Soliq qoʻmitasi Oʻzbekistonda 584 mingdan ortiq ijara shartnomasi hisobga qoʻyilganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, ular boʻyicha 828,7 milliard soʻm soliq hisoblangan. Bunda jismoniy shaxslar oʻrtasida tuzilgan 412 mingta ijara shartnomasi asosida 625 milliard soʻm daromad soligʻi hisoblanib, 2024-yilning mos davriga nisbatan shartnomalar sonida 9 foiz, soliq summasida esa 44 foiz oʻsish qayd etilgan.
Yuridik shaxslar oʻrtasida tuzilgan 172,6 mingta ijara shartnomasi asosida esa 203,7 milliard soʻm soliq hisoblanib, bitimlar soni oʻtgan yildan 13,8 foizga, soliq summasi esa 21,9 foizga oʻsgan.
Shu bilan birga, uy-joylarni talabalarga ijaraga berib, daromad soligʻidan ozod boʻlgan fuqarolarga 9 oyda 44 milliard soʻm imtiyoz qoʻllangan. Bunda shartnomalar soni 96,3 mingdan oshib, ijarada yashovchi talabalar 118 998 nafarni tashkil etgan.
