Matbuot xizmatiYangiliklarNavoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Navoiy viloyati...

Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Navoiy shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, sessiyani ochiq muloqot tarzida o‘tkazishni taklif etdi.

– Bugungi uchrashuvimizdan eng katta maqsad-muddaomiz – ochiq muloqot. Navoiy viloyatidagi 330 ta mahalla, 1 million 50 ming aholining dardini baralla aytib, chorasini topishimiz kerak. Hurmatli deputatlar, nuroniylar, o‘g‘il-qizlarim, yurakdagi gaplaringizni, joylardagi muammoni ochiq aytsangiz, menga do‘st bo‘lasizlar. Hamma masalalarga xalqimiz bilan bamaslahat yechim topsak, natija bo‘ladi. Bu uchrashuvdan men ham rozi bo‘layin, xalqimiz ham rozi bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda Navoiy viloyati rivojining bugungi holati tahlil qilindi. Oxirgi uch yilda hududda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgan. Buning natijasida 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport ta’minlangan.

Viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, import bo‘layotgan mahsulotlarni kooperasiya asosida mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqarsa bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik tarmog‘i to‘la ishga solinmayapti. Meva-sabzavot saqlash quvvatlari kam. Ijtimoiy sohada ham aholini qiynayotgan masalalar bor.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Navoiy viloyati hokimi lavozimiga Normat Tursunov nomzodini tavsiya etdi.

N.Tursunov 1972 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ko‘p yillar davlat soliq tizimida ishlagan. U 2021 yil noyabr oyidan buyon Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval ochiq muloqot qilib, uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Normat Tursunov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish choralarini belgilab berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalari tashkil etish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 600 milliard so‘m yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Umuman, Navoiy viloyatini “kambag‘allik va ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.

Sanoat sohasida kelgusi yilda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta ish o‘rni yaratish choralari belgilandi. Bu importni qisqartirib, eksportni 250 million dollarga yetkazishda muhim omil bo‘ladi.

Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurota tumanlaridagi 72 ta mahalla kartoshka, sabzavot, uzum va anor yetishtirishga ixtisoslashgan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlarni kengaytirish uchun mazkur mahallalar atrofidagi 5 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash zarurligini ta’kidladi. Yaylov o‘simliklari urug‘chiligi xo‘jaligi, kavrak plantasiyalari, agrologistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bog‘chalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Umuman, 2023 yilda viloyatda ijtimoiy muammolarni hal etishga qo‘shimcha 655 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 750 milliard so‘m resurs ajratilishi ma’lum qilindi.

Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalarini muhokama qilib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Navoiy viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Normat Tursunov Navoiy viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga ko‘chishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Mahalla yettiligi joylashadigan binolar 7 yilgacha yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi

Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming kvgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Avvalroq prezident raisligida mahalla tizimini yana-da takomillashtirish va joylarda...

O‘zbekistonda 2026-yilda davlat suv kadastri joriy etiladi

Suv hisobi platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblab boriladi va iste’molchilarga elektron tarzda yetkaziladi. Shavkat Mirziyoyev 13-oktabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv...

O‘zbekiston Osakadagi butunjahon ko‘rgazmasida oltin medalni oldi

Yaponiyada tashkil etilgan EKSPO butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston paviloni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy mukofotga - «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi....

Yoshlarga 2+6 dasturi asosida til o‘rganish uchun subsidiya beriladi

Hududiga qarab to‘lovlar oyiga 812 ming so‘mgachani tashkil etadi hamda subsidiya yarim yil davomida beriladi. Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun...

O‘zbekistonda “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun eskirgan va uni qayta ko‘rib chiqish kerak — prezident

Qayd etilishicha, favqulodda hodisalarning 70% dan ortig‘i aholi uylarida asboblarning nosozligi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir bo‘lmoqda. Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni favqulodda vaziyatlarning oldini...

O‘zbekistonda kutilayotgan inflyatsiya yillik eng past ko‘rsatkichga — 12% ga yetdi

Shu bilan birga, biznesning narxlar o‘sishi bo‘yicha median prognozi avgust oyidagi pasayishdan so‘ng yana ko‘tarildi. O‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari sentyabr oyida yillik minimumni qayd etdi. Bu haqda...