Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 13-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlarining savdo va investitsiyalar vazirlari kengashining birinchi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yig‘ilish davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining savdo va investitsiya vazirlari o‘zaro savdoni rivojlantirish va sanoat integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan kompleks choralarni muhokama qildi.
Tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratish, Made in Central Asia brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarish maydonlarini shakllantirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va yirik investorlarni infratuzilma hamda sanoat loyihalariga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdosi barqaror sur’atlarda o‘sib bormoqda. Agar 2017-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 6,9 milliard dollarga yetdi. Xususan, Qozog‘iston bilan savdo hajmi 4 milliard dollarga yaqinlashmoqda, Qirg‘iziston bilan – 700 million dollarga, Tojikiston bilan 570 million dollardan oshgan, Turkmaniston bilan esa so‘nggi besh yilda savdo ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 1,15 mlrd dollarga yetdi. Ozarbayjon bilan savdo aylanmasi esa yil boshidan buyon 13 foizga o‘sgani qayd etildi.
Yig‘ilish davomida bojxona va chegara tartib-taomillarini yanada optimallashtirish, transport-logistika infratuzilmasini uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarish zanjirlarini birlashtira oladigan sanoat hablarini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xomashyo va texnologik imkoniyatlarni birgalikda o‘zlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari alohida muhokama qilindi.
“Gazeta”ning yozishicha, yig‘ilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 2026-yilda Samarqandda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon investitsiya forumini o‘tkazishni taklif etdi.
Yig‘ilish yakunida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, kooperatsiya va qo‘shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, shuningdek, investitsiyaviy o‘zaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratishga oid asosiy kelishuvlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma kommyunike imzolandi.
