Bu qaror shu vaqtgacha mamlakatda qog‘ozda topshirilgan test javoblarining internetga sizdirilishi fonida qabul qilingan.
Joriy yilning 11-iyulidan boshlab O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish to‘xtatiladi. Bu haqda O‘zbekistonda IELTS imtihonini oluvchi IDP (Edu-Action Centre) markazi ma’lum qildi.
Tashkilotga ko‘ra, bu qaror operativ sabablarga ko‘ra qabul qilingan hamda endilikda nomzodlar faqat kompyuter orqali test sinovlaridan o‘tishlari mumkin.
Shundan kelib chiqib, 11-iyuldan keyin qog‘oz shakldagi imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tgan hamda to‘lovlarni amalga oshirgan nomzodlarga kompyuter orqali (IELTS on Computer) imithon topshirish yoki to‘lovni to‘liq qaytarib olish tavsiya etilmoqda.
Bu holat shu vaqtgacha qog‘ozda topshirilgan test javoblarining internetga sizdirilishi fonida yuz berdi. 17-iyun kuni IDP imtihon markazi o‘zining tarmoqlardagi sahifasida so‘nggi paytlarda test materiallarining noqonuniy savdosi avj olganini ochiqladi.
Gazeta’ga ma’lum bo‘lishicha, imtihon tizimi O‘zbekistonda qog‘oz shaklidagi test sinovlari taqdiri nima bilan yakunlanishi haqida aniq xulosaga kelmagan.