Matbuot xizmatiYangiliklarTo‘rtta hududda 2,4 GVt quvvatga ega yangi elektr stansiyalari va saqlash tizimlari...

To‘rtta hududda 2,4 GVt quvvatga ega yangi elektr stansiyalari va saqlash tizimlari ishga tushirildi

O‘zbekistonning turli hududlarida uchta yangi elektr stansiyasi va uchta elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Ular 25-avgust kuni mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan sanoat, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlarni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan marosim doirasida ishga tushirildi.

Energetika vaziri Sherzod Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, ayrim energetika obyektlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik inshootlar sirasiga kiradi. Obyektlarning umumiy quvvati 2423 MVtni, qiymati esa qariyb 20 trln so‘mni ($1,7 mlrd) tashkil etdi.

Jumladan, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1573 MVtga teng issiqlik elektr stansiyasi ish boshladi. Uni 2021-yil noyabrdagi tenderda g‘olib chiqqan Fransiyaning EDF, Qatarning Nebras Power hamda Yaponiyaning Sojitz va Kyuden kompaniyalari konsorsiumi qurgan.

Loyiha qiymati $900 mlnni tashkil etib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan qoplangan. Qurilishga 3 mingga yaqin kishi jalb qilingan, stansiya ishga tushgach esa bu yerda 120 nafar mutaxassis doimiy ish bilan ta‘minlanadi.

Bug‘-gaz elektr stansiyasi yiliga 13 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir. Foydali ish koeffitsiyentining yuqoriligi (61,7%) hisobiga yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Navoiy viloyatining Nurota tumanida Xitoyning China Energy Overseas Investment kompaniyasi tomonidan barpo etilgan quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli akkumulyator tizimidan iborat majmua ishga tushirildi. U $390 mlnga baholanmoqda.

Majmua yiliga 657 mln kVt⋅soat “yashil” energiya ishlab chiqarishi mumkin — bu hajm 273 ming xonadonning yillik ehtiyojini qoplash uchun yetarli. Loyiha tabiiy gaz sarfini 175 mln kub metrga qisqartirish va atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni 377 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida ACWA Power kompaniyasining 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.

Yangi stansiya Qoraqalpog‘istondagi ikkinchi shamol elektr stansiyasi, energiya saqlash tizimi esa hududdagi ilk shunday obyekt hisoblanadi.

Qiymati $263 mln bo‘lgan ushbu loyiha ACWA Power kompaniyasining 2023-yildagi tenderda g‘olib bo‘lishi asosida amalga oshirildi va 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Stansiya yiliga 701 mln kVt⋅soat “yashil” energiya ishlab chiqarib, 292 ming xonadonning yillik ehtiyojini qoplash imkonini beradi.

Shuningdek, loyiha yiliga 187 mln kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 403 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Energiyani saqlash tizimi 200 MVt⋅soat elektr energiyasini saqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, undan elektr tarmog‘ida yuklama yuqori bo‘lgan vaqtlarda tizim barqarorligini ta‘minlash uchun foydalaniladi.

Namangan viloyatida China Energy Overseas Investment $110 mln evaziga 100 MVt quvvatli yana bir akkumulyator tizimini qurdi. Majmua tig‘iz yuklama soatlarida barqaror energiya ta‘minotini yo‘lga qo‘yish uchun 200 MVt⋅soat energiya saqlashga mo‘ljallangan.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Dunyoda minimal ish haqi eng yuqori boʻlgan davlatlar maʼlum qilindi

Tahlil uchun Xalqaro mehnat tashkilotining 2024-yilgi maʼlumotlaridan foydalanilgan. Bunda ish haqining oddiy nominal miqdori emas, balki xarid qobiliyati pariteti - yaʼni turli davlatlarda tovar va...

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlar yangicha tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mamlakatimizda...

O‘zbekistonda oktabr-noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish...

Mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i imtiyozlari 2030-yilgacha saqlanadi

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi. 27-avgustdagi farmonda turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini...

Yangi Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi

Yangi Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni ulugʻ ayyom bilan samimiy tabrikladi. Davlatimiz...

Bir guruh tadbirkorlar O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlandi

Bir guruh tadbirkorlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan taqdirlandi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi. 26-avgust kuni bo‘lib o‘tgan marosimda palata tizimi, tarmoq uyushmalari...