Matbuot xizmatiYangiliklarTibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari...

Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan yangi formatdagi “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Belgilansinki:

yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yig‘im miqdori 6 baravarga kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida undiriladi;

O‘zbekiston Respublikasiga qisqa muddatga (bir oygacha), shu jumladan, diagnostika hamda davolash amaliyotlarini bajarish, tajriba almashish dasturlari, mahorat darslari o‘tkazish va ma’ruzalar o‘qish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida kelayotgan chet el mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im bekor qilinadi;

davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Bunda, davolash muassasalari tomonidan tashrif buyuruvchilarni hisobga olish avtomatlashtirilgan maxsus dastur orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2863-son qarorida nazarda tutilgan yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan, lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilsin.

3. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlarga asosan, 2025 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga 2025 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflari ma’qullansin:

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining klinik bazalarini tashkil etib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash;

malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddatini qisqartirgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun – 5 yil, oliy toifa uchun – 7 yil etib belgilash.

5. Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli me’yoriy hujjatlarga xususiy tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablarini soddalashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

7. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.

9. Farmonning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                   Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 11 aprel

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Mahalla yettiligi joylashadigan binolar 7 yilgacha yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi

Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming kvgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Avvalroq prezident raisligida mahalla tizimini yana-da takomillashtirish va joylarda...

O‘zbekistonda 2026-yilda davlat suv kadastri joriy etiladi

Suv hisobi platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblab boriladi va iste’molchilarga elektron tarzda yetkaziladi. Shavkat Mirziyoyev 13-oktabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv...

O‘zbekiston Osakadagi butunjahon ko‘rgazmasida oltin medalni oldi

Yaponiyada tashkil etilgan EKSPO butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston paviloni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy mukofotga - «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi....

Yoshlarga 2+6 dasturi asosida til o‘rganish uchun subsidiya beriladi

Hududiga qarab to‘lovlar oyiga 812 ming so‘mgachani tashkil etadi hamda subsidiya yarim yil davomida beriladi. Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun...

O‘zbekistonda “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun eskirgan va uni qayta ko‘rib chiqish kerak — prezident

Qayd etilishicha, favqulodda hodisalarning 70% dan ortig‘i aholi uylarida asboblarning nosozligi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir bo‘lmoqda. Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni favqulodda vaziyatlarning oldini...

O‘zbekistonda kutilayotgan inflyatsiya yillik eng past ko‘rsatkichga — 12% ga yetdi

Shu bilan birga, biznesning narxlar o‘sishi bo‘yicha median prognozi avgust oyidagi pasayishdan so‘ng yana ko‘tarildi. O‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari sentyabr oyida yillik minimumni qayd etdi. Bu haqda...