Davlatimiz rahbarining 2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani “Innovatsion hudud” ga aylantirilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Oltiariq tumanidagi o‘rganishlari davomida «Qapchug‘ay» MFY hududida tadbirkorlarning mazkur yo‘nalishdagi loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab tumanning 2021-yil yakuni bo‘yicha erishilgan ko‘rsatkichlari va 2022-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan innovatsion loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Sektorlar kesimida joriy yil davomida rejalashtirilgan loyihalarning kamligi viloyat rahbarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Loyihalarni qayta ko‘rib chiqish, ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham alohida ish olib borish topshirig‘i berildi.
Shundan so‘ng tadbirkorlar o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Xususan, Qo‘shtepa, Oltiariq tumanlari va Marg‘ilon shahrida sinovdan o‘tkazilayotgan aqlli svetoforning afzalliklari haqida ma’lumot berildi.
Yosh tadbirkor Jasur Mahmudov har biri 32 million so‘mga teng bo‘lgan transformator va transformator shitlari ishlab chiqarmoqda, Rahmatjon Erkaboyev svetofor va yo‘l chiroqlarini doimiy elektr energiyasi bilan ta’minlovchi generatorlarning qulayliklari haqida tushuntirdi. “Mikro GES”, yuqori o‘tga chidamli g‘isht, baliq chiqindisidan ozuqalar, baliq yog‘i, soya yog‘i, biogumus, issiqlik tejovchi qoplamalar hamda temir beton ishlab chiqarish loyihalari ham viloyat rahbarining e’tiborini tortdi.
Loyihalar bilan tanishar ekan viloyat hokimi yer maydoni so‘rab murojaat qilgan tadbirkorlarga kichik sanoat zonalaridan maydon ajratish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.