Matbuot xizmatiYangiliklarMoliyaviy piramida qurbonlari bilmagan haqiqatlar

Moliyaviy piramida qurbonlari bilmagan haqiqatlar

Kichik sarmoya kiritish evaziga katta daromad va ko‘p foyda olishingiz mumkin deb e’tiboringizni jalb qilishayotgan bo‘lsa, bilingki bu moliyaviy piramidadir.

“Ko‘proq foyda olaman” deb firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang!

Moliyaviy piramida o‘zi nima?

Omonatlardan yuqori foiz olishni va’da berish evaziga aholidan pul olishning firibgarlik sxemasi moliyaviy piramida deyiladi. Moliyaviy piramida noqonuniy investitsiya tizimi bo‘lib, unda investorlar yangi investorlarning badallaridan daromad oladilar. Aslida oddiy odam uchun bu xuddi foydali investitsiyaday ko‘rinadi. Pullar doimiy yangi ishtirokchilarni jalb qilish evaziga beriladi. Ishtirokchilar pul tikishidan tashqari loyihaga yangi a’zolar qo‘shadi – piramida ham o‘sib boraveradi.

Hamma firibgarlar o‘z faoliyatini moliyaviy piramida, deb aytavermaydi. Ko‘pincha ular o‘zini investitsion korxona sifatida ko‘rsatadi. Yorqin va e’tiborni tortadigan nomlar bilan paydo bo‘ladi: istiqbolli biznes, yuqori texnologiyali kompaniya, innovatsion loyiha…

Moliyaviy piramida asoschilari aksiya va obligatsiyalar, kriptovalyuta va ko‘chmas mulk sotib olishni taklif qiladi. Pullarni katta, foydali qurilish va qishloq xo‘jaligiga, oltin qazib olish yoki IT-startaplariga sarmoya sifatida kiritilishiga va’da beradi.

Bugungi kunda piramidalar ko‘proq internet loyiha ko‘rinishida amalga oshirilmoqda. Lekin onlayn reklamalarda faollik qilib, potensial investorlar bilan shaxsiy muloqotni uyushtirayotgan “biznesmenlar” ham mavjud.

Piramida quruvchilari ijtimoiy tarmoqlardagi tematik guruhlarda yorqin reklama, shahar markazidan chiroyli va qulay ofislarga taklif qilishi bilan yangi a’zolarni jalb etadi.
Ko‘pchilik shunday yolg‘on va’dalarga uchib, qarshisida haqiqiy kompaniyami yoki moliyaviy “pufak”mi – farqlay olmaydi.

Moliyaviy piramidani quyidagi belgilar orqali aniqlash mumkin:

Kompaniya fuqarolardan pul jamg‘aruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishi haqida bank litsenziyasiga ega bo‘lmaydi.

Bunday kompaniyalar odatda ularning faoliyati litsenziya talab qilmasligi, ular “maxsus” faoliyat bilan shug‘ullanishini ta’kidlaydi.

Aslida esa qonun bilan tartibga solinishi kerak bo‘lgan faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun agar kompaniyaning bank yoki Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan litsenziyasi mavjud bo‘lmasa – bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Hech qanday zararlarsiz (xavfsiz) katta foyda va’da qiladi.

Tashkilot faol reklama qilinadi va bozor darajasidan ancha baland daromad va’da qilinadi.

Shu bilan birga, daromadni hisoblash sistemasi juda murakkab va tushunarsiz bo‘ladi. Hisoblashda adashtirib yuborish uchun qiyindan qiyin, uzoq formulalar beriladi. Xavf yo‘qligiga ishontiriladi.

Shuningdek, yangi mijozlar olib kelish sharti qo‘yiladi.

Jalb qilingan har bir yangi omonatchi hisobidan foyda undirib berilishi va’da qilinadi. Shunday qilib, firibgarlar imkon qadar ko‘proq odamni bu noqonuniy ishga jalb qilishga, ulardan ko‘proq pul yig‘ishga va oxir-oqibatda qochib ketishga harakat qiladi.

Tizimning shaffof emasligi.

Kiritilgan investitsiyalar tasdiqlanmaydi va pullar aynan qayerga ketishini bilishning imkoni bo‘lmaydi.

Mijozga faqat chiroyli taqdimotlar ko‘rsatiladi, moliyaviy hujjatlar esa ko‘rishga berilmaydi, chunki hujjatlarning o‘zi bo‘lmaydi ham. Pullarni kompaniya bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan rekvizitlar orqali emas, boshqa yuridik shaxs hisobiga, jismoniy shaxsning bank kartasiga, telefon raqamiga yoki elektron hamyonga o‘tkazish so‘raladi.

Yoki naqd pul ko‘rinishida to‘lash so‘raladi va to‘lov haqida chek ham, tushumni tasdiqlovchi hujjat ham berilmaydi. Natijada esa investor investitsiya kiritganini hech qanday yo‘l bilan isbotlay olmaydi.

Kompaniya saytida aloqa uchun hech qanday ma’lumot bo‘lmaydi.

Kompaniya saytida telefon raqami, e-mail, pochta manzili ko‘rsatilmaydi. Mijoz faqat chatlar yoki messenjerlar orqali operatorlar bilan bog‘lanishi mumkin yoki qayta aloqaga chiqish uchun buyurtma qoldirishi mumkin.

Kompaniya haqida boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘lmaydi. O‘zining kontakt-ma’lumotlarini faqat firibgarlargina yashiradi. Muammo yuzaga kelganida esa na jabrlanuvchi, na militsiya xodimlari ularni topa oladi.

Shu belgilardan bittasiga bo‘lsa ham duch kelinsa, ro‘parada kim turgani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur.

Yuqorida eng ommalashgan sxemalarnigina keltirdik. Ammo vaqt o‘tgan sayin piramida uslublari ham o‘zgarib, ko‘payib bormoqda.

 

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi top-10 davlatlar ma’lum qilindi

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi top -10 davlatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. 2022-yil yanvar-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Xitoy birinchi o‘rinni egallab turibdi – 7,5...

1-dekabrdan subsidiya olish uchun ariza hokimlik tomonidan ko‘rib chiqilishi bekor qilinadi

2022-yil 1-dekabrdan subsidiya olish uchun arizaning tuman (shahar) hokimligi tomonidan ko‘rib chiqilishi bekor qilinadi. Subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i...

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi

Prezidentning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi. Ma’lumki, oyna sanoat, qurilish va maishiy hayotda eng ko‘p ishlatiladigan mahsulotlardan. Xususan,...

Prezident Shavkat Mirziyoyev navoiylik yoshlar bilan muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari navoiylik yoshlar bilan muloqot qildi. - Men qayerga bormayin, ko‘proq yoshlar bilan uchrashishga harakat qilaman. Taraqqiyot strategiyamizda, hududiy dasturlarda katta maqsadlar qo‘yganmiz. Agar...

Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Navoiy shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur...

2022-yildagi ayollar uchun 22 ta eng yaxshi biznes g‘oyalar

Ayollar va biznes – betakror juftlik! Ayollar o‘zlarining kuchli masʼuliyat tuyg‘usi, aql-zakovati, qatʼiyatliligi va hamdardligi bilan biznesda o‘zining o‘rnini osongina topa oladi. Turli korxona va...