Matbuot xizmatiYangiliklarShaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga

Qadrli shaxmatchilar!

Aziz farzandlarim!

Avvalo, siz, azizlarni va sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli xalqimizni mamlakatimiz hayotida ulkan quvonchli voqea – Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida har tomonlama munosib ishtirok etib, Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sizlar dunyoning manaman degan shaxmat ustalari ishtirokida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan, 188 ta jamoa ishtirok etgan ushbu eng nufuzli shaxmat musobaqasidagi ulkan g‘alabangiz bilan mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifani ochib berdingiz.

Butun xalqimiz dunyodagi ana shu musobaqalarda sizlarning har bir bahsingizni “oynai jahon” va Internet orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi.

O‘z navbatida, intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yosh shaxmatchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin g‘alabalarni tortiq etdilar.

Hech shubhasiz, sizlarning bu ulkan g‘alabangiz Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik shonli bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi o‘g‘lonlarimizning iste’dodiga butun dunyo yana bir bor tan berdi.

Ayniqsa, Jahongir Vohidovning so‘nggi o‘yindagi g‘alabasi terma jamoamizning tarixiy g‘alabasini ta’minladi.

Shuni alohida g‘urur bilan ta’kidlash kerakki, sportning shaxmat turida butun dunyoda nom chiqargan Hindiston, AQSH, Armaniston, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar vakillari ishtirok etgan ushbu olimpiadada terma jamoamiz a’zolari har tomonlama munosib ishtirok etib, bironta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchramadi.

Sizlar shu tariqa o‘zbek shaxmat maktabining shon-shuhratini yuksak bosqichga olib chiqdingiz. Sizlar kabi azmu shijoatli, vatanparvar yoshlar eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

Mana shunday zukko va katta salohiyatli o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ota-onalaringiz va ustozlaringizga chin yurakdan tashakkur izhor etaman.

O‘zbekistonning shaxmatchi qizlari ham ushbu xalqaro musobaqada munosib ishtirok etib, o‘zlarining salohiyati baland ekanini yaqqol namoyish qildilar. Shu o‘rinda ularga  ham chin qalbimdan tasanno aytaman.

Bugun g‘olib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda  chinakam fidoyilik ko‘rsatgan terma jamoamizning tajribali murabbiylari Ivan Sokolov, Vladimir Yeginga ham o‘zimning chuqur minnatdorligimni bildiraman. 

Sizlarning bugungi misli ko‘rilmagan g‘alabangiz yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sport, xususan, shaxmat sohasiga berilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin amaliy natijasidir.

 Ishonchim komilki, 2026 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari munosib ishtirok etib, yuqori marralarni zabt etadi.

Yuksak g‘alaba yana bir bor barchangizga muborak bo‘lsin, aziz farzandlarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi xalqaro instituti tashkil etiladi

“Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim...

Maktablarda 100 mingdan ortiq bepul to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

“Maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari: 2025-yil 1-sentabrga qadar mahalliy...

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etdi

O‘zbekistonda 2022-yil yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yil shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaydi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabariga ko‘ra, 2022-yil...

Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori Zamonaviy bilim olish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar egallash istagida bo‘lgan yoshlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ulg‘ayib kelayotgan...

Ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 avgust kuni davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Aslida, bu so‘nggi...

2022/2023 oʻquv yili uchun test sinovlari 8-avgustdan boshlanishi, imtihonlar 10 kundan 13 kungacha davom etishi rejalashtirilgan

Joriy oʻquv yili uchun test sinovlari hozirgi vaqtda loyiha sifatida tegishli tashkilotga kiritilgan. Yaʼni OOʻYuga kirish test imtihonlarini 8-avgustdan boshlash rejalashtirilmoqda. Imtihonlar 10 kundan 13...