Motivatsion treninglar, biznes va muvaffaqiyat sirlari: Namangan viloyatida «Biznes marafon» loyihasi bo’lib o’tdi
? Namangan shahridagi yoshlar ziyo maskanida o’tkazilgan tadbirda taniqli tadbirkorlar – Hasan va Husan Mamasaidovlar, Firuz Allaev, Jahongir Po’latov yosh tadbirkorlar va soha qiziquvchilariga o’z tajribalari asosida nutq so’zladi.
? Uchrashuvda 500 dan ortiq yigit-qizlarning ishtirok etgani, yurtimizda tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar safi kengayib borayotganidan dalolatdir.
? Namanganlik yoshlar uchun loyiha kelajakda yangi marralarni zabt etishlarida turtki bo’lishiga ishonamiz.
“Biznes marafon” tadbirkorlikka qiziquvchi Sirdaryolik yoshlarni o’z atrofida jamladi
Guliston shahridagi viloyat musiqali drama teatri hamda Xovos tumani Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida o’tkazilgan tadbirda Hasan, Husan Mamasaidov, Laziz Adhamov, Firuz Allaev, Temurbek Adhamov, Jahongir Po’latov kabi muvaffaqiyatli tadbirkorlar o’z tajribalarini ishtirokchilar bilan bo’lishdilar.
Shuningdek, qatnashchilarni qiziqtirgan tadbirkorlikka oid savollariga javob berib, ularga o’z tavsiyalari bilan berdilar.
Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish maqsadida qulay shart-sharoitlar yaratish O‘zbekiston hukumati uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Buni hayotga tadbiq etish esa o‘z biznesini boshlash niyatida bo‘lgan yoshlar uchun imtiyozlar, kichik biznes subyektlariga maqsadli subsidiyalar yoki har bir mintaqada kafolat mablag‘lari joriy etish kabi tizimli strategiyalar orqali amalga oshadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yoshlar biznesini rivojlantirish uchun ko‘plab dasturlarni yaratish nafaqat idoraviy darajadagi hokimiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishi, balki mintaqaviy tuzilmalarni ham qamrab olishi talab etiladi. Binobarin, ushbu strategiya mamlakatda barqaror ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga ko‘maklashib, davlat rivoji hamda ravnaqi uchun zarur omil sifatida xizmat qiladi.
Zero, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabr kuni parlamentga murojaat bilan chiqish qilib, o‘z nutqida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash dolzarb ekanligi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tgani va 2021-yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilishni taklif qilgani, shuningdek, O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqida davomida ham yoshlarni “O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” deb ta’riflagani bejiz emas. Yoshlar mamlakatdagi biznes muhitini shakllantirishda, shuningdek, raqobatbardoshlik ko‘rsatkichini oshirishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Ular jamiyatning eng faol qismi sifatida yuqori tadbirkorlik salohiyatiga ega va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish hamda yangi kichik biznes kompaniyalarini yaratish, qo’shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishiga o‘z hissalarini qo‘shadi.
Bugungi kunda respublikamizda 230 mingga yaqin yosh tadbirkor va fermerlar, mohir hunarmandlar faoliyat olib bormoqda. Ularning safi yanada kengayishi uchun davlat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Faqatgina “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida yosh avlod vakillarining 8 000 ga yaqin biznes loyihasiga 1 trillion 630 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi, natijada 40 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi. Davlat dasturi doirasida ishlab chiqarish sohasida 841,8 mlrd. so‘mlik 3 987 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 658,8 mlrd. so‘mlik 3 123 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 329,4 mlrd. so‘mlik 1 521 ta loyiha realizatsiya qilindi. Kredit olib o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar tomonidan 4 mln. 630 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilinishiga erishildi hamda ushbu yosh tadbirkorlar tomonidan davlat budjetiga yiliga o‘rtacha 100 mlrd. so‘mga yaqin soliqlar ko‘rinishidagi tushumlar amalga oshirildi. Shuningdek, Davlat dasturi doirasida yoshlarning jami 28,8 mlrd. so‘mlik 56 ta loyihalariga Jamg‘arma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga ko‘maklashildi.
Oxirgi 2 yilda ichida hududlarda jami 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari hamda 202 ta “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari foydalanishga topshirilgan va ularda jami 2 380 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Qishloq joylarida esa “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasining amalga oshirilishi natijasida 65 mingga yaqin yosh dehqonlarga 54 ming gektardan ziyod yer ajratib berildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, yoshlar tadbirkorligi zamonaviy jamiyat manfaatlarining markazida bo‘lib, butun aholining hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari yosh tadbirkorlar ishtirok etadigan mahsulotlar va xizmatlarning cheksiz oqimisiz qanotidan ayrilgan qush kabi yanada yuksak cho‘qqilarni zabt etishdan mosuvo bo‘ladi. Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligi ixtirochilik va innovatsion faoliyatni rivojlantiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, asosiy g‘oyalar va ixtirolar aksariyat hollarda yirik korxonalar va o‘z biznesini muvaffaqiyatli olib borayotgan hamda mustahkam o‘ringa ega bo‘lgan tadbirkorlarga qaraganda yoshlar faoliyatidan kelib chiqadi. Innovatsion muhitda tarbiyalanayotgan yoshlarning keng ma’nodagi ijodkorligi kelajakda iste’molchilar uchun yangi mahsulotlar, shuningdek, xizmatlar taklif etilishiga zamin yaratadi.
“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi yuqoridagi kabi kelajak yaratish uchun o‘z hissasini qo‘shib, yoshlarga har tomonlama ko‘mak berishda davom etadi.
Bugun Yoshlar ishlari agentligi Press klubida Yoshlar ishlari agentligi, Biznes-ombudsman, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi kabi tashkilotlar o‘rtasida, yosh tadbirkorlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida hamkorlik kelishuvlarii bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov, O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Dilmurod Qosimov va “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori Xayrulla Sattarovlar o‘z chiqishlari orqali ishtirok etishdi.
Me’yoriy hujjatlar imzolanib bo‘lingach, savol-javob shakliga o‘tildi. Unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
“Dunyoni boshqarish san’ati haqida o‘ylagan har bir inson imperiyalar taqdiri yoshlar tarbiyasiga bog‘liqligini biladi”, deya ta’kidlagan edi Aristotel. Darhaqiqat, necha ming yil oldin aytilgan ushbu so‘zlar hamon o‘z quvvati hamda og‘irligini yo‘qotganicha yo‘q. Zero, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
Shu ma’noda, O‘zbekistonda ham yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Birinchi Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatda yoshlar huquqlari himoyasini kafolatlaydigan huquqiy va institutsional baza yaratildi. “Ta’lim to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida” va boshqa ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Ularda yoshlarning zamonaviy o‘zgaruvchan jamiyat sharoitida hayotga moslashishi, jamiyat oldidagi mas’uliyatini anglagan fuqarolarni tarbiyalash uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, psixologik va pedagogik shart-sharoitlar yaratish ifoda etildi.
Shunga qaramay, yuqori texnologiyalarning jadal rivojlanishi, globallashuvning tobora kuchayib borayotgan muammolari, mamlakatimizning jahon iqtisodiyotiga izchil integratsiyasi oldimizga yosh kadrlar tayyorlash darajasi va sifatini hamda ularning huquqiy madaniyatini izchil oshirib borish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash kabi vazifalarni qo‘ydi. Bu, o‘z navbatida, yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish zarurligini taqozo etdi.
Mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlandi, eng muhimi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika idoralararo kengashi shakllantirildi. Bu yoshlar yangi bosqichga ko‘tarilayotgani va barcha umidlar yosh kadrlarga bog‘langanligi to‘g‘risidagi darakchidir. Yosh hokimiyat vakillari hokim o‘rinbosarlari lavozimlariga tayinlana boshladi. Yaqingacha davlat organlarida ishlaydigan yosh mutaxassislarning ulushi juda past edi, ammo so‘nggi kuzatuvlarga ko‘ra, keskin o‘sish kuzatilmoqda, buni esa e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Prezident Shavkat Mirzizoyevning 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida to‘g‘risida”gi farmoni esa qilinajak ishlar samaradorligini oshirish borasidagi maqsadlar uchun yanada keng zamin yaratdi. Joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini ta‘minlashga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar hanuzgacha saqlanib qolganligi tanqid qilingan mazkur Farmonda yoshlar masalalari bilan bog‘liq muammolar hamda ularning yechimlari qayd etildi. Buning natijasi o‘laroq yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli ishlari amalga oshirildi. Xususan, ko‘plab yoshlarga o‘z bizneslarini tashkil etish uchun kerakli maslahatlar berildi, biznes-treninglar o‘tkazildi. Uyushmagan yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash hamda tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi chora-tadbirlar jamg‘arma miqyosida yangi bosqichga olib chiqildi. 5 ta muhim tashabbus asosida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2020 yilda yosh tadbirkorlar loyihalarini ro‘yobga chiqarish orqali yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, shuningdek, zamonaviy bilim-ko‘nikmalariga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘quv kurslari, nodavlat ta’lim muassasalari, yoshlar innovatsion markazi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq 14,8 mlrd.so‘mlik 50 ta loyiha amalga oshirildi. Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida fitnes klub, kichik futbol maydonlari, sog‘lomlashtirish maskanlari, trenajor zallari faoliyati yo‘lga qo‘yish uchun 18,3 mlrd.so‘mlik 81 ta loyiha, aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan internet klublar, kompyuter xizmatlari faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq 8,9 mlrd.so‘mlik 78 ta loyiha, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan zamonaviy Book cafe, nashriyot, kutubxona, kitob olami loyihalari faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq 900 mln.so‘mlik 7 ta loyiha ijrosi ta’minlandi. Shuningdek, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, imtiyozli kredit ajratish orqali ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yosh ayol tadbirkorlarning 78,7 mlrd.so‘mlik 437 ta loyihasining amalga oshirilishiga zamin yaratildi.
Shuningdek, jamg‘arma tomonidan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatni munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, aniq maqsad sari intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash, yoshlarning intelektual va ijodiy salohiyatini namoyish qilish, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida yangi loyiha hamda tashabbuslar rejalashtirilgan. O‘z oldilariga ulkan yutuqlarga erishishni maqsad qilib qo‘ygan yoshlar bilan ishlash esa hamon davom ettirilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, jamg‘arma kelgusida ham yoshlarning tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda, yoshlarni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratishda, ish o‘rinlari yaratishda va yoshlar bandligini ta‘minlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.