Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi.
Har bir millatning o‘z Vatani, oilasi bo‘lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo‘ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddasdir.
Hattoki, go‘dak ham o‘z vatanini, ota-onasini, dunyoni o‘z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos bo’lganidek, insonning hayotda o‘z o‘rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o‘rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar.
Til inson vujudida qon-qoniga singib oqadi. Jamiki ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg‘u, mehr-muhabbat alanga oladi.