O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi salkam 16 mlrd dollarga yetdi

0

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 6,2 foizga oshgan.

2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 15,8 mlrd AQSh dollariga yetgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi hajmi 2023 yilning mos davri bilan solishtirilganda 927,9 mln AQSh dollariga yoki 6,2 foizga oshgan.

Toshkent shahri O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi tarkibida eng yuqori – 38,5 foiz ulushni egallagan.

2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston eksport hajmi qariyb 6,4 mlrd AQSh dollariga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 10 foizga ko‘p.

Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston jahonning 184 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib, tashqi savdo aylanmasi hajmini 15,8 mlrd AQSh dollariga yetkazgan.

TSAning nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (19 foiz), Rossiya (17,7 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (4,1 foiz) va Koreya Respublikasida (3,4 foiz) qayd etilgan.

O‘zbekiston mart oyida 1,35 mlrd dollarlik oltin eksport qildi

0

Mart oyida O‘zbekiston 1,35 mlrd dollarlik, yil boshidan buyon esa 2,66 mlrd dollarlik oltin eksport qildi.

2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 15,8 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan qariyb 1 mlrd dollar yoki 6,2 foizga ko‘p.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, eksport 10 foizga — 6,38 mlrd dollargacha oshdi. Import 9,44 mlrd dollargacha ortdi. Tashqi savdo taqchilligi biroz qisqardi va 3,05 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023 yilga nisbatan 232,2 mln dollarga kam.

Birinchi chorakda oltin eksporti 10,5 foizga oshib, 2,66 mlrd dollarni tashkil etdi (2023 yilning birinchi choragida 2,41 mlrd dollar bo‘lgan). Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil etadi.

Mart oyida 1,35 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi yoki fevral oyidagi bilan (1,32 mlrd dollar) deyarli bir xil miqdorda oltin eksport qilindi.

Hamkorlik uchrashuvi bo’lib o’tdi

0

19-aprel “Shakes Pear” kitoblar olamida “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi hamda Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo biznes hamjamiyati™ (CASEA-BC™) bosh direktori singapurlik Rudy Fang bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, tomonlar bir-birining faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Shundan so‘ng hamkorlik, yoshlar, xususan, yosh tadbirkorlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

Kelajakda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib olindi.

 

Tadbirkorlarga qo‘llaniladigan moliyaviy jarimalar kamaytiriladi

0

Soliq kodeksining 227−1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar miqdorini kamaytirishini nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, qo‘mita ekspertlari ishtirokida bir nechta qonunlar muhokama qilindi.

Xususan, Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan “Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Soliq kodeksining 227−1-moddasi asosida tadbirkorlarga qo‘llanilayotgan moliyaviy jarimalarni qisqartirish belgilanmoqda.

Qonun bilan fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritiladi. Mazkur huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2%ini, huquqbuzarlik takroran sodir etilganda esa uning 20%ini tashkil etadi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik maqbullashtirilishi tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratib, ularning faoliyati rivojlanishiga yordam beradi.

Shuningdek, davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun muhokama qilindi.

Qonun mamlakatda davlat mulkini tadbirkorlarga va boshqa shaxslarga ijaraga berishning qonuniyligini ta’minlashga qaratilgan. U bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Mazkur hujjatning qabul qilinishi davlat mulkidan samarali foydalanilishini, ijaraga oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Shu bilan birga, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Unda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini mustahkamlash, ularning majburiyatlari yuzasidan tegishli kasaba uyushmasining javobgarligini oshirish nazarda tutilgan.

Qonunning qabul qilinishi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini ro‘yxatga va hisobga olish yagona organ orqali amalga oshirilishini ta’minlaydi. Shuningdek, ular tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatga kirishilganda yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarligini aniq belgilashga xizmat qiladi.

Muhokama davomida qonunlarning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, qo‘mita xulosasi qabul qilindi va qonunni Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritishga kelishildi.

2022-yilning 13-iyunidan bugungi kungacha mazkur modda asosida jami 1,5 ming nafar tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanilgan. Jarima miqdori 694 mlrd so‘mni tashkil etib, shundan 39 mlrd so‘mi undirilgan.

Avvalroq “Spot” Soliq kodeksining biznesni “o‘ldiruvchi” 227−1-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida umumiy ovqatlanish sohasi vakillari munosabatini e’lon qilgandi.

O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 millionga yetdi

0

22 aprel kuni soat 03:24 holatiga ko‘ra O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 millionga yetdi.

22 aprel kuni soat 03:24 holatiga ko‘ra respublikaning doimiy aholisi soni 37 million kishini tashkil etdi.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, erkaklar soni 18,5 million, ayollar soni esa 18,3 millionni tashkil etmoqda.

2024 yilning 1 aprel holatiga respublikaning doimiy aholisi soni 36 963 262 kishini tashkil etgandi.

16 aprelga kelib bu miqdor 36 990 128 nafarni tashkil etgan. Shundan 18,5 milliondan ortiq qismini erkaklar, 18,3 milliondan ortiq qismini ayollar tashkil qildi.

1 yanvar holatiga ko‘ra, 1 km kv yer maydoniga o‘rtacha 82 nafar doimiy aholi soni to‘g‘ri keladi.

Avvalroq O‘zbekistonda hududlar kesimida doimiy aholi soni haqida ma’lumot berilgandi.

Hududlar kesimida doimiy aholi soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda – 4,2 mln kishi.