Matbuot xizmatiO‘zbekistonda ilgari daromadsiz bo‘lgan 73 ming oila ish haqi olmoqda — London...

O‘zbekistonda ilgari daromadsiz bo‘lgan 73 ming oila ish haqi olmoqda — London Post

O‘zbekiston hukumati 2017-yildan beri ijtimoiy himoya qamrovini kengaytirib, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirmoqda. So‘nggi yillarda “Inson” markazlari orqali 600 mingdan ortiq oila ijtimoiy xizmatlardan foydalandi, kam ta’minlangan oilalarning o‘rtacha daromadi esa ikki barobarga oshdi. London Post portali mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan islohotlar samarasi haqida maqola e’lon qildi.

2022—2026-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”da kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish vazifasi belgilangan edi. 2023-yilga kelib, yangi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” jamoatchilik xizmatlari markazlari tomonidan 2,3 millionga yaqin muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatildi, bu 2017-yilga nisbatan qariyb to‘rt baravar ko‘p. Pensiya va asosiy nafaqalar ham oshirildi. Masalan, pensiya va nogironlik nafaqalari islohotlardan oldingi davrga nisbatan 1,5 barobarga ko‘tarildi.

Har bir hududda faoliyat yuritayotgan “Inson” markazlari orqali jamoat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu markazlar fuqarolarga nafaqa va xizmatlardan foydalanish uchun murojaat qilishda yordam beradigan “yagona darcha” vazifasini bajaradi. “Inson” markazlari arizalarni to‘ldirishda shaxsiy yordam ko‘rsatadi va ma’lumot beradi.

Shuningdek, nogironlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlashni boshqarish uchun g‘amxo‘rlikka muhtoj shaxslarning yangi reyestri tashkil etildi. 2023-yilga kelib unda 17 800 ga yaqin shaxs ro‘yxatga olingandi.

“Ushbu o‘zgarishlar — ‘Inson’ markazlari, yagona reyestr, maqsadli ro‘yxatlar va ish yuritish tizimi — birgalikda O‘zbekistonning avvalgi tarqoq tizimidan ancha ustun bo‘lgan zamonaviy ijtimoiy himoya tizimini ifodalaydi”, deyiladi maqolada.

Xalqaro hamkorlar ham bu islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jahon banki bu jarayonda yetakchi rol o‘ynadi. U 2018–2021-yillar davomida ish o‘rinlari, boshqaruv va ijtimoiy siyosatdagi tarkibiy islohotlarni moliyalashtirish uchun 2,1 milliard dollar hajmda siyosatga asoslangan kreditlar ajratdi.

2024-yil o‘rtalarida bank aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yaxshilash uchun qo‘shimcha 100 million dollarlik “INSON” loyihasini ma’qulladi. Ushbu loyiha doirasida 50 dan ortiq jamoatchilikka asoslangan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi va xizmat ko‘rsatish 50 000 ga yaqin odamni (jumladan, keksalar, nogironlar va bolalarga) qamrab oladi.

2024-yil 1-noyabrda boshlangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida oilalar 7 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanmoqda:

  1. barqaror bandlikni ta’minlash va yuqori daromad darajasiga erishish;
  2. ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatidan foydalanish;
  3. kafolatlangan davlat tibbiy xizmatlaridan foydalanish;
  4. ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati;
  5. uy-joy sharoitlarini yaxshilash;
  6. davlat tomonidan mahalla infratuzilmasini rivojlantirish;
  7. davlat sektori vakillari bilan bevosita aloqa va muloqot o‘rnatish.

600 mingdan ziyod oila bandlik va daromadni oshirishga qaratilgan 1,3 million ijtimoiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu oilalar a’zolari ham 2,2 milliondan ortiq kafolatlangan tibbiy xizmatdan foyda ko‘rdi.

  •  Ijtimoiy yordamni kengaytirish

Doimiy parvarishga muhtoj shaxslarga xususiy tashkilotlar orqali xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi. Bunga uy-ro‘zg‘or ishlari, uyda va tashqarida parvarish qilish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya hamda shaxsiy yordamchi ko‘magi kiradi. Hozirda 13,8 ming kishi, ya’ni parvarishga muhtoj bo‘lganlarning 76 foizi, xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgan shunday xizmatlardan foydalanmoqda.

Prezident farmoniga asosan 2030-yilga kelib, ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchilar soni yiliga kamida 3 million fuqaroga yetishi, shu bilan birga nodavlat sektor tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushi 30 foizgacha oshishi kutilmoqda

  •  Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar samarasi

Qamrov: “Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturi doirasida Kambag‘al oilalar milliy reyestri tashkil etildi. Bugungi kunda 667 ming oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, ular taxminan 2,8 million kishini tashkil etadi.

Samaradorlik: 2025- yilning dastlabki to‘qqiz oyida ro‘yxatga olingan oilalarning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadi deyarli ikki barobarga oshib, oyiga 174 ming so‘mdan 338 ming so‘mga yetdi. Ilgari daromadsiz bo‘lgan 73 ming oila endi rasmiy ish haqi olmoqda. Xuddi shu davrda 150 ming oila kambag‘allikdan chiqishga erishdi, shundan 105 mingtasi (70 foizi) buni asosan rasmiy bandlik daromadlarining oshishi hisobiga amalga oshirdi.

Barqarorlik: maqsadli yordam ko‘rsatishni ta’minlash uchun oilalar uch guruhga bo‘linadi.

  • Qizil — parvarishga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, boquvchisi bo‘lmagan yoki yolg‘iz ota-ona boshchiligidagi oilalar;
  • Sariq — mehnatga layoqatli a’zolari bor, biroq barqaror daromad va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan oilalar;
  • Yashil — kambag‘allikdan chiqqan, lekin qayta tushib qolish xavfi ostida qolgan oilalar.

Ushbu tasnif tabaqalashtirilgan chora-tadbirlarni qo‘llash imkonini beradi. Masalan, “qizil” oilalar ustuvor parvarish va ijtimoiy yordam oladi; “sariq” oilalar bandlik va o‘qitish dasturlari bilan qamrab olinadi; “yashil” oilalar esa qashshoqlikka qaytishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardan foydalanadi.

Agentlik tomonidan nogironligi bo‘lgan bolalarga kunduzgi parvarish xizmatlari, keksalar uchun esa “Faol hayotga qadam” dasturi yo‘lga qo‘yildi. Bu ularning oila a’zolariga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga yordam beradi.

  •  Inson kapitaliga investitsiya kiritish

Hozirda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning ta’lim olishi va rivojlanishi bilan bog‘liq xarajatlarning 90 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan subsidiyalanadi. 2025-yilda kambag‘al oilalarning 125 000 nafar farzandi maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

“Bu esa ijtimoiy himoya tizimlari kambag‘allikni qisqartirishga bilvosita, ammo sezilarli hissa qo‘shishi mumkinligini ko‘rsatadi”, deyiladi maqolada.

Toshkent viloyati “Ezgulik” mahallasida yashovchi Olima Almatova agentlik ko‘rsatgan yordami bo‘yicha o‘z hikoyasi bilan bo‘lishdi.

Turmush o‘rtog‘im kon kombinatida 40 yil ishladi, ammo kasal bo‘lib qolgach, ishini davom ettira olmadi. Uning uchun odamlar taklif qilgan har qanday ishni bajardim. Shifokorlar yurak qon tomirlarga stend qo‘yishni tavsiya etishganda, rad etib: “Qo‘lingizdan kelgan yordamni oilamga bering. Men umrimni yashab bo‘ldim, 67 ga kirdim. Ko‘p narsani ko‘rdim, taqdir nima keltirsa, rozi bo‘laman. Menga stendlar kerak emas. Faqat oilamga ozgina yordam berishingizni so‘rayman”, dedim.

Prezident qarori asosida yordam kelganida, quvonchimni so‘z bilan ifodalay olmayman. “Ey Xudoyim, haqiqatan ham eshigimni ochgani kimdir kelibdi-ku”, dedim. Ular kelib, yordam qo‘lini cho‘zdi. Bodring va pomidor ekdik, tez orada pul kela boshladi. Prezidentdan juda minnatdormiz. Bitta oilani boqish qiyin, u esa millionlab odamlarga g‘amxo‘rlik qilmoqda. Qiyin ahvolga tushib qolgan va muhtoj kishilarga bunday yordam kuch-quvvat bag‘ishlaydi, quvonch keltiradi va ularni olg‘a intilishga undaydi, deydi u.

Maqolada Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmasligi ta’kidlangan. Ular daromad olish imkoniyatlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi, shu orqali mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga bevosita hissa qo‘shadi, deyiladi maqolada.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Markaziy bank yil yakuni bilan iqtisodiyot 7−7,5% atrofida o‘sishini kutmoqda

Shu bilan birga, prognozlar umumiy inflyatsiya 2025-yilda 7,3% atrofida bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Markaziy bank boshqaruvi 11-dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror...

Talabalar uchun poyezd chiptalariga 50% chegirma e’lon qilindi

Undan 18-dekabrdan 12-yanvargacha amalga oshiriladigan mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlar uchun foydalanish mumkin. Talabalar uchun poyezd chiptalariga chegirma e’lon qilindi. Bu haqda O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi matbuot xizmati xabar bermoqda. Mamlakat oliy ta’lim...

Kambag‘allikni qisqartirishda har bir oila uchun individual reja ishlab chiqish kerak — prezident

Mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda ularning muammolari va o‘sish nuqtalarini aniqlash topshirildi Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan...

Kelgusi 2 yilda ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlashga 2 trln so‘m ajratiladi

Taʼsischisi yoki rahbari ayol bo‘lgan kompaniyalarga 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi. Prezident xotin-qizlarning kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaytirilishi bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy...

2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli kredit beriladi, ayrim texnikalarga boj bekor qilinadi

Shuningdek, ularga sug‘orish nasoslariga quyosh panellari o‘rnatish va elektr xarajatlari uchun kompensatsiyalar ajratiladi. 2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilar uchun yangi imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqda 2-dekabr kuni...

Bog‘dorchilik xo‘jaliklariga intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 14% li imtiyozli kredit beriladi

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizining bir qismi va qadoqlash xarajatlarining 50%i qoplab beriladi. Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib...