Matbuot xizmatiYangiliklarTibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari...

Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan yangi formatdagi “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Belgilansinki:

yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yig‘im miqdori 6 baravarga kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida undiriladi;

O‘zbekiston Respublikasiga qisqa muddatga (bir oygacha), shu jumladan, diagnostika hamda davolash amaliyotlarini bajarish, tajriba almashish dasturlari, mahorat darslari o‘tkazish va ma’ruzalar o‘qish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida kelayotgan chet el mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im bekor qilinadi;

davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Bunda, davolash muassasalari tomonidan tashrif buyuruvchilarni hisobga olish avtomatlashtirilgan maxsus dastur orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2863-son qarorida nazarda tutilgan yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan, lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilsin.

3. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlarga asosan, 2025 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga 2025 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflari ma’qullansin:

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining klinik bazalarini tashkil etib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash;

malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddatini qisqartirgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun – 5 yil, oliy toifa uchun – 7 yil etib belgilash.

5. Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli me’yoriy hujjatlarga xususiy tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablarini soddalashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

7. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.

9. Farmonning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                   Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 11 aprel

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Trade-in orqali yangi avtomashina xarid qilishda avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi

Prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan Toza havo loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan eski avtomobillarini yangisiga almashtirish istagida bo‘lgan fuqarolarga avtokreditlar uchun...

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi qoplab berilishi mumkin

Davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga uy-joy va ta‘lim xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etilishi mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori...

Oracle O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkin

AQSHning Oracle kompaniyasi O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga xizmat safari doirasida Oracle kompaniyasining...

O‘zbekistonda yangi xarid qilingan uy-joy uchun keshbek qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi

O‘zbekistonda yangi qurilgan uylardan ko‘chmas mulk sotib olinganda keshbek joriy etish taklifi ishlab chiqildi. Bu haqda 27-mart kuni Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev media-muloqotda...

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro savdo 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkaziladi

26-mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Davlat...

Yangi Toshkentdagi “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi. Maʼlumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda...