Birlashgan Arab Amirliklarning Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan Al Ain Cup xalqaro turniri finalining asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Penaltilar seriyasida o‘zbekistonliklar g‘alaba qozondi.
Birlashgan Arab Amirliklarning Al-Ayn shahrida 4 ta milliy jamoa ishtirokida Al Ain Cup xalqaro turniri yakunlandi.
O‘zbekiston milliy jamoasi 18 noyabr kuni finalda Eron bilan o‘ynadi.
Birinchi bo‘limda Fabio Kannavaro shogirdlarining biroz ustunligi sezilib turdi. Ammo Otabek Shukurov, Oston O‘runov va Eldor Shomurodov qulay vaziyatlardan foydalana olmadi.
Ikkinchi bo‘lim teng kurashlar ostida o‘tdi. 72-daqiqada himoyachi Abduqodir Husanov darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borayotgan eronlik futbolchini to‘xtatib qolgani uchun maydondan chetlatildi. Shundan so‘ng, eronliklar to‘liq tashabbusga ega bo‘ldi, ammo O‘zbekiston darvozasiga yo‘l topolmadi.
Penaltilar seriyasida O‘zbekiston milliy jamoasi 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.
17 noyabr kuni o‘tkazilgan uchinchi o‘rin uchun bahsda Misr va Kabo-Verde to‘qnash keldi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida misrliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Al-Ain Cup 2025. Final
18 noyabr, Abu Dabi, «Rashid Al Maktum» stadioni
O‘zbekiston – Eron 0:0 (pen. 4:3)
O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Abduqodir Husanov, Farruh Sayfiyev (Rustam Ashurmatov 89), Otabek Shukurov (Akmal Mozgovoy 79), Odil Hamrobekov, Aziz G‘aniyev (Hojimat Erkinov 64), Oston O‘runov (Jamshid Iskanderov 64), Sherzod Nasrullayev, Eldor Shomurodov, Abdulla Abdullayev, Husniddin Aliqulov
Bosh murabbiy: Fabio Kannavaro
Eron: Alirizo Beyronvand, Solih Hardaniy, Majid Husayniy, Shojaiy Xalilzoda, Milod Muhammadiy, Said Izzatullohiy (Muhammad Qurboniy 10), Saman Quddus, Mahdiy Qoidiy, Mahdiy Torimiy, Amirhusayn Husaynzoda, Ali Alipur
Bosh murabbiy: Amir G‘alinoiy
Ogohlantirish: Farruh Sayfiyev (54)
Chetlatish: Abduqodir Husanov (68)
