Dastur doirasida 15−16 sentabr kunlari onlayn “workshop” bo‘lib, unda biznes farishta bo‘lish jarayoni, investitsiya mezonlari haqida ma’lumot beriladi.
IT Park Uzbekistan va StartupBase “Uzbekistan Angels Program” dasturini ishga tushirdi.
Dastur tadbirkorlarga mamlakatda ilk biznes farishtalaridan (angel investors) biri bo‘lish imkoniyatini beradi.
Uning doirasida 15−16 sentabr kunlari onlayn “workshop” bo‘lib o‘tadi. Unda biznes farishta bo‘lish jarayoni, investitsiya mezonlari va xalqaro tajribalar haqida ma’lumot beriladi.
Ma’ruzachilar qatorida IT Park maslahatchisi Usmon Rahimjanov va Doha Tech Angels vakili Tohirjon Mirzajonov ishtirok etadi.
Biznes farishta — bu o‘z mablag‘ini istiqbolli startaplarga kiritib, ularning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan investor. U faqat moliyaviy ko‘mak beribgina qolmay, balki o‘z tajribasi, bilimlari va biznes aloqalari bilan ham yordam beradi.
Dasturdan so‘ng hududlarda offline uchrashuvlar ham rejalashtirilgan. Ishtirok etish bepul, faqat havola orqali qisqa so‘rovnomani to‘ldirish yetarli hisoblanadi.