Matbuot xizmatiYangiliklarMahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi o‘g‘il-qizlarning muammosini hal etishda ko‘prik vazifasini o‘taydi

Mahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi o‘g‘il-qizlarning muammosini hal etishda ko‘prik vazifasini o‘taydi

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2022-yil 27-yanvar sonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi o‘rinbosari, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorovning «Mahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi o‘g‘il-qizlarning muammosini hal etishda ko‘prik vazifasini o‘taydi» nomli maqolasi e’lon qilindi.

Har bir davlatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda asosiy poydevor yoshlar va ularning intellektual salohiyati hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz aholisining katta qismi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlardan iborat ekanini inobatga olgan holda, mazkur qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi manfaatini himoya qilish hamda kuzatilayotgan dolzarb masalalarning nazariy va amaliy jihatdan yechimini topish kun tartibidagi muhim vazifadir.

Yosh avlod kelajagi esa hamisha O‘zbekiston siyosatining markazida bo‘lgan. Bugun ham yurtimizda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, yoshlarning kamoloti va tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiluvchi shart-sharoit yaratish uchun barcha sohada keng ko‘lamli islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda.

O‘zbekiston — haqiqiy ma’noda yoshlar mamlakati. Bu yurtda ulg‘ayayotgan yigit-qizlarning orzulari va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bisyor. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi esa ularga bu maqsadlarni amalga oshirishda ko‘mak beradi. Prezidentimizning “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovasiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”, degan so‘zlari yoshlar uchun katta marralar sari yo‘l ochdi. O‘tgan davrda yoshlarni har tomonlama qo‘llabquvvatlash maqsadida qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Ular asosida yoshlarning intilish va iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga oid rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha mustahkam tizim yaratildi. Ushbu sa’y-harakatlar davomi sifatida Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shahar va shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

Yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ishlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbusini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish yetakchilarning asosiy vazifasi sifatida qayd etildi. Navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual jihatdan kamol topishi va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, yetakchilarning o‘ziga biriktirilgan mahallalarda maqom, baxshichilik va estrada bo‘yicha tanlovlar, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda “Yosh ekolog” aksiyasini o‘tkazishi, shu bilan birga, mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish bo‘yicha musobaqalarini tashkil etishi zarurligi ta’kidlandi.

Lavozimga nomzodlar esa tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinishi, yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinishi qayd etildi.

YUNISEF, Yoshlar ittifoqi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan va “O‘zbekiston yoshlari: muammo va istiqbollar” deb nomlangan yirik tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan hisobotda O‘zbekiston 15-20 yildan so‘ng noyob demografik dividendni qo‘lga kiritishi ta’kidlab o‘tilgan.

2048-yilga borib mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni tarixiy yuqori darajaga yetishi kutilmoqda. Tabiiyki, ularning salmoqli qismini yoshlar tashkil qiladi. Hozir davlat oldidagi asosiy vazifa demografik dividendni qo‘ldan boy bermaslik hamda undan maksimal foydalanishdan iborat. Boshqacha aytganda, hukumat inson kapitaliga, ya’ni yoshlarning sifatli ta’lim olishi va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga katta hajmda investisiya kiritishi zarur. Bu kelajakda nafaqat iqtisodiyotni yuksaltirish, balki ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirish — kambag‘allik va salohiyatli kadrlar migrasiyasini qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish, xalqning turmush darajasini oshirish imkonini beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qishni bitirgach, uyda o‘tirib qolayotgan yoshlar orasida ayollar salmog‘i ancha yuqori — 51 foiz. 18 yoshdan keyin mazkur ko‘rsatkich yanada ortib, 74 foizga yetmoqda. Buning sababi qizlar oila yumushlari bilan mashg‘ulligi hamda daromad topish uchun boshqa joyga ko‘chib o‘tish imkoniyati cheklangani bilan izohlanadi. Qishloq yoshlari shaharliklarga qaraganda oliy ta’lim muassasalariga kamroq o‘qishga kiradi. Shu bois, ularda tadbirkorlikka qiziqish yuqori. Mamlakatimizda startap loyihalarga qishloq yoshlari qo‘l urmoqda. Ayollar, asosan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va qayta ishlash sanoatida band. Erkaklar orasida nisbatan ommalashgan kasblar quruvchilik va fermerlik hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yoshlar bilan muloqot faqat idoralarda yoki maktablarda bo‘lmaydi. Muloqotni uzviy ravishda yo‘lga qo‘yish uchun, birinchi navbatda, yoshlar ichiga quchoq ochib kirib borish talab etiladi. Aynan mana shunday sharoitda yoshlar yetakchisiga zarurat seziladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, 2021-yilning 1-sentabr holatiga ko‘ra, yurtimiz bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari soni 9255 tani tashkil etmoqda. Shundan 41 tasi shaharcha, 81 tasi qishloq, 164 tasi ovul, 8969 tasi mahalla fuqarolar yig‘ini hisoblanadi.

Endi tasavvur qiling, ushbu mahallalarning har birida yetakchilarning bo‘lishi mavjud vaziyatni qanchalik yengillashtiradi? O‘ylashimizcha, ular hukumat va yoshlar orasidagi masofani yanada yaqinlashtiradi, o‘g‘il-qizlar bilan ishlashning yangicha usullarini ishlab chiqqan holda jamiyat rivoji uchun ulkan hissa qo‘shadi.

Yoshlar yetakchisi ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishda turli muassasalar hamda yoshlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, ularning turli jarayonlarga moslashuviga ko‘maklashadi. Yigit-qizlarga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatgan holda Vatanga muhabbat hissini oshiradi. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish bo‘yicha muntazam tahlil qilib boradi va ish sifatini oshiradi. Shuningdek, ularning ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi.

Yoshlar yetakchisi, o‘z navbatida, davlat bilan tengqurlari o‘rtasidagi vositachiga aylanadi. U yoshlarning manfaati va muammolarini tahlil qiladi. Ularning mavjud qobiliyatidan kelib chiqib, to‘g‘ri maqsad sari yo‘naltiradi. Shuningdek, salohiyatini rivojlantirishning individual yo‘nalishini izlab topadi.

Zero, yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yurituvchi kadrlar yoshlarning ta’limga nisbatan qiziqishini aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi. Ularning tashabbusini amalga oshirishga yordam beradi. Yoshlarning o‘qishi va ta’limdagi yutuqlarini loyihalashtirish, tahlil qilish va taqdim etishga ko‘maklashadi. Yoshlar bilan ularning yutuq va qiyinchiliklarini, turli joylarda va turli tadbirlarda amalga oshiriladigan faoliyatning qay darajada samaradorligini, sinov harakatlarida samarali ishlashga ta’sirini tahlil qiluvchi tadbirlarni o‘tkazadi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun jihatidan bevosita ularga naqadar daxldor ekanini anglaymiz. Zero, har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi, albatta, davlatning yetakchi kuchi hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

Xayrulla SATTOROV,

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi o‘rinbosari,

“YOSHLAR — KELAJAGIMIZ” jamg‘armasi ijrochi direktori

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Ayrim o‘qituvchilarga avia va temiryo‘l chiptalari uchun chegirma berish rejalashtirilmoqda

Chegirma yuqori reytingdagi maktab, texnikum va OTM pedagoglariga yiliga bir marta taqdim etiladi. Transport vazirligi pedagoglar uchun avia va temiryo‘l chiptalariga chegirma berishni nazarda tutuvchi hukumat qarori...

O‘zbekistonliklar Qurbon hayitida necha kun dam oladi?

Bu yil Qurbon hayiti 27-may — chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Shu bois o‘zbekistonliklar ketma-ket 5 kun dam oladi. O‘zbekistonliklar Qurbon hayiti munosabati bilan ketma-ket 5 kun...

O‘qituvchilar farzandlari uchun kontraktga 30% chegirma berish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda davlat OTMlarida o‘qiyotgan o‘qituvchilar farzandlari uchun kontraktga chegirma berish rejalashtirilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Chegirma kelasi o‘quv yilidan...

O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan ilmiy sun’iy yo‘ldoshni 2027-yilda uchiradi

O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar qo‘shma ilmiy sun’iy yo‘ldoshni 2027-yilda uchiradi. Bu haqda 13-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekkosmos agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov ma’lum...

O‘zbekistonda ipoteka subsidiyalari ikkilamchi bozorga ham berilishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori uchun ham ipoteka kreditlariga subsidiya ajratishni istisno qilmayapti. Bu haqda 12-may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi,...

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1% bo‘lishi mumkin

Deputatlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi. Hujjat...