O‘zbekistonda pillachilik sohasini rivojlantirish va aholining daromadini oshirish maqsadida kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tartib joriy etiladi. Bu prezidentning “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda oziqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pillachilik kooperativlariga a’zo bo‘lgan kambag‘al oilalarga subsidiya ajratiladi. Bunda bitta oilaning bir nafar a’zosiga bir martalik tarzda 4 million so‘mdan mablag‘ berilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur subsidiya tutzorlar tashkil etiladigan yer maydonlarida pilla kooperativlarini tuzish va aholining pillachilik faoliyatiga kengroq jalb qilinishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu mexanizm orqali kambag‘al oilalar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish hamda ularning bandligini oshirish maqsad qilingan.
Hujjatda, shuningdek, pillachilik sohasini rivojlantirish uchun qator moliyaviy va tashkiliy choralar ham belgilangan. Jumladan, tutzorlar maydonini kengaytirish, pilla yetishtirish hajmini oshirish, xom ipakni chuqur qayta ishlashni rivojlantirish hamda soha korxonalarining eksport salohiyatini kuchaytirish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi 17-fevral kungi yig‘ilishda kam daromadli, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni pillachilikka jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilishi ma’lum qilingandi. Pillachilikda sanoat usulini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Hozirda pillaning asosiy qismi xonadon sharoitida yetishtirilayotgani qayd etilar ekan, maxsus qurtxonalar tashkil etish orqali hajm va sifat barqarorligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlangan. Klasterlar tomonidan qurtxonalarni qurish va ishga tushirishni rag‘batlantirish, shu jumladan, qurtxonalarni yer va mol-mulk solig‘idan 2029-yil 1-yanvarga qadar ozod qilish taklif qilingan.
