Matbuot xizmatiYangiliklarMarkaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qoldi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qoldi

Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kuchaysa, regulyator asosiy stavkani oshirishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi 12-dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. So‘nggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolayotganligi fonida inflyatsiya darajasining prognozga nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori shakllanayotganligi kuzatilmoqda. Joriy yil yakunida umumiy inflyatsiya prognoz koridorining yuqori chegaralarida bo‘lishi kutilmoqda.

Inflyatsion jarayonlarni va kutilmalarni hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5%lik targetigacha pasaytirishga zamin yaratish maqsadida pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi joriy darajada saqlab qolindi.

So‘nggi ikki oyda yillik inflyatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr oyi yakunida 10%ni tashkil etdi. Inflyatsiyaning pasayishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuzaga keldi. Iqtisodiyotda shakllanayotgan yuqori iste’mol va investitsion faollik yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi hisobiga xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlarida o‘sish xatarlari saqlanib qolmoqda. Aholining birlamchi ehtiyojlari doirasidagi ayrim xarajatlarning o‘zgarishi va ob-havo sovushi bilan energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi iqtisodiyot subyektlarining inflyatsion kutilmalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 13,7 va 12,7%gacha tezlashdi.

So‘nggi to‘rt oy davomida bazaviy inflyatsiyaning 7% atrofida sezilarli o‘zgarishsiz shakllanayotgani, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar bazaviy inflyatsiyasining nisbatan yuqori darajalari hamda chakana savdo va xizmatlar sohasida tushumlar hajmlarining oshib borayotgani iqtisodiyotda talab omillari ta’sirining saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Yalpi talabning barqaror o‘sish sur’atlari va mehnat bozoridagi faollik mavjud inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora bermoqda. Iqtisodiyotda ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining oshib borayotgani aholi daromadlarini real hisobda oshirib, yuqori investitsion faollik sharoitida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Natijada, YIMning o‘sishi joriyi yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6−6,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlashni,
bu esa, o‘z navbatida, pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi darajalari pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iy darajada shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini oshirmoqda. Kreditlash sur’atlarining maqbul darajada o‘sishi va depozitlar o‘sishining yuqori sur’atlari umumiy talabni muvozanatlashtirib, inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini kamaytirishi kutilmoqda. O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5%lik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qat’iy darajada shakllanishi ta’minlab boriladi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda OTMlarda dual ta‘limning yangi tizimi joriy etiladi

Prezident “Oliy ta‘limda dual ta‘lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Hujjatga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan OTMlarda...

Prezidentimiz ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslarni belgilab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi...

Davlatimiz rahbari taʼlimdagi islohotlar natijalari va zamonaviy ilmiy infratuzilma bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari...

Samarqand zafaridan jahon shaxmat markazi sari: Prezidentimiz chempionlar bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, ularning yaqinlari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni Samarqandda oʻtkazilgan 46-Butunjahon shaxmat...

Maktab va oliy ta’limdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali...

Davlatimiz rahbari shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi

Qadrli o‘g‘il-qizlarim! Hurmatli ustoz va murabbiylar! Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ikki...