Matbuot xizmatiYangiliklarMahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi o‘g‘il-qizlarning muammosini hal etishda ko‘prik vazifasini o‘taydi

Mahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi o‘g‘il-qizlarning muammosini hal etishda ko‘prik vazifasini o‘taydi

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2022-yil 27-yanvar sonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi o‘rinbosari, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorovning «Mahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi o‘g‘il-qizlarning muammosini hal etishda ko‘prik vazifasini o‘taydi» nomli maqolasi e’lon qilindi.

Har bir davlatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda asosiy poydevor yoshlar va ularning intellektual salohiyati hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz aholisining katta qismi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlardan iborat ekanini inobatga olgan holda, mazkur qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi manfaatini himoya qilish hamda kuzatilayotgan dolzarb masalalarning nazariy va amaliy jihatdan yechimini topish kun tartibidagi muhim vazifadir.

Yosh avlod kelajagi esa hamisha O‘zbekiston siyosatining markazida bo‘lgan. Bugun ham yurtimizda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, yoshlarning kamoloti va tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiluvchi shart-sharoit yaratish uchun barcha sohada keng ko‘lamli islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda.

O‘zbekiston — haqiqiy ma’noda yoshlar mamlakati. Bu yurtda ulg‘ayayotgan yigit-qizlarning orzulari va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bisyor. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi esa ularga bu maqsadlarni amalga oshirishda ko‘mak beradi. Prezidentimizning “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovasiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”, degan so‘zlari yoshlar uchun katta marralar sari yo‘l ochdi. O‘tgan davrda yoshlarni har tomonlama qo‘llabquvvatlash maqsadida qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Ular asosida yoshlarning intilish va iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga oid rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha mustahkam tizim yaratildi. Ushbu sa’y-harakatlar davomi sifatida Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shahar va shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

Yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ishlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbusini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish yetakchilarning asosiy vazifasi sifatida qayd etildi. Navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual jihatdan kamol topishi va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, yetakchilarning o‘ziga biriktirilgan mahallalarda maqom, baxshichilik va estrada bo‘yicha tanlovlar, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda “Yosh ekolog” aksiyasini o‘tkazishi, shu bilan birga, mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish bo‘yicha musobaqalarini tashkil etishi zarurligi ta’kidlandi.

Lavozimga nomzodlar esa tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinishi, yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinishi qayd etildi.

YUNISEF, Yoshlar ittifoqi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan va “O‘zbekiston yoshlari: muammo va istiqbollar” deb nomlangan yirik tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan hisobotda O‘zbekiston 15-20 yildan so‘ng noyob demografik dividendni qo‘lga kiritishi ta’kidlab o‘tilgan.

2048-yilga borib mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni tarixiy yuqori darajaga yetishi kutilmoqda. Tabiiyki, ularning salmoqli qismini yoshlar tashkil qiladi. Hozir davlat oldidagi asosiy vazifa demografik dividendni qo‘ldan boy bermaslik hamda undan maksimal foydalanishdan iborat. Boshqacha aytganda, hukumat inson kapitaliga, ya’ni yoshlarning sifatli ta’lim olishi va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga katta hajmda investisiya kiritishi zarur. Bu kelajakda nafaqat iqtisodiyotni yuksaltirish, balki ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirish — kambag‘allik va salohiyatli kadrlar migrasiyasini qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish, xalqning turmush darajasini oshirish imkonini beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qishni bitirgach, uyda o‘tirib qolayotgan yoshlar orasida ayollar salmog‘i ancha yuqori — 51 foiz. 18 yoshdan keyin mazkur ko‘rsatkich yanada ortib, 74 foizga yetmoqda. Buning sababi qizlar oila yumushlari bilan mashg‘ulligi hamda daromad topish uchun boshqa joyga ko‘chib o‘tish imkoniyati cheklangani bilan izohlanadi. Qishloq yoshlari shaharliklarga qaraganda oliy ta’lim muassasalariga kamroq o‘qishga kiradi. Shu bois, ularda tadbirkorlikka qiziqish yuqori. Mamlakatimizda startap loyihalarga qishloq yoshlari qo‘l urmoqda. Ayollar, asosan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va qayta ishlash sanoatida band. Erkaklar orasida nisbatan ommalashgan kasblar quruvchilik va fermerlik hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yoshlar bilan muloqot faqat idoralarda yoki maktablarda bo‘lmaydi. Muloqotni uzviy ravishda yo‘lga qo‘yish uchun, birinchi navbatda, yoshlar ichiga quchoq ochib kirib borish talab etiladi. Aynan mana shunday sharoitda yoshlar yetakchisiga zarurat seziladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, 2021-yilning 1-sentabr holatiga ko‘ra, yurtimiz bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari soni 9255 tani tashkil etmoqda. Shundan 41 tasi shaharcha, 81 tasi qishloq, 164 tasi ovul, 8969 tasi mahalla fuqarolar yig‘ini hisoblanadi.

Endi tasavvur qiling, ushbu mahallalarning har birida yetakchilarning bo‘lishi mavjud vaziyatni qanchalik yengillashtiradi? O‘ylashimizcha, ular hukumat va yoshlar orasidagi masofani yanada yaqinlashtiradi, o‘g‘il-qizlar bilan ishlashning yangicha usullarini ishlab chiqqan holda jamiyat rivoji uchun ulkan hissa qo‘shadi.

Yoshlar yetakchisi ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishda turli muassasalar hamda yoshlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, ularning turli jarayonlarga moslashuviga ko‘maklashadi. Yigit-qizlarga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatgan holda Vatanga muhabbat hissini oshiradi. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish bo‘yicha muntazam tahlil qilib boradi va ish sifatini oshiradi. Shuningdek, ularning ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi.

Yoshlar yetakchisi, o‘z navbatida, davlat bilan tengqurlari o‘rtasidagi vositachiga aylanadi. U yoshlarning manfaati va muammolarini tahlil qiladi. Ularning mavjud qobiliyatidan kelib chiqib, to‘g‘ri maqsad sari yo‘naltiradi. Shuningdek, salohiyatini rivojlantirishning individual yo‘nalishini izlab topadi.

Zero, yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yurituvchi kadrlar yoshlarning ta’limga nisbatan qiziqishini aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi. Ularning tashabbusini amalga oshirishga yordam beradi. Yoshlarning o‘qishi va ta’limdagi yutuqlarini loyihalashtirish, tahlil qilish va taqdim etishga ko‘maklashadi. Yoshlar bilan ularning yutuq va qiyinchiliklarini, turli joylarda va turli tadbirlarda amalga oshiriladigan faoliyatning qay darajada samaradorligini, sinov harakatlarida samarali ishlashga ta’sirini tahlil qiluvchi tadbirlarni o‘tkazadi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun jihatidan bevosita ularga naqadar daxldor ekanini anglaymiz. Zero, har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi, albatta, davlatning yetakchi kuchi hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

Xayrulla SATTOROV,

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi o‘rinbosari,

“YOSHLAR — KELAJAGIMIZ” jamg‘armasi ijrochi direktori

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Yoshlarga 2+6 dasturi asosida til o‘rganish uchun subsidiya beriladi

Hududiga qarab to‘lovlar oyiga 812 ming so‘mgachani tashkil etadi hamda subsidiya yarim yil davomida beriladi. Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun...

O‘zbekistonda “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun eskirgan va uni qayta ko‘rib chiqish kerak — prezident

Qayd etilishicha, favqulodda hodisalarning 70% dan ortig‘i aholi uylarida asboblarning nosozligi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir bo‘lmoqda. Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni favqulodda vaziyatlarning oldini...

O‘zbekistonda kutilayotgan inflyatsiya yillik eng past ko‘rsatkichga — 12% ga yetdi

Shu bilan birga, biznesning narxlar o‘sishi bo‘yicha median prognozi avgust oyidagi pasayishdan so‘ng yana ko‘tarildi. O‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari sentyabr oyida yillik minimumni qayd etdi. Bu haqda...

O‘zbekistonda xorijliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi

Maxsus soliq rejimi 2026-yildan chet el fuqarolarining mamlakatdan tashqari manbalardan olingan daromadlari uchun joriy etiladi. Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi. Bu haqdagi tegishli farmon...

Prezident O‘zbekistonda superkompyuter klasterini tashkil etishni tezlashtirishni topshirdi

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash uchun barcha hududlarda Sunʼiy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. 2027-yilgacha 1 mln nafar yosh soha bo‘yicha o‘qitiladi. Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni mamlakatda...

2-oktabrdan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi

Arizalarni davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal hamda MyGov ilovasi orqali bepul jo‘natish mumkin. 2-oktabrdan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot...