Matbuot xizmatiYangiliklarShavkat Mirziyoyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishiga start berdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishiga start berdi

Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan loyiha doirasida 282 kilometrlik olti polosali yo‘l, 92 ta ko‘prik va 28 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakatimiz transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam, deb atadi.

So‘nggi 10 yilda 78 trln so‘m hisobidan jami 128 ming kilometr yo‘lda qurilish-ta‘mirlash ishlari bajarildi. Davlat rahbari bugun sohada tom ma‘noda yangi davr boshlanayotganini ta‘kidladi.

Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi quriladi.

Yo‘lga og‘ir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkoni yaratiladi, zamonaviy xavfsizlik yechimlari va raqamli qulayliklar yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytiradi.

Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazadi, yuk tashish tannarxi esa 20−24% ga pasayishi kutilmoqda.

Toshkent — Samarqand yangi avtomobil yo‘li hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga ko‘taradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday loyihalarga sarflangan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga 5 barobargacha qaytadi.

Yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3% ga ko‘payishiga turtki beradi. Yo‘l o‘tadigan aholisi 2 mlndan ziyod 13 ta tuman uchun minglab ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘ladi.

Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari barpo etiladi. Qurilishda mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanish tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.

Davlat rahbari Xiva-Urganch yo‘li qurilishi boshlangani, Toshkent-Andijon yo‘li bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani, Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘laydigan yo‘lni loyihalash ishlari yakuniga yetkazilayotganini qayd etdi.

“Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz”, — dedi prezident va kapsula qo‘yib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.

Toshkent-Samarqand pulli yo‘li

2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi jalb qilindi.

Yil yakunida loyiha Avstriyaning ILF Consulting Engineers Austria GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.

2024-yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida boshlash belgilangandi. Uning umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.

2025-yilning fevral oyida 6 tasmali Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hujjat ishlari yakunlanib, tender ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Martga kelib, xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgani e’lon qilindi. Toshkent-Samarqand yo‘lining uzunligi 300 km atrofida bo‘ladi. Qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Mavjud yo‘lda tirbandlik ancha kamayadi.

Iyun oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gazeta’ga bergan intervyusida Toshkent-Samarqand loyihasi bo‘yicha tender yanvar oyida e’lon qilingani, ishtirokchilardan dastlabki takliflar iyun oyi oxirida qabul qilinishi rejalashtirilganini bildirdi.

“Arizalar ko‘rib chiqilib, birinchi bosqichdan o‘tganimizdan so‘ng g‘oliblarni e’lon qilishni boshlaymiz”, — dedi u. Unga ko‘ra, mazkur yo‘lning smeta qiymati $2,6 mlrddan $2,2 mlrdga tushirilgan.

Noyabr oyida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li loyihasi yakuniy bosqichda ekani, qurilish ishlari 2026-yilda boshlanishini aytgandi.

Joriy yilning martida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent-Samarqand pulli yo‘li besh yilda qurilishi taʼkidlangandi. Trassaning 140 kmlik qismida tuproq mustahkamlanadi, loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta ko‘prik va 16 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘zda tutilgan.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Yangi Toshkentdagi Milliy kutubxonani yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan

Prezident Milliy kutubxona, ikkita universitet kampusi va 55 ming o‘rinli stadionni belgilangan muddatda hamda sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni Yangi Toshkent shahrida...

Energetikada muammo mablag‘da emas, tizimning boshqaruvida — prezident

Prezident raisligidagi yig‘ilishda yoz va qish mavsumida elektr tarmoqlaridagi avariyalar minglab iste‘molchilarni uzluksiz elektr ta‘minotisiz qoldirgani taʼkidlandi. Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan...

O‘zbekistonda 1-avgustdan nimalar o‘zgaradi?

Eski avtomobilni yangilashda avtokredit foizlarining bir qismi qoplab beriladi Trade-in dasturi doirasida eski avtotransport vositasini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi avtomobil xarid qilish uchun olingan...

Uy-joy subsidiyasi uchun arizalar qabuli 27-iyul kuni boshlanadi4

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar olish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. Arizalarni 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlab jo‘natish mumkin....

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshdi

Eng yuqori ish haqi Toshkentda, eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi. 2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln...

O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab Canva‘dan uch yil bepul foydalanadi

Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi Canva kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq umumta‘lim maktablari Canva for Education platformasidan uch yil davomida bepul foydalanadi....