkazadigan keng qamrovli tariflarni e’lon qilishi narx oshishiga jiddiy turtki berdi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, narxlarning oshishiga AQSh markaziy bankining asosiy foiz stavkalarini pasaytirib, oltinni sarmoyadorlar uchun yanada jozibador qilishini kutish ham sabab bo‘lgan.